Breaking News

Yevropalik kuzatuvchilar O'zbekistondagi saylovlar bo'yicha dastlabki xulosalarini chop etdi


21-dekabr, 2014
21-dekabr, 2014

Kecha O’zbekistonda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Ularni kuzatgan yevropalik mutaxassislar tashkiliy ishlarni yuqori baholagan, ammo poygada haqiqiy raqobat va munozara bo’lmaganini qayd etgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi bu galgi saylovlarni kuzatish uchun ham cheklangan missiyasini yubordi. Atigi 20 kishidan iborat guruh xulosasiga ko’ra, parlamentdagi o’rinlarga da’vo qilgan to’rt partiya hukumatga moyil bo’lib, poygada raqobat qilish o’rniga bir-birini to’ldirib keldi.

“Biz bilan gaplashgan mutasaddilar va saylov komissiyasi vakillari bu galgi saylovlarda yosh va yangi nomzodlar ko’p bo’lganiga e’tiborimizni qaratdi. Bu bizga parlament rolini oshirishga qaratilgan ijobiy holat sifatida tasvirlandi. Lekin bu nomzodlar saylovda qatnashish huquqiga ega to’rt partiyadan chiqqan. Garchi bu partiyalar o’rtasida mafkuraviy, ijtimoiy va siyosiy farqlar bo’lsa-da, haqiqiy raqobatni ko’rmadik; ular mavjud tizim doirasida bir-birini to’ldirmoqda, xolos. Ularning hammasi hukumatni, hukumat esa ularni qo’llab-quvvatlaydi. Saylovchilarda o’zgarishlarga turtki berish uchun haqiqiy tanlov imkoni bo’lmadi”, - deydi Tomas Raymer, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi matbuot kotibi.

Yevropalik kuzatuvchilar O'zbekistondagi saylovlar bo'yicha dastlabki xulosalarini chop etdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:05 0:00

Uning aytishicha, saylov kampaniyasi davrida nomzodlar asosiy erkinliklarga doir muhim masalalarni ko’tarib chiqmadi; hukumat nazoratidagi matbuot qator cheklovlar sabab jiddiy muhokamalarga turtki bera olmadi; missiyaning oldingi tavsiyalari inkor etilib, O'zbekistonda haligacha uyushish, siyosiy partiya tuzish erkinligi yo'q; o'tgan saylovlardan beri yangi partiya tuzish harakati qayd etilmadi; saylovchilarni ro'yxatga olishning markazlashgan tizimi tuzilmadi.

Kuzatuvchilar missiyasi mustaqil nomzodlarga bu yilgi saylovlarda qatnashish man etilganini tanqid qildi.

“Nafaqat saylovchilarning huquqlari, balki fuqarolarning saylanish huquqlari ham ta’minlanishi lozim. Agar bu huquq faqat siyosiy partiyalar a’zolariga berilsa, u holda saylovda kim qatnasha olishi partiyalarning o’ziga havola bo'lib qoladi, ular hal qiladi. Aslida esa partiyaga a’zoligidan qat’i nazar fuqarolarda parlament yoki boshqa idoralarga saylanish huquqi bo’lishi kerak”, - deydi yevropalik kuzatuvchilar guruhi so’zlovchisi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, saylovchilarning 88 foizi yangi parlamentga ovoz bergan, biroq Tomas Raymerning aytishicha, bu saylovchilarning 88 foizi chiqib ovoz berdi degani emas.

“O’tgan saylovlarga qaraganda bu safar 0,2 foizga ko’p odam ovoz bergani aytilmoqda. Ammo bizning kuzatuvlarimiz shuni ko’rsatmoqdaki, ba’zi hollarda bir saylovchi bir necha odam o’rniga ham ovoz bergan. Biz kuzatgan har bir saylov uchastkasida shunga guvoh bo’ldik - turli ism-familiyalar ostida bir xil imzolarni ko’rdik. Gap ovozlar o’g’irlangani haqida ketayotgani yo’q. Kimdir shunchaki oila a’zolari uchun, do’stlari uchun ovoz bergan bo’lishi mumkin. Ammo bunday vakolatni tasdiqlovchi hujjatlarni ko’rmadik. Shunga xulosa qilib aytish mumkinki, saylovchilarning 88 foizi chiqib ovoz bermagan, balki byulletenlarning 88 foizi to’ldirilgan”, - deydi Tomas Raymer.

Cheklangan kuzatuvchilar missiyasi saylovning qanday o’tgani xususida bugun 13 sahifadan iborat dastlabki xulosalarini chop etdi. Bir necha haftadan so’ng to’liq, batafsil hisobot ham chiqishi kutilmoqda. Unda kamchiliklar bilan birga xatolarni tuzatishga qaratilgan tavsiyalar ham o’rin oladi.

"Bu galgi saylovlarda oldingi tavsiyalarning ba’zilari inobatga olinib tatbiq etildi", - deydi Raymer.

Dastlabki xulosalar ingliz, rus va o’zbek tillarida chop etildi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG