Breaking News

Karter markazi saylovchilar savodxonligini oshirish bilan band


Karter markazi AQSh saylovchilari bilan ishlamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Amerikaliklar pandemiya sharoitida prezidentlik saylovini o’tkazar ekan, Atlanta shahrida sobiq prezident Jimmi Karter tomonidan asos solingan Karter markazi saylovchilar bilimini oshirishga hissa qo’shmoqda.

1986-yil AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter va uning rafiqasi Rozalin tomonidan asos solingan Karter markazi dunyo bo’ylab tinchlik va demokratiyani targ’ib qiladi.

U shu maqsadda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida bo’lib o’tgan 110 dan ortiq saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

“Dunyo bo’ylab tinchlik uchun ishladik, lekin AQShga e’tibor bermabmiz”, - deydi sobiq prezident Jimmi Karter.

AQShdek davlatda saylovlarning qanchalik adolatli o’tganini aniqlash juda ulkan ish. Chunki 50 shtatning har biri ovoz berish va ovozlarni sanashga oid rang-barang qonunlarga ega.

“Konstitutsiyaga ko’ra, har bir shtat mustaqil va shu bois bizda saylov o’tkazishning turli yo’llari bor”, - deydi Karter.

AQSh razvedka idoralari tomonidan 2016-yilgi saylovda xorijdan aralashish yuz bergani aniqlanib, bu holat 2020-yilda yana takrorlanishi taxmin qilingach, Karter markazi mahalliy saylovlarga ham e’tibor qaratishga qaror qildi.

“Odamlar saylov jarayoni qanday o’tishini tushunsa, bu jarayonda nimalar ro’y berishi mumkinligini oldindan biladi va shu bois saylov jarayoni boshqaruviga ishonchlari ortadi”, - deydi Karter markazi vakili Averi Deyvis-Roberts.

Deyvis-Roberts Karter markazida amerikaliklarga pochta orqali erta ovoz berish tartibi haqida ma’lumot beruvchi loyihani boshqarmoqda. Pandemiya tufayli bu yil rekord darajada ko’p amerikaliklar saylov kunidan avval ovoz bermoqda.

“AQSh uchun noodatiy saylov bu. Umrim davomida bunaqasini ilgari ko’rmaganmiz. Shu bois biz uchun ham bu yangilik”, - deydi ekspert.

Karter markazi saylovlarni xavfsiz o’tkazish bo’yicha Jorjiya shtati ishchi guruhi bilan hamkorlik qilmoqda. Ular birgalikda nafaqat prezident, balki senatorlar uchun ham ovoz beriladigan saylov bo’yicha shtat rasmiylariga yo’l-yo’riq ko’rsatmoqda.

Ammo, deydi Deyvis-Roberts, Karter markazi AQSh saylovida rasmiy kuzatuvchi sifatida ishtirok etmaydi.

“Odatda, biz boshqa davlatlarda katta kuzatuv missiyasi orqali amalga oshiradigan ishni AQShda qilmoqchi emasmiz. Ya’ni saylov jarayoni xalqaro standartlarga qanchalik mos kelgani haqida umumiy bayonot bermaymiz”, - deydi u.

Shunga qaramay, Karter markazi oshkoralik va sabr qilishni targ’ib qilmoqda.

“Barcha ovozlar sanalishini, har bir ovoz hisobga olinishini xohlaymiz. Jarayon oxiriga yetguncha sabr qilishimiz kerak”, - deydi Deyvis-Roberts.

Sobiq prezident Karterning umidlari faqat saylovga ishonchni oshirish hamda saylovchilar ishtirokini ko’paytirish bilangina cheklanib qolmagan.

“Nafaqat tinchlikka, balki inson huquqlari, atrof-muhit sifati hamda qaysi dinda bo’lishidan qat’i nazar, har bir insonning teng ko’rilishiga erishishimiz kerak”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG