Breaking News

Yaqin Sharqning Amerikaga ahamiyati qanday?


Yaqin Sharq Amerika uchun qanchalik muhim? US/Middle East
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:55 0:00

Yaqin Sharq Amerika uchun qanchalik muhim? US/Middle East

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bilan faol shug'ullanishda davom etishi zarur. Chunki bu, deydi Kerri, Amerika iqtisodiyoti va milliy xavfsizligiga bevosita ta'sir qiladi. Yaqin Sharq Amerika uchun shu qadar ahamiyatlimi?

Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari to'xtab qolganidan olti oy keyingi davrda G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ziddiyatlar kuchaydi, Isroil G'azoni 50 kun havodan nishonga oldi.

Davlat kotibi Kerri Falastin va Isroil rahbarlari bilan vaqti-vaqti bilan uchrashib, tinchlik muloqotini jonlantirishga harakat qilmoqda. Yaqin Sharq Amerika uchun muhim, deydi u.

“Mintaqada faol bo'lishimiz lozim, chunki bu milliy xavfsizligimiz va iqtisodiyotimizga bevosita bog'liqdir", - dedi Kerri.

Vashingtondagi Kato tahlil institutidan Jastin Loganning aytishicha, Oq uy mintaqaning Amerika uchun ahamiyatini bo'rttirmoqda.

“Amerikaning Yaqin Sharqqa diqqati mintaqaning AQSh strategik manfaatlariga hamohang emas”, - deydi Logan.

Xavfsizlik bobida gapirar ekan, Kerri nazarida okeanlar Amerikani xavfdan himoya qila olmaydi.

“Mana shuning uchun ham Yaqin Sharq biz uchun muhim. U yerdagi ittifoqdoshlarimiz muhim. Isroil va ko'p arab davlatlari bilan aloqalarimiz mustahkam va ular bilan ko'p yillardan beri birga ishlab kelamiz", - deydi Kerri.

Tahlilchi Loganning aytishicha, AQSh uzoq yillar davomida Isroilni harbiy jihatdan qo'llab-quvvatlab, uni qudratli qildi va xavotirga o'rin yo'q.

“Isroil harbiy jihatdan Yaqin Sharqdagi barcha raqiblaridan ustun. Mamlakat terrorizm xavfi bilan yuzlashmoqda. Falastinliklar bilan doim janjal. Lekin bularning hech biri Isroil davlatchiligini tahdid ostiga qo'yayotgani yo'q. Biz bu xavfni oshirib ko'rsatyapmiz”, - deydi ekspert.

Uning nazarida iqtisodiy jihatdan ham mintaqaning Amerika uchun ahamiyati katta emas. Yaqin Sharq iqtisodiyoti jahon yalpi ichki mahsulotining olti fozini tashkil etadi va neftga boy hech bir mamlakat ta'minot tizimini nazorat qila olmaydi, deydi Jastin Logan.

“Eron Saudiya Arabistoni bilan, Saudiya Arabistoni esa Eron bilan raqobat qila olmaydi. Energetika xavfsizligi bobida biz uchun muammolar katta emas. Har holda yaqin kelajakda xavf ehtimoli yo'q", - deydi tahlilchi.

AQSh davlat kotibiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar o'z energetik mustaqilligini qo'lga kiritishga yaqin tursa-da, Yaqin Sharqdan yuz o'gira olmaydi.

“Fors ko'rfazida neft ta'minotining izdan chiqishi farovonligimiz va global iqtisodiyotga putur yetkazishi mumkin. Barcha mamlakatlar bu borada uzviy bog'langan”, - deydi Kerri.

Uning aytishicha, dunyoning hech bir joyida bugun xalqaro xavfsizlik asoslari Yaqin Sharqda bo'lganichalik tahdid ostida emas. Masalan, Misrdagi zo'ravonliklar butun mintaqani ostin-ustun qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG