Breaking News

AQShda oziq-ovqat isrof bo'lmasligi uchun yangi choralar


Oziq-ovqat isrofi - global muammo
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00

Oziq-ovqat isrofi - global muammo

Shon Rafferti oziq-ovqat do'konini yangi ochgan paytlarda mahsulotlarni ko'p ushlab turmasdi - sotilmadimi axlatga tashlar edi.

Biroq hozirga kelib, har kuni kechki payt ortib qolgan tovarlar mahalliy omborxonaga xayriya qilinadi. Bu inshootdan yo'qsillarga yegulik tarqatiladi.

Nyu-York shtatida boshlangan dasturga binoan bizneslar chiqindini kamaytirmoqda.

"Oldinlari nimaiki o'tmasa, uloqtirar edik", - deydi Rafferti.

40 yildan beri magazinini yuritadigan bu amerikalik uchun bugun chiqindi o'zgacha ma'no kasb etadi. Muddati o'tib ketgan mahsulot ham yaroqsiz emas, deydi u, qayta ishlanishi yoki boshqa maqsadda ishlatilishi mumkin.

Nyu-Yorkda axlatxonalar maydoni va hajmini ozaytirish oliy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Go'sht va sut mahsulotlarining chiqindiga tashlanishi, ularning ochiq havoda oylab yotishi ham tabiatni buzadi, deydi ekologlar.

Ularning hisobich, ayniqsa meva, sabzavot, tuxum va boshqa yeguliklar ko'p isrof qilinadi.

Global miqyosda oziq-ovqatning uchdan bir qismi chiqindiga ketadi. AQShda bu miqdor 40 foizda.

Bu xalq har yili tashlab yuboradigan oziq-ovqat uchun 218 milliard dollar sarflaydi. 57 tonnasi axlatda, uning 47,5 tonnasi yerga ko'miladi.

Yo'qsillarga guruch tarqatayotgan markaz, Nyu-York shtati, 15-noybr, 2023
Yo'qsillarga guruch tarqatayotgan markaz, Nyu-York shtati, 15-noybr, 2023

Garvard universitetida bu borada izlanishlar olib borgan Emili Broud Lib deydiki, atmosferadagi zaharli gazlarning 8-10 foizi shu axlatlardan.

"AQShda suvning 20 fozi tashlab yuboriladigan oziq-ovqatni ishlab chiqarish uchun ishlatiladi.

"Biz suvni ham ayamayapmiz", - deydi olima.

2015-yilda AQSh Qishloq xo'jaligi va ekologiya agentligi kelasi 15 yilda oziq-ovqatdagi isrofgarchilikni 50 foizga kamaytirish rejasini e'lon qilgan edi.

Shtatlarga bu chaqiriq ma'qul kelib, turli loyihalar ishga solindi.

Poytaxt Vashington va 50 shtatning barchasida hozir bu maqsadni ko'zlovchi qonunlar amalda. Ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar va iste'molchilar xayriya tashkilotlari bilan yaqindan ishlaydi va uzatayotgan mahsulot sifati uchun javob beradi.

Kaliforniya va Vermontda chiqindidan energiya yaratilmoqda. Konnektikut shtatida esa yeguliklar axlatga emas, alohida tarmoqqa tashlanadi va qayta ishlab chiqariladi. Merilend shtatida dehqonlar va chorvadorlar bu sohadagi faolligi uchun imtiyozlar bilan siylanadi.

Nyu-York shtatida yegulik buzilmasdan xayriya qilinishi qonun bilan belgilangan
Nyu-York shtatida yegulik buzilmasdan xayriya qilinishi qonun bilan belgilangan

Nyu-York shtatidagi yangi tizim samara berib, o'tgan ikki yil mobaynida 2,3 million kilogam ovqat yordamga muhtoj aholiga yetkazilgan. Bu - 4 million tovoq ovqat, deya tushuntiradi mutaxassisar.

Yegulik xayriya qilinadigan joylar - qamoqxonalar, ta'lim maskanlari va sport majmualari.

"Birinchidan, ortiqcha ovqat olmasligimiz kerak. Ikkinchidan, oldikmi, ortib qoldimi, demak, u yana kimga zarur, deb o'ylashni odat qilishimiz kerak" ,- deydi Selli Roulend, Nyu-York shtat mutasaddilaridan biri.

"Farosat kerak hammamizga, bu aniq. Hozirgi yondashuvimiz insonning shu xususiyatiga tayanadi. Isrofgarchilikka yo'q qo'yish - xato".

Har bir tuman va shaharda jonbozik ko'rsatayoyganlar mahalliy faollar. Odamlar ovqat so'rab kimga borishni biladi, xayriya maskanlari aniq.

Noyabr-dekabr oylari bayram mavsumi ekani uchun Amerika bo'ylab yegulikni isrof qilish yanayam ko'p va keng.

Betsi Kuroa ismli amerikalik mehnatga layoqatli inson emasligini, kunini xayriyadan ko'rishini aytadi.

"Xayriya markazidan oladiganlarim - kunlik toza mahsulotlar. O'sha kuni yeyilmasa, buzilishi mumkin. Men kabilar huzurini ko'radi. Rahmat", - deydi Betsi.

Broud Lib singari tadqiqotchilar deydiki, hukumat rejasi amalga oshmaydi, ya'ni 2030-yilgacha isrofgarchilik 50 foizga kamaymaydi. Lekin mahalliy choralar effekti sezilmoqda va harakatlarni kuchaytiraverish kerak.

Yana bir ekspert, Ketrin Bender nazarida nohukumat tashkilotlar va bizneslar orasidagi hamkorlik silliq emas va bu sohada innovatsion yondashuv zarur. Notijoriy muassasalar xalq bilan bog'lanishda muhim rol o'ynar ekan, ular ko'proq moliyaviy quvvatlovga muhtoj.

"Avvalo ortiqcha oziq-ovqat ishlab chiqarmaslik yoki sotib olmaslik kerak. Talabga qarab ish tutish kerak. Eng ma'qul chora aslida shu".

Ohayo universitetidan professor Brayan Ro ham bu masalani chuqur o’rgangan olimlardan.

“Amerikada axlatxonalardagi narsalarning o’rtacha 20 foizi oziq-ovqatga to’g’ri keladi”, - deydi ekspert.

“Amerikaliklar bu muammo biladi, tan oladi. So’rovlar o’tkazganimizda, respondentlarning 75 foizi isrof qilishni istamasligini aytadi. O’zim isrof qilmaslikka harakat qilaman, deydiganlar bu jamiyatda hozir ancha ko’paygan”, - deydi olim.

“Amerikaliklar asosan uyda ovqatlanadi va isrofgarchilik ham uyda. Restoran va oshxonalarda portsiya qattiqroq nazorat qilinadi. Maktablarda ham bolalar qancha yeyishni o’zlari tanlashi kerak, shunda qolib ketmaydi. Bu ham o’rganilgan. Ya’ni, ovqat talabga qarab olinishi kerak. Buni ta’minlash esa oson emas”, - deydi professor Ro.

Mahsulot muddati isrofgarchilikda muhim omildir, deydi tadqiqotchi. Muddati o’tishi bilanoq zaharlanishingiz mumkin, degan qarash keng tarqalgan. Vaholanki, xavotir mahsulot turi va tarkibiga bog’liq. Go’sht va sut mahsulotlari eskirsa, zarar ehtimoli oshadi. Yegulikni yaxshiroq bilishimiz, tushunishimiz kerak. Quruq narsalar, masalan, uzoqroq turishi, yeyilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG