Breaking News

AQSh Afg'onistonda konsullik xizmatini tiklashi mumkin


Kobul, Afg'oniston
Kobul, Afg'oniston

AQSh Davlat departamentining yangi e'lon qilingan strategiya hujjatiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Tolibon nazoratidagi Afg'onistonda konsullik bo’limini ochish imkoniyatlarini o’rganib chiqmoqda.

Ushbu harakat bir qancha xavfsizlik, siyosiy va iqtisodiy maqsadlarga erishishni maqsad qilgan holda, AQShning yakkalangan islomiy rejim bilan cheklangan hamkorligida potentsial o'zgarishlar ehtimolidan dalolat beradi.

“Tolibon bilan biz amerikaliklar uchun konsullik xizmatini ochish, shaffoflik va javobgarlikni olg’a suramiz. Biz, shuningdek, nohaq hibsga olingan amerikaliklarni ozod qilish bo‘yicha prezidentning garovga olinganlar bo‘yicha maxsus vakili ishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, - deyiladi 2023-yil oktabr oyida tasdiqlangan Afg‘oniston bo‘yicha integratsiyalashgan davlat strategiyasida.

Davlat departamenti matbuot kotibining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, AQSh pozitsiyasida hech qanday o'zgarish bo'lmagan va "yaqin muddatda Kobulga diplomatik faoliyatni qaytarish rejasi yo'q".

Strategiya hujjatida “Kobulga qaytish” rejasi haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa-da, matbuot kotibi kelajakda Kobulga kelishi mumkin bo‘lgan konsullik missiyasining jismonan qayerda joylashishi va faoliyati haqidagi savollarga javob bermadi.

2021-yil avgustida Afgʻoniston hukumati qulashi bilan AQSh Kobuldagi elchixonasini yopgan edi. Bu Afgʻoniston bilan yigirma yillik harbiy va siyosiy hamkorlik intihosining ramziy belgisi boʻldi.

O'shandan beri AQSh va Tolibon o'zaro aloqalari Afg'onistondan tashqarida, asosan AQShning Afg'onistondagi muvaqqat ishlari markazi bo'lgan Doxada (Qatarda) vaqti-vaqti bilan uchrashuvlar o’tkazish bilan cheklangan.

"Qo'shma Shtatlar Tolibonni Afg'onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmasa ham, biz o'z maqsadlarimizni ilgari suradigan funksional munosabatlarni o'rnatishimiz va Tolibonning oldidagi majburiyatlarini bajarishga tayyorligi va qobiliyatini o’rganishimiz kerak,” - deyiladi strategiya hujjatida.

AQShning yangi strategiyasida to‘rtta missiya yo‘nalishi, xususan, terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy yordam, mahalliy jalb qilish va Afg‘onistondagi AQSh fuqarolari uchun konsullik xizmatlari hamda Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan afg‘onlarga yordam ko‘rsatish ko‘rsatilgan.

Strategiyaga koʻra, Vashington “afgʻon xalqining, ayniqsa ayollar va qizlarning asosiy huquqlarini himoya qilishda davom etadi”.

AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Tolibon bilan har qanday normalizatsiya, jumladan, ularning rahbarlariga nisbatan o'n yillik sanksiyalarning bekor qilinishi Tolibonning repressiv siyosatini to’xtatishi va inklyuziv Afg'oniston hukumatini shakllantirishi bilan bog’liq bo’ladi.

Siyosiy va xavfsizlikka oid xavflar

Tolibonning muvaqqat hukumatini tan olmasa-da, ayrim davlatlar, jumladan, AQShning Hindiston, Yaponiya va Turkiya kabi ittifoqchilari Kobulda diplomatik vakolatxonalarini saqlab kelmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, jumladan, uning siyosiy missiyasi ham mamlakatda o'z faoliyatini davom ettirdi.

O'tgan yili BMT homiyligida o'tkazilgan mustaqil tahlil xalqaro hamjamiyatni de-fakto Tolibon hukumati bilan bevosita aloqalarini kuchaytirishga chaqirdi.

"Logistika nuqtai nazaridan, AQShning konsullik xodimlari va muassasalari o’sha yerda bo'lsa, AQShga yo'l izlayotgan afg'onlarga yordam berish osonroq bo'lar edi", - deydi Uilson markazidagi Janubiy Osiyo instituti direktori Maykl Kugelman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Biroq Kugelman Afg'onistonga qaytishning siyosiy va xavfsizlikka oid xavflari haqida ogohlantiradi.

"Bayden ma'muriyati, ehtimol, xavfsizlik bilan bog'liq tahdidlarni juda yuqori deb hisoblasa kera", - deydi u.

Iqtisodiyot va tinchlik institutining 2023-yilgi Global terrorizm indeksiga ko‘ra, Afg‘onistonda terrorizm bilan bog‘liq zo‘ravonliklar so‘nggi ikki yil ichida 75 foizga kamaygan.

Bu pasayish Tolibonning AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan sobiq Afg‘oniston hukumatiga qarshi urushini tugatish natijasida yuzaga kelgani aytiladi.

Tolibon tinchlikni tiklash da'vosiga qaramay, "Islomiy davlat"ning Xuroson bo'limi kabi terrorchi guruhlar Afg'onistonda hujumlar uyushtirib, yuzlab odamlarni, asosan diniy ozchiliklarni o'ldirishda davom etgan.

“Associated Press” byurosining Afg‘oniston va Pokistondagi sobiq rahbari Keti Gannon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Muammo xavfsizlik emas, balki Tolibon bilan munosabatlarni qanday hal qilishda”, deydi.

Gannonning ta'kidlashicha, Qo'shma Shtatlar, boshqa davlatlar singari, samarali siyosat yuritish uchun mamlakat ichidagi 40 million afg'on bilan aloqa o'rnatishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG