Breaking News

"Islomiy davlat"ga qarshi kurash to'xtamagan


"Islomiy davlat" bayrog'i hilpirab turgan ko'cha, Bag'dod, Iroq, 22-iyul, 2014
"Islomiy davlat" bayrog'i hilpirab turgan ko'cha, Bag'dod, Iroq, 22-iyul, 2014

Uch yilcha oldin AQSh yetakchiligidagi global koalitsiya Suriyada "Islomiy davlat"ni yer tishlatganidan beri unga qarshi kurash susaygandek tuyuladi. Biroq Amerika harbiy qo'mondonlarining ta'kidlashicha, to'da hamon nishonda, Afrikadan tortib Janubiy Osiyogacha.

Yetakchilaridan ayrilgan guruhga sodiq odamlar Iroq va Suriyada mafkuraviy targ'ibotni davom ettiryapti. "Islomiy davlat" ayrim hududlarda hatto hukmronlik qilishga ham urinadi.

Marokashda uchrashgan rasmiylar deydiki, Afrikada uning tahdidi oshib bormoqda.

"Biz buni bilamiz, chunki o'rganib chiqqanmiz. Koalitsiya hozirda e'tiborni bizning mintaqamizga qaratishga bel bog'lagan", - deydi Marokash Tashqi ishlar vaziri Nosir Burita.

AQSh rasmiylari ham shuni qayd etib, kurash harbiy va fuqaroviy tusda bo'lishini aytadi.

“Terroristlar, jumladan "Islomiy davlat" o'zini muqobil davlat bo'lishga loyiq tomon sifatida targ'ib qiladi. Demak, biz ularga qarshi kurashda bu to'dalarning mana shu salohiyatiga zarba berishimiz kerak", - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland.

“Xususan Afrika g'arbida taraqqiyotda ko'maklashamiz. Dunyoning bu qismida inson huquqlari himoyasi hamda oziq-ovqat ta'minoti yo'lidda yordamlashamiz".

Suriyadagi kurd qamoqxonalarida "Islomiy davlat"ning minglab a'zolari bor
Suriyadagi kurd qamoqxonalarida "Islomiy davlat"ning minglab a'zolari bor

Vaziyatni kuzatib kelayotgan ekspertlar va mutasaddilarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, terroristlar oddiy odamlar orasidan jangarilar yollashi qiyin emas. Aholi uchun imkoniyatlar cheklangan, hayot uchun kurash yoshlarni qo'lga qurol olishga undovchi kuchli omildir.

BMT taxminicha, Nigeriya, Niger, Kamerun, Chad, Mali va Mozambikda "Islomiy davlat" 7000 dan ortiq jangariga ega.

Koalitsiya bir paytning o'zida Iroq va Suriya, shuningdek, Afg'onistonda ham say-harakatlarni to'xtatmaslihi lozim.

“Iroqda "Islomiy davlat" xurujlar qilishga qodir", - deydi Dag Hoyt, Marokashdagi yig'inga kelgan AQSh diplomati.

“Iroq Kurdistonida ham, mamlakatning boshqa qismlarida ham "Islomiy davlat" qoldiqlarini aniqlaganmiz. Iroq va Suriyada birdek kurashmasak bo'lmaydi".

Bu ikki mamlakatda terroristlar soni 6000-8000 orasida, deya bildiradi BMT kontrterrorizm ekspertlari, va ular asosan qishloqlarda.

AQSh razvedkasi esa bu sonni 16 mingga deb taxmin qiladi.

2019-yilning noyabr oyida Afg'onistonning Nangarhor viloyatining Jalolobod shahrida qo'lga tushgan jangarilar, "Islomiy davlat" a'zolari
2019-yilning noyabr oyida Afg'onistonning Nangarhor viloyatining Jalolobod shahrida qo'lga tushgan jangarilar, "Islomiy davlat" a'zolari

Pentagonga ko'ra, eng faol elementlar Suriyaning markaziy hududlaridagi dashtlarda. Strategik tahdid asosan shu yerlarda, deydi harbiylar.

Suriyadagi kurd hamkorlarning qayd etishicha, "Islomiy davlat" vaqti-vaqti bilan xurujlar qilib turibdi.

Bu kurdlar qo'lida ayni damda 10 mingga yarin terroristlar bor, deydi rasmiylar, jumladan 2000 xorijlik.

AQSh boshqa hukumatlarni Suriyadagi fuqarolariga olib ketishga undab keladi. Biroq Davlat departamentida bu masala bilan mashg'ul Dekster Ingram deydiki, hukumatlarga olis yurtlardagi fuqarolarini olib ketish osonmas, ayniqsa ular jangarilar bo'lsa. Qonunlarni o'zgartirish kerak, terrorizm tahdidining oldini olish lozim.

AQSh Suriya va Iroqda jami 700 million dollarni terrorchilar yakson qilgan va ta'sirini ushlab turishga urinayotgan hududlarni rivojlantirish uchun sarflashni rejalagan.

"Islomiy davlat" jangari yollash uchun Janubiy va Markaziy Osiyoda, shuningdek, Afrikada targ'ibotlarni kuchaytirgan
"Islomiy davlat" jangari yollash uchun Janubiy va Markaziy Osiyoda, shuningdek, Afrikada targ'ibotlarni kuchaytirgan

Afg'onistonda "Islomiy davlat Xuroson" eng faol guruh bo'lib, Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlariga xavf solmoqda.

"Hammaning e'tibori hozir ularda", - deydi Ingram. "Markaziy Osiyo hukumatlari "Islomiy davlat"ga qarshi global koalitsiyada hozircha kuzatuvchi, biroq eng yuqori darajada muzokaralar ketmoqda".

AQSh mudofaa va kontrterrorizm rasmiylariga ko'ra, "Islomiy davlat Xuroson" O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistondan yangi a'zolar yollashga harakat qilmoqda, propagandani kuchaytirgan.

Amerika o'tgan yili Afg'onistondan chiqib ketganidan beri "Islomiy davlat Xuroson" jangarilari soni ikki karra ko'paygani kuzatiladi va hozirda 4000 dan oshgan.

Pentagon razvedkasi taxminicha, bu to'da Afg'onistondan tashqarida hamla qila olishi uchun bir yilcha vaqt kerak. Fursatni boy bermay, choralarni jadallashtirish kerak, deydi qo'mondonlar.

AP axborotiga ham tayanildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG