Breaking News

Zo'rlangan ayollar taqdiri O'zbekistonda ahvol og'irligidan darak


O’zbekiston hibsxonalarida qiynoqlar og’ir masala bo’lib qolmoqda. Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotlarning bu haqdagi ma’lumotlaridan Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham qo’llanib keladi.

Xalqaro hamjamiyat vaziyatdan qanchalik xavotirlanmasin, keyingi paytda O’zbekistonda huquq ahvoli qanday ekaniga e’tibor yanada tushib ketgandek tuyuladi.

Qamoqqa olinayotgan faollar soni ortmoqda, tazyiqlar kuchaygan. Inson huquqlari himoyasini oliy vazifa deb biladigan G'arb davlatlari mamlakatdagi vaziyat yuzasidan sukut saqlamoqda.

“Ko'p o'ylayman, bizda ahvol shunaqa bo'lsa-da, Yevropa Ittifoqidagi 30 ga yaqin eng demokratik rivojlangan davlatlar yoki AQSh mana ko'zlarini yumishsa, inson huquqlari haqida gapirishmasa... Bu albatta kelajakda yaxshilikka olib kelmaydi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

O'zbekistondagi vaziyat yuzasidan asosan xalqaro tashkilotlar hisobot berib keladi. Lekin Islom Karimov boshchiligidagi hukumat bu tanqidlarni inobatsiz qoldirib kelmoqda.

“Vaziyat og'irlashaypti, buni oddiy nafaqaxo'r ham, dindor ham o'z boshidan kechirmoqda. Agar xalqaro miqyosda qaraydigan bo'lsak, Human Right Watch juda to'g'ri gapirayapti - siyosatni inson huquqlari evaziga qurish kerak emas. G'arb inson huqulari bo'yicha talab qilishi kerak. Iqtisodiy, geosiyosiy manfaatlar esa o'z yo'lida davom etishi kerak. Yevropa Ittifoqida ham, AQShda ham O'zbekistondagi huquq ahvoli yuzasidan jon kuydirish sezilmaydi”, - deydi Surat Ikromov.

Yaqinda BMT Ayollar diskriminatsiyasiga qarshi turish qo'mitasida O'zbekiston masalasi ko'rib chiqilgan. Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov bergan hisobotda mamlakatda xotin-qizlar huquqlarini ta'minlashda amalga oshirilayotgan qator ishlar sanab o'tilgan.

BMT Toshkentdagi hibsxonada bir necha oy burun ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan zo'rlangan opa-singil Soatovalar ishiga diqqat qaratmoqda. 2009 yilning may oyida bezorilik va tartibni buzganlikda ayblanib hibsga olingan qizlarga tergov paytida bir necha bor tajovuz qilingan. Soatovalar ularga xodimlar bir guruh bo'lib hamla qilganini aytadi.

Qiynoqlarga qarshi kurash bo'yicha maxsus vakil Manfred Novak O'zbekistonga o'zi borib tekshiruv o'tkazmoqchi. Bu borada O'zbekiston hukumatidan ma'lumot so'ralgan va javob kutilmoqda.

Soatovalarning onasi "Qizlarimni mast holatda zo'rlagan militsiya xodimlari hamon jazoga tortilmagan" deydi.

“Ko'rishga kirganimda, qizlarimning o'zlari aytib berishdi nima bo'lganini. Tergov jarayonida 4-5 erkak bo'lib shunaqa qilishgan. Meni ham "biror joyga yozib chiqsang, uchinchi qizingni ham turmaga tiqamiz" deb qo'rqitishdi. Respublika prokuraturasiga yozganimizda keyin ham Toshturmaga borib qizlarimni qo'rqitishgan. Olib borgan kuni ham, tergov jarayonida ham shu ishlarni qilishgan. Kichkina qizim o'z joniga qasd qilmoqchi bo'lgan. Qancha joyga murojaat qildim, bir aniq natija yo'q”, - deya nola qiladi jabrdiydalarning onasi.

Huquq poymol etilishda davom etar ekan, aholi orasida norozilik kayfiyati ham kuchayib bormoqda. Inson huquqlarini kafolatlovchi asosiy me'zonlar - so'z erkinligi, e'tiqod erkinligi, siyosiy erkinliklar mamlakatda ta'qib ostida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG