Breaking News

Gulnora "o'margan" san'at asarlari taqdiri Shveysariya qo'lida


Gulnara Karimova (Social Media)
Gulnara Karimova (Social Media)

O’zbekiston Bosh prokuraturasi shu kunlarda oldingi prezident Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan topilgan san’at asarlari mamlakatga qaytariladi, deya bayonot berdi.

Bu asarlarni Karimovaning uyidan dastlab topgan, bu borada Shveysariya prokuraturasiga da’vo kiritgan yozuvchi Safar Bekjon fikricha, prokuratura bayonoti Karimovaga nisbatan navbatdagi jinoiy ishdan darak.

Karimovaning O’zbekistondagi uylaridan topilgan va xatlangan 12,7 milliard so’m qiymatidagi san’at asarlaridan tashqari uning Shveysariyadagi villasidan chiqqan 70 dona san’at ashyosini mamlakatga qaytarish borasida ish olib borilmoqda.

Prokuraturaga ko'ra, Karimovaning Jenevadagi uyidan topilgan san’at asarlari milliy boylik va ular Shveysariya prokuraturasi bilan hamkorlikda O’zbekistonga qaytarilishi lozim.

Gulnora Karimovaning Jenevadagi hovisi (Social Media)
Gulnora Karimovaning Jenevadagi hovisi (Social Media)

2014-yilda Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atilib, uy qamog’iga olinishi ortidan uning Jenevadagi uyiga kirgan Safar Bekjon villada O’zbekistondan olib chiqib ketilgan ko’plab noyob san’at asarlari borligini aniqlagan va jamoatchilik diqqatiga havola qilgan.

“Gulnora Karimova shu kungacha san’at asarlarini o’g’irlashda ayblanmagan edi. Hozir O’zbekiston prokuraturasiga yana bir jinoiy ish ochish kerak bo’lyapti, bayonot shuning uchun qilindi. Unda, men tomonimdan topilgan san’at asarlari haqida, asosan internetdan olingan ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari Shveysariya tomonidan bu ish bilan shug’ullanayotgan prokuror hozir ishdan chetlatilgan. Gulnora Karimovaning uyidan topilgan qimmatbaho asarlar va bu uydagi qiymati 1,5 million dollarlik avtomobillar taqdiri hozir noma’lum qolmoqda. Mashinalar qayergadir g’oyib bo’lgan, noma’lum. San’at asarlari bo’yicha esa kelishuv yo’q, men bu yerda da’vo kiritgan asosiy guvohman, bu yerda mahkama bo’lishi kerak bu borada, prokuratura esa o’zaro kelishuvga ko’ra qaytarilmoqda, deb bayonot qilmoqda. Hali bu ish bilan shug’ullangan prokurorlarning o’zi ham shubhadan xoli emas. Agar O’zbekiston tomoni bu asarlarni biror ruxsatsiz mamlakatga olib kirgan bo’lsa, bu ham noqonuniy, mahkamasiz berib yuborilishi mumkin emas. Men bu asarlar xatlovini Shveysariya prokuraturasiga topshirganman, ularni asrash, avaylash prokuratura vakolatiga o’tgan edi”, - deydi Safar Bekjon.

Karimovaning Jenevedagi uyi ham musodara qilinishi lozim mulklar ro’yxatida. "Amerika ovozi” bir muncha oldin bu borada ma’lumot bergan edi.

Safar Bekjon Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyida (arxiv)
Safar Bekjon Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyida (arxiv)

Safar Bekjonga ko’ra, ayni paytda Karimovaga tegishli villadan topilgan mulklar, san’at asarlari taqdiri, uning arizasiga ko’ra, Shveysariya parlamentida tashkil etilgan komissiya e'tiborida.

“Parlamentdagi komissiya birinchi navbatda O’zbekiston ishi bilan shug’ullanayotgan prokurorni vakolatidan chetlatdi. Hozir villadan topilgan mashinalar qayerdaligi, asarlar bilan shug’ullanmoqda. Parlamentdagi surishtiruv natijalari qanday bo’lishini kutish kerak. Bungacha bu asarlarning qiymati, hozirgi taqdiri haqida aniq fikr aytish qiyin”, - deydi Safar Bekjon.

O’zbekiston hukumati Shveysariya, Fransiya, Rossiya, Latviya va boshqa davlatlar vakolatli idoralari bilan hamkorlik evaziga Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo’l bilan qo’lga kiritilgan boyliklarni mamlakatga qaytarish uchun muayyan ishlar olib borilayotganini eslatib o’tadi.

Safar Bekjon nazarida masala O’zbekistonning o’ziga bog’liq. Gulnora Karimova davlat miqyosidagi avj olgan korrupsiya bois bir necha milliard dollar o’marishga muvaffaq bo’lgan. Bundan rahbarlar ham chetda emas. Mahkama xalqaro hamkorlar ishtirokidagi shaffoflikni talab etadi .

Gulnora Karimova o'tgan yildan beri Zangiotadagi qamoqxonada. Ayni paytda uning ustidan navbatdagi yopiq mahkama boshlangan.

Toshkent shahar jinoyat ishlar sudi Karimova va uning sheriklari davlatga tegishli korxonalarning aksiyasini arzonlashtirilgan tarzda sotib olish, davlat manfaatiga qarshi bitimlar tuzish, tadbirkorlar mulkini zo’rlik va tahdid bilan o’zlashtirishiga doir aybnomani ko’rib chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG