Breaking News

Afg'onistonda Tolibonga qarshi qurolli kurash hanuz mavjudmi?


Afg'onistonning Panjshir vodiysidagi qarshilik harakati jangchilari, 2021-yil, 1-sentabr
Afg'onistonning Panjshir vodiysidagi qarshilik harakati jangchilari, 2021-yil, 1-sentabr

15-avgust kuni Tolibon hukmronligi o’rnatilganiga bir yil to’ldi. Guruhga qarshi qurolli muxolifat hanuz mavjud, ammo juda tarqoq va zaif, deydi kuzatuvchilar.

"Tolibon hokimiyatni ushlab turishda davom etmoqda. Qurolli muxolifatning paydo boʻlishi va saqlanib qolishi koʻp jihatdan boshqalarni siyosiy chetlashtirish bilan bogʻliq", - dedi BMTning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili oʻrinbosari Ramiz Alakbarov iyun oyida Xavfsizlik Kengashi yig’inida.

Afg‘oniston Milliy Qarshilik Jabhasi o‘tgan yili toliblar mamlakatni zudlik bilan egallab olishi ortidan Panjshir vodiysida qarshi kurash nuqtasini yaratishga urinib ko‘rdi, biroq uzoq davom eta olmadi.

“Muxolifat guruhi juda zaif. Panjshir vodiysida u ikki-uch haftagina qarshilik ko’rsata oldi, xolos. Tolibon, afsuski, kuchliroq mavqeda”, - dedi “Yangi Amerika” markazi tadqiqotchisi Piter Bergen.

Qarshilik harakatini o’z davrida Tolibon bilan kurashib tanilgan mashhur harbiy qo'mondon Ahmad Shoh Mas’udning o'g'li Ahmad Mas’ud boshqarmoqda. Katta Mas’ud Shimoliy alyansga qo'mondonlik qilgan va Bergenning so'zlariga ko'ra, Tojikiston, Eron, Rossiya va AQSh kabi bir qancha davlatlardan yordam olgan.

Biroq uning o'g'li hozirgacha shu yoki boshqa bir davlatlardan hech qanday yordam olmayapti, deydi kuzatuvchilar.

Terrorizm va ekstremizm haqida yettita kitob yozgan Bergenning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Tolibon 11-sentabr voqealaridan oldingi davrga qaraganda bugun ancha kuchliroq.

AQShda uyushtirilgan 2001-yilgi 11-sentabr xurujidan ikki kun oldin “Al-Qoida” guruhi Afg’onistonda Ahmad Shoh Mas’udni suiqasd orqali oʻldirgan edi.

AQSh qurollari

Oʻtgan yili AQSh qoʻshinlari Afgʻonistondan olib chiqib ketilganidan keyin Afgʻonistonda qolib ketgan qurol-yarogʻ va texnika Tolibon ixtiyoriga o’tdi. Bu Tolibonning harbiy va siyosiy qudratini yanada mustahkamladi.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Tolibon hozirda o'nlab milliard dollarlik qurol-yarog'ga ega.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan afg‘on xavfsizlik tahlilchisining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibon shimoldagi qurolli muxolifatni bostirish uchun allaqachon bu qurollardan foydalanmoqda.

“Harbiy texnika boʻyicha Tolibonning qoʻli baland, chunki AQSh rasmiylariga koʻra, 85 milliard dollarlik zamonaviy qurol-yarogʻ bu guruh qoʻliga oʻtgan”, - deydi tahlilchi.

Bergenning aytishicha, boshqa davlatlar va tashkilotlarning yordamisiz Tolibonga qurolli qarshilik ko'rsatish qiyin.

“Men tashqi davlatlar muxolifat harakatlarini qoʻllab-quvvatlayotgani haqida hech qanday dalil koʻrmayapman”, - dedi u.

Mintaqadagi gʻarb diplomatlarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibonga qarshi qurolli qarshilikni qoʻllab-quvvatlashga hech kimda xohish yo’q.

Potensial muvaffaqiyatsizlik

Afg'onistondagi o'zgarishlarni yaqindan kuzatib boradigan Rand korporatsiyasi tahlilchisi Idris Rahmoniy Bergenning xulosasini qo’llab-quvvatlab, Tolibonga qarshi muxolifat, agar chetdan yordam olmasa, muvaffaqiyatsizlikka uchrashini aytadi.

Afg'onistonning Panjshir viloyati, Bazarak hududida Tolibonga qarshi kurash olib borgan harakat vakillari, 2021-yil, 27-avgust
Afg'onistonning Panjshir viloyati, Bazarak hududida Tolibonga qarshi kurash olib borgan harakat vakillari, 2021-yil, 27-avgust

“Har bir urush moddiy-texnik ta’minot va moliyaviy yordam orqali yutiladi”, - deydi Rahmoniy.

“Rossiya ham, Eron ham, Tojikiston ham “Tolibon” qudratiga qarshi tura oladigan yordamni berishga tayyor emas. Hindistonning bir o’zi buni qilishni istamayapti”, — deya qo‘shimcha qiladi Rahmoniy.

Ramziy kurash

Vashingtonda joylashgan "Yangi Amerika" xalqaro xavfsizlik dasturining katta ilmiy xodimi Janni Koskinasga ko’ra, Panjshirdagi harakat Tolibonga qarshi haqiqiy kurashdan ko’ra ko’proq ramziy ma’noga ega. Uning so'zlariga ko'ra, kelajak qarshilik harakatining uzoq muddatli strategiyasiga bog'liq.

Afg‘onistonda yillar davomida ishlagan Koskinasning aytishicha, qarshilik harakati sobiq prezident Ashraf G’ani hukumati va xavfsizlik kuchlarida ishlagan, Tolibon ta’qibiga uchragan odamlarni yig’ish va ularni xavfsiz boshpana bilan ta’minlash orqali vaziyatni o’z foydasiga o’zgartirishi mumkin.

"Qarshilik harakati Panjshirdan tashqarida o’z hududlarini yaratishi kerak. Buning uchun vaqt, sabr, aql, strategiya, nozik harakat va qurbonliklar kerak bo'ladi", - deya qo'shimcha qiladi u.

Tolibonni tan olish

Qurolli muxolifat tashqaridan qo'llab-quvvatlov olmagan bo'lsa-da, Tolibon ham, hokimiyatni egallaganiga bir yil to’lishiga qaramay, biror davlat tomonidan rasman tan olinishga erisha olmadi. Hatto Tolibonning yaqin ittifoqchisi sifatida ko’riladigan Pokiston ham bu guruhni tan olishi mumkinligiga hali shama ham qilgani yo'q.

Pokiston rasmiylari so‘nggi oylarda Tolibon hukumatiga Islomobod diplomatik tan olish harakatini boshqa davlatlar qo‘llaganidan keyingina boshlashi mumkinligini aytgan.

Iyul oyi boshida Qo'shma Shtatlar hech bir xorijiy hukumat Afg'onistonda Tolibon hukmronligini qonuniylashtirish haqida o'ylamayotganini aytgan edi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Luning aytishicha, Tolibonni tan olish masalasida global konsensus mavjud.

"Menimcha, Moskva, Pekin va Eronni o'z ichiga oluvchi global konsensus mavjud, ya’ni tan olish haqida o'ylashga hali erta", - dedi Lu "Amerika Ovozi" bilan so'nggi intervyusida.

“Ha, ayrim davlatlar Tolibon bilan munosabatlarni normallashtirish jarayonini sekin-asta boshlamoqda. Lekin hech kim rasmiy tan olish haqida gapirmayapti”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Qarshilik nuqtalari

Afg‘oniston Milliy Qarshilik Jabhasiga qarashli qurolli guruhlar shimoliy Panjshir viloyatida, qo‘shni Bag‘lon viloyatining Andarab, Xost va Fereng tumanlarida hamda shimoliy Toxar viloyatining Varsaj tumanida faol.

Shimolning bir qator nuqtalarida Tolibon va jabha o'rtasida to'qnashuvlar bo'lgani xabar qilingan. Har ikki tomon bu to'qnashuvlarda qarshi tomonga og'ir qurbonlar berilganini da'vo qiladi.

Qarshilik harakatining media qanoti juda faol va muntazam ravishda Tolibon a'zolari o'ldirilgani, yarador qilingani va asirga olingani haqida xabarlar tarqatadi. Tolibonga ko’ra, bu da'volar asossiz.

Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning aytishicha, Panjshir viloyati va Andarab hududida Tolibon va qarshilik harakati jangarilari o'rtasidagi to'qnashuvlar yuz berganini rad etib, "ba'zi isyonchi doiralar ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilgan xabarlar asossiz" ekanini ta’kidladi.

"Hech kim xavotirlanmasin. Afgʻoniston Islom Amirligining minglab kuchlari Panjshir, Taxor va boshqa hududlarda mavjud. Dushmanga hech qanday harakat qilishiga ruxsat berilmaydi", - deb yozdi Mujohid joriy yilning may oyi boshida.

Muxolifat nima deydi?

Afg‘oniston Milliy Qarshilik Jabhasi Tolibonga qarshi kurashni davom ettirishini va o’z imkoniyatlariga ishonchi yuqori ekanini aytmoqda.

"Tolibon terrorchi guruh boʻlib qolmoqda. Afgʻonistonliklar, albatta, biz bilan hamkorlik qiladi. Bizni mamlakat xalqi qoʻllab-quvvatlamoqda", dedi harakat matbuot kotibi Sibgʻatulloh Ahmadiy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Tolibon qoʻlidagi resurslar [80-yillarda Sovet Ittifoqi qoʻllab-quvvatlagan] kommunistik hukumat resurslaridan koʻp emas, ammo Afgʻoniston xalqi qatʼiyatli boʻlib, kommunistik hukumatni agʻdarib tashladi”, - deya qoʻshimcha qildi Ahmadiy.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining sobiq qo‘mondoni general-mayor Jaloliddin Yaftaliyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u Afg‘oniston shimolidagi jangchilarga faol rahbarlik qilishda davom etmoqda.

“Bizning umumiy maqsadimiz xalqimiz va millatimizni zulmdan ozod qilmaguncha kurashimizni davom ettirish”, - dedi Yaftali “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

"Agar Xudo bizni g'alaba qozonib, Afg'onistonni qaytarib olishimizga imkon bersa, bizning hukumatimiz federal va markazlashmagan tizim bo'ladi", - deya qo'shimcha qildi u.

Tolibon hukmronligining bir yilligi: voqealar xronologiyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:35 0:00

O’zini Jamol Andarabiy deb tanishtirgan yana bir muxolifat vakili shimoliy Bag’lon viloyatining Andarab tumanida 15-20 nafar qurolli kishidan iborat guruhni boshqarayotganini aytadi.

“Tilimiz, etnik kelib chiqishimiz, geografiyamiz va etnik qadriyatlarimizni himoya qilish uchun terrorchilarga qarshi kurashamiz”, - deydi u.

“Tolibon so‘nggi bir necha kunda Andarab tumanidagi qurolli to‘qnashuvlarda mag‘lub bo‘ldi. Biz jang maydonida g‘olibmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Global Strategies” vakili Bergenning aytishicha, hozirda toliblar kuch ishlatishda monopoliyaga ega va deyarli butun mamlakatni nazorat qilib turgani uchun imkoniyatlari yuqori. Ammo Tolibon jiddiy xatolarga yo’l qo’ysa va G'arb xavfsizligiga Afg'onistondan kelayotgan terror guruhlari tahdidi oshsa, vaziyat o'zgarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG