Breaking News

Konstitutsiyaga tajovuz O'zbekiston keng qo'llayotgan ayblov turi


Konstitutsiyaga tajovuz O'zbekiston keng qo'llayotgan ayblov turi
Konstitutsiyaga tajovuz O'zbekiston keng qo'llayotgan ayblov turi

<!-- IMAGE -->

O'zbekistonda tuzumga nisbatan norozilik islomiy qarashga, diniy e'tiqodga nisbatan tazyiqlar kuchayishi barobarida rivojlanmoqda.

Muxolif harakatlar, so’z erkinligi taqiqlangan mamlakatda norozilik tuzumga nisbatan tajovuz sifatida baholanadi. Hukumat islomiy muxolifatning har qanday ko’rinishini ekstremistik oqim sifatida taqdim etadi.

Din va hukumat, islom va jamiyat munosabatlaridagi jarlik kengayib bormoqda. An’anaviy islomning hukumat targ’iboti uchun ishlayotgani, diniy jamoatchilikning jamiyat muammolariga befarqligi aksariyat musulmonlarda taassuf uyg’otadi.

Tanazzulga tutilayotgan jamiyatda islomiy aqidalar va tamoyillarga ehtiyoj kuchaymoqda.

"Tajovuz" uchun 10 yil

Andijon voqealariga 5 yil to’lishi arafasida ushbu fojea guvohlaridan biri, Avstraliyadan O’zbekistonga qaytgan qochqin Dilorom Abduqodirova 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

30 aprel kuni Andijonda o’qilgan hukmga ko’ra, Abduqodirova konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda, noqonuniy diniy guruhga a’zolikda aybdor topilgan. Abduqodirova unga qo’yilgan ayblarni inkor etgan, sud bu e’tirozlarni inobatsiz qoldirgan.

Sharhlovchilarga ko’ra daxlsizlik haqidagi kafolatlarga ishonib vataniga qaytgan Dilorom Abduqodirova ustidan bunday hukm hukumatning diniy e’tiqodga nisbatan siyosatida o’zgarish bo’lmasligini ko’rsatmoqda.

“Bu ogohlantirish, qo’rqitish uchun qilingan mahkama ishi, nafaqat Andijon, balki butun O’zbekiston uchun. Ketib qolgan edi, baribir bunga shuncha yil berishdi, boshqalarga o’rnak bo’lsin, rejimdan qo’rqib yurishsin deyishmoqchi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Sud jarayonlari ko'pincha yopiq ravishda o'tadi

Jamoatchilikda muhokamaga sabab bo’lgan boshqa bir hodisa taniqli jurnalist Xayrulla Hamidovning hibsga olinishi, jurnalist ustidan boshlangan yopiq sud jarayoni bo’ldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, Xayrulla Hamidov noqonuniy diniy guruh tuzish, taqiqlangan adabiyotlar tarqatishda ayblanmoqda. Jurnalist diniy eshittirishlari, islomiy ta’lim-tarbiyaga oid chiqishlari bilan kopchilikka yaxshi tanish.

“Hukumat yoshlarda islomga qiziqish kuchayishidan tahlikada. Buni xohlamaydi, yoshlar o’rtasida din rivojlanishiga yo’l qo’ymayapti. Shu ma’noda Xayrullani islomiy madaniyat, islomiy tarbiya, islomiy e’tiqodni targ’ib qiladigan juda ta’sirli chiqishlari bor edi. Bu yerda mutlaqo jinoyat yo’q. Hukumat bizda siyosiy mahbuslar yo’q deydi, lekin dindorlarni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblaydi. Bu siyosiy ayblov”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

So’nggi ikki oyda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryoda o’tgan mahkama jarayonlarida bir necha yuz kishi noqonuniy diniy guruhlarga a’zolik, terrorchilik va ekstremistik harakatlarda ayblanib qamoqqa tashlandi. Bu jarayonlar ayrim hollarda yopiq o’tgan. Ochiq o’tgan sud majlislari esa ayblovlar mavhumligi, qiynoqlar doimiyligini ko’rsatgan.

“Masalan “Jihodchilar”ga qarshi o’tgan sud, unday qilingan bunday qilingan degan umumiy gaplar bilan o’tgan. Tergov davomida qiynoqlar qo’llangan, baklashka bilan boshlariga urishgan. Dindorlarni qamoqqa olinishi va norozilik kuchayishi oqibatida ehtimol jihodchilar ham paydo bo’lgandir. Agar shunday kuchlar paydo bo’lgan bo’lsa, hukumat diniy ekstremizmga qarshi kurashayotganida haq bo’lib chiqadi. Lekin bu o’tkazilgan tazyiqlar natijasi ekanini ham unutmaslik kerak”, - deydi huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

Yaqin tarix

O’zbekistonda diniy vaziyat taranglashishi 90-yillardan ildiz oladi. Mamlakat tarixida o’tgan birinchi prezident saylovlarida qatnashgan har ikki nomzod - amaldagi prezident Islom Karimov va muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih davlatda dinning o’rni qanday bo’lishi haqida savolga tutilgan edi.

Demokratik imkoniyatlar nisbatan mavjud sharoitda o’tgan o’sha saylovlarda jamiyatda din o’rnini kuchaytirish tarafdori bo’lgan aholi asosan Islom Karimov uchun ovoz bergan. Karimovning birinchi bor prezidentlikka saylanganiga ham 20 yil to’layapti.

O’zbekistonda ta’qib-tazyiqlar avvalo islomiy muxolifatga, keyin esa dunyoviy muxolifatga nisbatan boshlandi. Boshida siyosiy islom uchun kurashayotgan muxolifat yetakchilari, keyinchalik esa dunyoviy muxolifat yetakchilari mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi.

O’zbekistonda kuzatilgan portlashlar, otishmalarda islomiy muxolifat ayblandi. Diniy e’tiqod bo’yicha ommaviy qamashlar boshlandi. Tahdid kuchaygan sari hukumat o’z vakolatlarini kengaytirib bordi. Terrorchilik, diniy ekstremizm tushunchalari siyosiy hayotdagi doimiy atamalarga aylandi.

“Terrorizm tahdidi ma’lum ma’noda kuchaydi, chunki repressiyalar natijasida hukumatga nisbatan nafrat shakllandi. Shu nafratni hosilasi sifatida biz terrorchilik chiqishlarini ko’rishimiz mumkin. Lekin bu degani hukumat tahdidni bo’rttirib, dindorlarga tazyiqni kuchaytirishi kerak degan ma’noni bildirmaydi. Hammasi qonun doirasida olib borilishi kerak, e’tiqod erkinligiga tajovuz qilmasdan. AQShdagi 11 sentyabr voqealari butun dunyoda terrorizm muammosini tan oldirdi. O’zbekistonda ham shunday xavf bor, asosiy sababi radikal dindorlar deb hisoblanmoqda”, - deydi “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Andijon

2005 yili Andijonda bo’lib o’tgan voqea hukumat kuchlari va aholi o’rtasidagi eng qonli to’qnashuvlardan biri bo’ldi. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra o’shanda 800 ga yaqin kishi qurbon bo’lgan. Hukumat bu fojeada ham islomiy muxolifatni aybladi. Faollar nazarida Andijon isyoni ijtimoiy adolatsizlik, ta’qib va tazyiqlarga qarshi norozilik namoyishi edi.

“Andijon fojealarini necha yildan buyon o’rganayapmiz. U yerda ko’pchilik o’zi nega chiqishganini ham bilishmaydi. Odam to’plangan joyga odamlar boradi. Ayrimlar bog’chadan bolalarini olib qaytayotgan bo’lgan, ko’pchilik nima bo’layapti deb turgan, prezident keladi degan gap bo’lgan. Ularni xayolida ham bo’lmagan hukumat kuchlari hech bir ogohlantirishsiz o’qqa tutishi. Bunday qilishga hech bir asos yo’q edi”, - deydi Surat Ikromov.

Andijon qo’zg’oloni diniy qatag’onlarning ikkinchi to’lqinini boshlab berdi. Diniy ekstremizm, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish aybi bilan ommaviy ravishda mahkama jarayonlari boshlandi. Bu jarayonlarning aksariyati yopiq o’tgan. Qamashlar, qiynoqlar va tazyiqlar esa jamiyatda izsiz ketmayapti.

“Ularda (diniy e’tiqod bo’yicha qamalganlarda) qarshilikka va nafratga asoslangan dunyoqarash. O’liklarni olib kelishganda marakalariga men bordim. Otasini, o’ligi ustida turgan bolalarini ko’zidagi nafratni ko’rib qo’rqib ketdim. Biz qayoqqa ketayapmiz? Bu nafrat izsiz yo’qolib ketmaydi”, - deydi huquq himoyachisi Dilorom Is’hoqova.

Islomdan najot

O’zbekistondagi eng ommaviy ayblov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish bo’lib qolmoqda. O’zbekiston konstitutsiyaga ko’ra dunyoviy davlat. Aholining 90 foizdan oshig’i esa musulmonlar.

So’nggi 10 yilda aholida islomiy tamoyillarga qaytish kuchaygan. Sabablari e’tiqodda emas, ko’proq jamiyatdagi tanazzulda ko’riladi. Poraxo’rlik rivojlanishi, iqtisodiy nochorlik, erkin fikr va tanqid taqiqlanishi, dunyoviy davlatning avtoritar shakli aholini islomiy tamoyillarga qaytishga undamoqda.

“O’zbekistonda halol yashash imkoniyati yo’qolib bormoqda. Tirikchilik uchun odamlar bir-birini aldashga, g’irromlik qilishga mahkum etilgan”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

AQSh O’zbekistonni diniy e’tiqod bo’yicha alohida tashvishga molik davlat sifatida ko’radi. Davlat departamentining o’tgan yilgi hisobotida O’zbekistonga vaziyatni yaxshilash uchun 180 kun muhlat beriladi. Bu muddatdan keyin AQSh O’zbekistonga nisbatan siyosiy choralar ko’rishi mumkin.

Diniy e’tiqod bo’yicha AQSh xalqaro komissiyasining yaqinda e’lon qilingan ro’yxatida ham O’zbekiston maxsus e’tibordagi davlat sifatida qolgan. Diniy ta’qiblar kuchayishi jamiyatni ekstremizmga yetaklovchi asosiy sabab deb ko’riladi. Komissiya AQSh hukumatini O’zbekistonga nisbatan bosim choralari ko’rishga chaqirgan.

“AQSh bunday hisobotni har yili chiqaradi. Bundan tashqari xalqaro tashkilotlar, axborot vositalarida vaziyat qancha tanqid qilinadi, lekin hukumat bularni hammasiga beparvo”, - deydi Otanazar Oripov.

Mahalliy faollarga ko’ra mamlakatda norozilik kuchli. Ta’qib va tazyiqlar norozilik ko’lamini kengaytirmoqda, xolos.

“10 yil avval odamlar ko’chada hukumatni ochiq tanqid qilishga hadiksirashsa, hozir avtobusga chiqsangiz yoki boshqa joylarda ham prezidentni, hukumat rahbarlarini, davlat tizimini ochiq qarg’ayotgan odamlarni ko’rish mumkin”, - deydi Surat Ikromov.

Na demokratik qadriyatlarga, na islomiy tamoyillarga amal qilayotgan mamlakatda ziddiyatlar taranglashib boravarevishi kutiladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG