Breaking News

Gulbiddin Hikmatyor Afg'onistonda siyosiy sahnaga qaytadimi?


Gulbuddin Hikmatyor, 2007
Gulbuddin Hikmatyor, 2007

Afg'onistonda uzoq yillardan buyon hokimiyat uchun kurashgan jangari lider Gulbiddin Hikmatyor va bugungi davlat rahbarlari til topishgani ko'plab arboblar va huquq tashkilotlari nazarida demokratik chekinishdir. Hikmatyor minglab insonlarning qirilishi, azob-uqubati ortida turgan yovuz arbob, deya tasvirlaydi afg'onlar.

1980-yillarda Sovet Ittifoqiga qarshi kurashgan, bu yo'lda AQSh Markaziy Rezvedka Boshqarmasi bilan hamkorlik qilgan, 1990-yillarda fuqarolik urushida ichki dushmanlar bilan to'qnashgan, 2003-yilda esa al-Qoidaning sherigi deya AQSh tomonidan terrorist deya tamg'alangan Hikmatyor bugun yana siyosiy sahnaga qaytmoqda.

Xavotirlanmasdan iloj yo'q, deydi afg'on siyosiy tahlilchilari, lekin umidni ham boy bermaslik kerak.

Gulbiddin Hikmatyorning vakili Amin Karim Kobulda hukumat bilan tinchlik kelishuvi imzoladi, 22-sentbar, 2016
Gulbiddin Hikmatyorning vakili Amin Karim Kobulda hukumat bilan tinchlik kelishuvi imzoladi, 22-sentbar, 2016

G'arb ekspertlari nazarida esa Hikmatyor 1980 va 1990-yillardagi dunyoqarashlaridan uzoqlashgan bo'lsagina ijobiy yangiliklar kutish mumkin.

Irland olimi Maykl Sempl tahlilicha, Hikmatyor bugungi Afg'onistonni tan ola bilishi asosiy omil bo'ladi.

"Hikmatyor siyosiy arbob hisoblangan davrda demokratik tizim yo'q edi. Aholi huquqsiz, har bir masala qurol bilan hal etiladigan paytlar edi. Hozirda Afg'onistonda siyosiy raqobat bor, demokratik tanlov bor, odamlar o'z huquqlarini biladi va qonunga ishona boshlagan. Afg'oniston oz bo'lsa-da demokratiya nimaligini tushunadi va uning foydasini biladi",- deydi Sempl.

Hikmatyorning eski dushmanlari yoki uning kimligini unutmagan arboblar bugungi hukumatda yuqori pog'onalarda. Ular G'arb quvvatlovini olgan insonlar.

Amerikalik olima Lisa Kurtis Afg'oniston tarixi va o'tgan 30 yildagi siyosiy jarayonlarni yaqindan o'rgangan mutaxassis. Uning eslatishicha, vaziyat biz tasavvur qilgandan ham murakkabroq.

"Qo'rqinch va nafrat. AQShga unga terrorist deb qaraydi. Amerikaga qarshi xurujlarga hissa qo'shgan jangari lideri. O'tmishi qonga to'la inson",- deydi Kurtis, Gulbiddin Hikmatyorni tasvirlar ekan.

Biroq, deydi u, afg'onlar bir-biri bilan murosa qilayotgani, umuman olganda, ijobiy o'zgarish. Tinchlik bitimiga amal qilish qiyin kechishi aniq.

Kurtis nazarida tarixni unutish qanchalik og'ir bo'lmasin, xalq oldinga siljishni istaydi. Siyosatchilar buni yodda tutishi zarur, deydi u.

AQSh Afg'onistonda Tolibonni hokimiyatdan ag'dargach, 2001-yilda Hikmatyor Eronga qochgan va yaqindan vatanga qaytganini ma'lum qildi. 2000-yillarda uning guruhi Tolibon bilan hamkorlikda qonli hujumlar qilganlikda ayblanadi.

Lekin Hikmatyor o'tgan 15 yil ichida biror xurujga qo'l urmaganini da'vo qilib keladi.

U islomiy tuzum tarafdori lekin demokratiya tarafdorlari bilan ishlamoqchi. Irland olimi Maykl Sempl fikricha, bundan qo'rqish kerak emas. Tolibon bilan murosa qilishga urinayotgan hukumat uchun Hikmatyorni ko'ndirish g'alaba, deydi ekspert.

Afg'oniston sobiq diplomati Umar Samad deydiki, Hikmatyor ishonib bo'lmaydigan shaxs. Kobul aldanmoqda, deydi u.

"Hikmatyor fundamentalist. O'tmishda ham, bugungi kunda ham qurolga tayanib ish tutgan odam. Hozir o'z etnik kelib chiqishiga suyangan holda hokimiyatga qaytmoqchi, ishonib bo'lmaydi", - deydi Samad.

Oq uy Kobulni bu borada quvvatlab, Hikmatyor bilan murosa ish berishidan umidvor.

Obama ma'muriyati uchun afg'onlar barqarorlik sari birgalikda harakat qilayotgani progress.

Siyosatdonlar esa Hikmatyor qanchalik "xavotirli lider" bo'lmasin, uning vatanda ekani, hukumat bilan aloqada ish tutishga shayligi davlat uchun foyda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG