Breaking News

Xotin-qizlar xo'rlanmasligi uchun chora ko'rish AQSh zimmasida


Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining bildirishicha dunyoda har uch xotin-qizdan biri zo’ravonlik qurbonidir.

Bu muammoga qarshi kurashayotgan tashkilotlar AQSh Kongressidan maxsus qonun qabul qilib, tashqi siyosatda unga alohida e’tibor qaratishni so’ramoqda. Toki, deydi huquq himoyachilari, Amerika boshqa davlatlar bilan aloqalarda ayollar ahvoli haqida ko’proq qayg’ursin.

Eng dahshatli jinoyatlar qurboni odatda eng begunoh insonlar…

Ntamitonde (rasmda) ismli ayol Afrikaning qonli nuqtalaridan birida uch erkak tomonidan zo’rlangan, bolalari ko’zi oldida.

Kongoda hukumat bilan olishayotgan jangarilar bu onani uyidan sudrab chiqib, qiynoqqa solgan, xonadoniga o’t qo’ygan.

Afsuski, bechora ayol dunyoda shunday shafqatsizliklarni boshdan kechirgan va kechirayotgan millionlab ayollardan biri.

“AQSh har qanday zo’ravonlikka qarshi. Xotin-qizlar azoblangan jamiyat yemiriladi. Ayollarni jismonan va ruhan xo’rlash butun insoniyatga qarshi jinoyatdir. Amerika bu qabihliklarga qarab turmaydi”,- deydi Klinton.

Bu yil Qo’shma Shtatlar Kongoda xotin-qizlarni xavfdan himoya qilish uchun 17 million dollar ajratgan. Huquq tashkilotlari nazarida esa bu kam. Vashington yanada dadilroq qadam tashlashi kerak, deydi ular.

"Masala siyosiy", - deydi BMTning bu masala bo’yicha maxsus elchisi, kino yulduzi Nikol Kidman Kongressga murojaat qilarkan.

“Hukumatlar ko’rib turib bunday shafqatsizliklarga ko’z yummoqda. AQSh qo’l qovushtirib turmasligi lozim”.

Insonparvarlik tashkilotlari Kongressdan zo’ravonliklarga qarshi xalqaro qonun qabul qilib, choralar ko’rishni talab qilmoqda.

Demokrat congressmen Bill Delexant va qonun chiqaruvchilar yangi loyiha ustida ishlamoqda.

Qonun tasdiqlansa, AQSh xo’rlangan ayollarga tibbiy va moliyaviy yordam ko’rsatadi. Muayyan davlatlarda qonun-tartibotni kuchaytirishga yordam beradi.

Shuningdek, Amerika masalaga qarshi kurashayotgan nohukumat tashkilotlarga ko’makni oshiradi. Xotin-qizlar bilim darajasini oshirish dolzarb masala.

Sina Vann ismli mana bu ayol 13 yoshida vatani Kambodjada fohisha sifatida pullangan. Zo’rlangan, xo’rlangan va kamsitilgan.

“Fohishalik qilib, egalarim istaganicha pul topmagan kunim tinimsiz qiynoqqa solinar edim”,- deydi Sina Vann.

Ikki yildan ortiq shunday azobda yashagan Sina Vann insonparvarlik tashkilotlari harakati bilan qutqarilgan. Bugun o’zi singari jabrdiydalarga yordam beryapti.



Melanna Vervir AQShning bu masala bo’yicha maxsus vakili.

“Xotin-qizlarni bu kabi ko’rguliklardan saqlash uchun bilim, iqtisodiy barqarorlik va tinchlik kerak”,- deydi u.

Ayollarga zo’ravonlik qilinayotgan jamiyatlar odatda beqaror o’lkalar.

“Hukumat zaif, mustabidlik ildiz otgan, savodsizlik keng tarqalgan mamlakatlarda xotin-qizlarning ahvoli ham juda og’ir”,- deydi diplomat.

Muammo bu qadar ekan chuqur ekan, deydi faollar, Amerika harakatni kuchaytirishi, unga qarshi kurashda jiddiy ekanini siyosiy va amaliy jihatdan isbotlashi kerak.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG