Breaking News

Dunyo bo'ylab 321 jurnalist panjara ortida


Myanma jurnalistlarni qamashda yetakchi davlatlardan biri
Myanma jurnalistlarni qamashda yetakchi davlatlardan biri

2023-yilning oxiridagi hisobga ko'ra, dunyo bo'ylab 321 jurnalist qamoqda. Olti mamlakat media vakillarini panjara ortiga tashlashda yetakchi: Xitoy, Myanma, Belarus, Rossiya, Vyetnam, Eron va Isroil.

Isroil G'azodagi urush paytida bu ro'yxatda oldinga chiqdi. 1992-yildan beri bu qadar ko'p jurnalist qamalganlar orasida bo'lmagan edi, deya bildiradi shu mavzuda tahlilnoma chiqargan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi.

Ro'yxat, deya ta'riflaydi Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot, yakkahokimlik va zulm barometri. Mustaqil axborot yig'ishga, xalqqa haqiqatni yetkazishga urinish ko'plab mamlakatlarda, jumladan Markaziy Osiyo respublikalarida ham jinoyatga tenglashtiriladi, qattiq jazolanadi.

Rossiya singari qahrli tuzumlar mintaqa va boshqa davlatlarga bu borada o'rnak. Ular hatto chet elga chiqib ketgan jurnalist va blogerlarni ham vatanga majburan qaytarib, sudlaydi va zindonga tashlaydi. Xususan Tojikistonda vaziyat bu borada ayanchli, deya qayd etiladi.

Efiopiya singari mamlakatlarda xorijda yurgan matbuotchilar ekstraditsiya qilinib, terrorizm aybi bilan uzoq yilga qamalgan. Tojikistonda ham jurnalistlarni tuzumga qarshi og'ir jinoyatlarda ayblash keng tus olgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi aniqlashicha, qamoqdagi jurnalistlarning 65 foizdan ziyodi aynan shunday harakatlarda gumon qilinib, sudga tortilgan va aybdor deb topilgan. Jinoiy ishlar ularning tanqidiy materiallari ketidan ochilgan.

Zindonband jurnalistlar Xitoyda 44 nafar, Myanmada 43 nafar, Belarusda esa 28 nafar.

Pekin iskanhasidagi media vakillarning 19 nafari uyg'ur mutaxassislardir. Ular o'z elati taqdiri, kommunist rejim ostidagi hayoti haqida yozgani va dunyoga bu haqda xabar bergani uchun qamalgan.

Myanmada esa 2021-yilda harbiylar davlat to'ntarishi qilganidan keyin ahvol yanayam og'irlashgan.

Belarusda 2020-yilgi hukumatga qarshi namoyishlar ketidan cheklov va tazyiq ortib, oddiy savol bergan muxbirlar va muharrirlar ham nishonga olina boshlagan. Bu mamlakatda panjara ortida o'tirgan jurnalistlarning deyarli hammasi konstitutsion tuzumga qarshi ishlarda aybdor deb topilgan, jumladan ekstremizmda. Belarusda, shuningdek, kamida 16 axborot vositasi ham "eksremistik tashkilot" deya tamg'alangan.

Eronda ham, Isroilda ham 16 nafar jurnalist ozodlikdan mahrum. Yahudiy davlat muxbirlarni ma'muriy ayblovlar bilan ushlab turishni odat qilgan va hibsdagilar asosan falastinliklar.

2023-yilning 7-oktabrida XAMAS bilan urush boshlanganidan beri 20 arab jurnalist va bloger Isroil tomonidan nazoratga olingan.

Eron 2022-yildagi qo'zg'olonda va undan keyin tutilgan jurnalistlarning aksariyatini qo'yib yuborgan. Biroq qamoqdagi media faollar soni bo'yicha hamon katta oltilikda. 17 jurnalist panjara ortida, 8 nafari ayollar. Hammasi uzoq muddatga hukm qilingan mutaxassislar.

Rossiya hibsxonalarida o'tirganlarning salmoqli qismi chet elliklar, jumladan AQSh fuqarolari Rvam Gershkovich va Alsu Kurmasheva. 10 nafari ukrainaliklar, ulardan besh nafari qrim-tatarlar va ulardan to'rt nafari terrorizm aybi bilan 12-19 yillik qamoq jazosini o'tamoqda.

Qamoqdagi 321 jurnalistdan kamida 95 nafari kasal ekani ma'lum. Ularga ataylab qaralmayotgani, zarur dori-darmon bilan ta'minlanmayotgani aniqlangan.

Xususan Rossiyada ukrain muxbir Irina Danilovich, deyarli 7 yilga qamalgan shaxsning qulog'i eshitmay qolgan.

Belarusda Kseniya Lutskina miyasida raki bilan 8 yillik qamoq muddatini o'tashga majbur.

Ozodlikka chiqqach, jurnalistlar ish topishi amri mahol, chunki media odatda ularni qabul qilmaydi.

Rossiya, Vyetnam, Eron, Xitoy va Misrda, masalan, qamalib chiqqan muxbir yoki muharrir uchun o'z sohasida tirikchilik imkoniyati bag'oyat cheklangan.

Afrikada Efiopiyadan tashqari Senegal, Zambiya, Angola, Madagaskar, Kongo Demokratik Respublikasi, Burundi, Nigeriya media xodimlarni tinimsiz ezadigan tuzumlar qatorida.

Hindiston, Afg'oniston va Filippin ham jurnalistlarga nisbatan eng zolim hukumatlar safida.

Markaziy Osiyoda eng ko'p matbuotchi Tojikistonda zanjirlangan - 7 nafar jurnalist va bloger. Ular 7 yildan 20 yilgacha qamoqqa hukm qilingan. Hammasining ishi 2022-yildan beri ko'rilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi kuzatishicha, hamkasblarining taqdiriga qarab, Tojikistonda media xodimlari orasida qo'rqinch va umidsizlik keng qanot yozgan. Jurnalistlar asossiz hibsda olinadi, ular organlar xohlaganicha, hech qanday tushuntiruvsiz ushlab turiladi.

Ozarbayjon ham shunday muhit hukmron mamlakat bo'lib qolmoqda.

Turkiyada sal progress bor. 2022-yilda 40 jurnalist qamoqda edi, hozir 13 nafarga tushgan. Dunyoda eng uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan muxbir ham shu diyorda - bir umrga qamalgan Hadije Duman.

Misrda ham Turkiyadagi kabi 13 matbuotchi panjara ortida bo'lsa, Saudiya Arabistonida 10 nafar.

Marokash va Iroqda axborot vositalarini tandiqiy material uchun yolg'onda ayblab, sudlash tez-tez kuzatiladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining ta'kidlashicha, bu aslida global maydonda ham norma tusini olgan illatdir.

Lotin Amerikasida qamalgan jurnalistlar soni ancha siyraklashgan. Gvatemala, Nikaragua va Kubada bittadan, Gonduras va Salvadorda esa ko'proq sonda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG