Breaking News

Mehnat migratsiyasi - ishchi kuchi eksporti, deydi O'zbekiston rasmiylari


Rossiyada ishlash uchun ruxsat olishga navbatda turgan muhojirlar, Sankt-Peterburg, 3-aprel, 2020
Rossiyada ishlash uchun ruxsat olishga navbatda turgan muhojirlar, Sankt-Peterburg, 3-aprel, 2020

O’zbekiston hukumatiga ko'ra, mamlakatdagi ishsizlik tufayli vujudga kelgan mehnat migratsiyasi ishchi kuchi eksportidir. Uzoq yillar hatto chet eldagi mehnatkashlarini tan olmagan davlat bugun ularga rasman iqtisodiy kuch va daromad manbai sifatida qaramoqda.

O'zbekiston 2021-yildan fuqarolarni kasb-hunarga o’qitish, mehnat migratsiyasini tashkiliy ravishda yo’lga qo’yish va bu tizim orqali xorijda ish topganlardan daromad solig’i olishni maqsad qilmoqda.

Xorijga ishga chiqayotganlar kasb-hunarga majburiy o’qitilishi nazarda tutilsa, o’zbekistonliklar uchun yangi tizimni chetlab o'tish ancha qiyinlashishi mumkin.

Mehnat migratsiyasi mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ekanini Prezident Shavkat Mirziyoyev ham tan olgan va bu uning qarorlarida aks etmoqda.

“Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy etish chora- tadbirlari to’g’risida”, deb nomlangan yangi qarorda belgilangan reja va vazifalar 2021-yildan kuchga kiradi.

Unga ko’ra, xorijga ishga ketayotgan o’zbekistonliklar mamlakatning o’zida ish kuchiga bo’lgan ehtiyojga qarab kasb-hunar va chet tili o'rganadi. Xorij davlatlari bilan hamkorlikda mehnat faoliyatiga ruxsat berish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Moskva bozorlarida
Moskva bozorlarida

Bu borada 2021-yilga qadar O’zbekistonda Rossiya Ichki ishlar vazirligi vakolatxonasi ham ish boshlashi ko’zda tutilgan.

Qarorda mehnat migratsiyasining yangi tizimini joriy etishdagi asosiy vazifalar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yuklangan. Agentlikning joylardagi hududiy bo’limlari rahbarlari tuman hokimlari yordamchilari maqomiga ko’tarilgan.

Prezident qarori 2021-yildan mehnat migratsiyasi bilan bog’liq jarayon nazoratini, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallariga umumiy rahbarlik qilishni joylardagi hokimliklarga yuklaydi.

Prezident qarori imzolanishi ortidan Toshkentda o'tgan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Odiljon Komiljonov deydiki, mehnat migratsiyasi - eksportning bir turi.

“Bu narsani shunday tushunish kerak. Migratsiya degani fuqarolarni bir yoqqa chiqarib yuborish emas, migratsiya – bu eksport, ishchi kuchi eksporti. Butun dunyoda bu narsa bor. Bu ham bizning iqtisodimizning eksport salohiyatini koʼtaradi. Bizning hozirgi maqsadimiz – ishchi kuchi eksporti salohiyatini oshirish uchun migrantlarning aqliy va ishchanlik sifatini koʼtarishdan iborat”, - deydi Komiljonov.

Bu yondashuv O’zbekistonda mehnat migratsiyasiga nisbatan rasmiy munosabat mutlaq o’zgarganidan, sobiq tuzum davrida tan olinmagan bu oqimni iqtidordagi hukumat rag’batlantirishga o'tganidan darak beradi.

Prezident qarorida mehnat migratsiyasi sohasini rivojlantirish ko'zda tutiladi.

Shu maqsadda mehnat muhojirlarining hujjatlari bilan bog’liq qulayliklar yaratish uchun Rossiyaning bir necha yirik sharlarida qo’shimcha konsullik bo’limlarini ochish, xorijiy mamlakatlarda O’zbekiston fuqarolariga muntazam yordam ko’rsatib kelayotgan shaxslarni rag’batlantirish, maslahat kengashlarini tashkil qilish, shuningdek, xorijda mablag’siz qolgan 10 mingga yaqin mehnat muhojirlarni bir martalik (40 dollar) moddiy yordam bilan ta’minlashga qaror qilingan.

Prezident Mirziyoyeving mehnat migratsiyasi haqidagi qarori asosan aksariyat o’zbekistonliklar ishlayotgan Rossiya bilan hamkorlikka qaratilgan.

O'zbekiston Senatida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hisoboti, 7-avgust, 2020
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:50:12 0:00

Shu yil avgust oyida Oliy Majlisda hisobot taqdim etgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mehnat muhojirlari muammosiga to’xtab o’tgan edi. U O’zbekiston mehnat muhojirlarining huquqlarini himoyalash uchun Rossiyaga shartnoma imzolash taklifi bilan chiqqani, ammo federatsiya uni rad etganini aytgan edi.

Rossiya hujjat imzolash o’rniga Yevrosiyo ittifoqiga a’zolik shartini surayotganini, masalaning bu “nozik” tomonini esa jiddiy mulohaza qilish lozimligini ta’kidlagan edi.

Mehnat migrasiyasini tizimli tashkil qilishni maqsad qilgan hukumat Moskva bilan bu borada qanday til topishadi, buni vaqt ko'rsatadi. Ammo so'nggi qaror mehnat muhojirlari bo’yicha hamkorlikda Rossiya bilan ayrim kelishuvlarga erishilganini ko’rsatadi. Har holda O’zbekistonda Rossiya Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati ko’rsatishga ixtisoslashgan vakolatxonasi ochilayotgani shundan darak.

Tashqi migratsiya agentligiga ko'ra, xorijda mehnat qilayotgan o'zbekistonliklar ikki millionni tashkil etadi, shundan 1,5 millioni aynan Rossiyada. Qozog'istonda 200 ming, Janubiy Koreyada 50-70 ming, qolganlar esa g'arb va sharqdagi turli davlatlarda.

Agentlikning qayd etishicha, Rossiyada yuzlab ming o'zbekistonliklar mehnat qilish bo'yicha taqiqqa uchragan va shunday tahdid ostida yurganlar ham katta sonni tashkil etadi. O'zbekiston hukumati ularga bu borada yordam berishga harakat qilmoqda, deydi rasmiylar. Bu hafta Rossiyadan 1700 mehnat muhojiri olib kelingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG