Breaking News

Antisemitizm - dunyoda keng tarqalib borayotgan illat


Anti-semitizm yoki yahudiylarga nafrat va dushmanlik dunyo bo’ylab keng tarqalgan illat. Davlatlar unga qarshi qarshi kuchliroq chora-tadbir ko’rishi lozim, deydi faollar.

Diniy va irqiy nafratga asoslangan jinoyatlarni kamaytirish uchun birinchi navbatda monitoring-kuzatish tizimini yo’lga qoyish, kerak bo’lsa jazoni kuchaytirish kerak, deydi ular.

Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights First” huquq tashkilotiga ko’ra, anti-semitizmning global miqyosda kuchayishi shundan dalolatki, dunyoning turli burchaklarida haligacha bu muammoga yetarlicha e’tibor yo’q.

“Irqchilikning alohida ko’rinishlarini tanqid qilish bilan cheklanib qolmasdan, effektiv qonunlar ishlab chiqish, jinoyat ko’lamini kuzatish, huquq-tartibot idoralari bilan ishlash zarur”, - deydi tashkilot rasmiysi Pol Lejandr.

Yahudiy yoki boshqa diniy va etnik guruhlarga qarshi tajovuz qayerda ro’y bermasin, hukumatlar buni oshkora qoralashi kerak. O’tgan yilgi G’azo urushidan beri Yevropaning Fransiya, Britaniya va Shvetsiya kabi davlatlarida sinagogalarga o’t qoyish hollari ko’paygan.

Pol Lejandrning qayd etishicha, nafratga asoslangan jinoyatlarni tekshirish va oldini olishning bosh sharti bu xabardorlik, muntazam monitoring. Masalan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo 56 davlatdan atigi 14 tasida ana shunday tizim yo’lga qo’yilgan. Anti-semitizm ruhidagi hodisalarni kuzatadigan davlatlar esa bundanda kam.

Yoanis Dimitrakopolos, Yevropa Ittifoqi fundamental huquqlar agentligi tadqiqotchisi, ko’pincha yahudiylar kichik jamoa bo’lib yashovchi davlatlarda muammoga duch kelamiz, deydi.

“Vengriya, Ruminiya, Gretsiya hukumatlariga ma’lumot to’plashni joriy eting deb ko’p marta murojaat qilganmiz, lekin javob olganimiz yo’q”.

Xolokost o’tgan asrning eng dahshatli hodisalaridan hisoblansada, bugun yahudiy va isroilliklarni natsistlarga hamda Falastinga nisbatan siyosatini qirg’inga tenglashtirish hollari uchraydi. Anti-semitizmning bu ko’rinishi, deydi Dimitrakopolos, Germaniya va Avstriyada man etilgan. Uning fikricha qit’aning boshqa davlatlari ham shu yo’ldan borishi kerak.

Endryu Beyker, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Vashingtondagi maxsus vakili, bunday qarashdan yiroq. Amerikada, deydi u, so’z va fikr erkinligi hamda tolerantlik tamoyili hal qiluvchi ahamiyatga ega.

“Xolokost qanchalik sharmandali va jirkanch jinoyat bo’lmasin, fuqarolar bu haqda erkin fikr bildira olishi kerak. Lekin erkin fikr, albatta, birovni diniy yoki irqiy kamsitish mumkin degani emas”.

XS
SM
MD
LG