Breaking News

Bayden prezidentlikka nomzodini e'lon qilishi kutilmoqda


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden
AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden yaqin kunlarda Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzodini e'lon qilishi mumkin. Muxolif respublikachilar va hatto safdosh demokratlar Baydenni jiddiy raqib sifatida ko'rmayapti. Hozir barchaning diqqati milliarder Donald Trampda.

Poygaga kirish haqida o'ylanayotgan Bayden o'tgan hafta yetakchi senator Elizabet Uorren, dushanba kuni esa Prezident Barak Obama bilan uchrashib, maslahatlashgan.

Oktabr oyida Demokratlardan prezidentlikka nomzodlar ilk teledebatda qantashadi. Bayden o'sha paytgacha ro'yxatdan o'tishga ulgurishi va sobiq davlat kotibi Xillari Klinton hamda vermontlik senator Berni Sandersga yetib olishga harakat qilishi kerak.

"Jo Bayden murosasiz raqib bo'ladi, biroq uning ishtirokidan kimga ko'proq foyda bo'lishini bilmayman", - dedi Sanders.

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, demokrat saylovchilar orasida Sandersga xayrixohlar ko'paymoqda. Ayrim shtatlarda u Xillari Klintondan ko'proq ovoz olishi kutilmoqda. Respublikachi nomzod Lindsi Gremning aytishicha, Bayden hozir poygaga qo'shilmasa, keyin kech bo'ladi.

"U Klintonning zaif tomonlarini ko'rmoqda. Sobiq davlat kotibi qator muammolar bilan yuzlashyapti. O'ziga o'zi qildi. Ishonch darajasi bunchalik pastlagandan keyin siyosatchining kuni bitdi deyavering", - deydi Grem.

Vashingtonlik tahlilchi Styuart Rotenbergning aytishicha, Bayden Klinton uchun Sandersdan ko'ra jiddiyroq raqib bo'lar edi.

"Baydenning demokratlardan nomzodlikka saylanishga imkoniyati yuqoriroq. Biroq u poygaga kech kiryapti. Klintonni matbuotda, Demokratlar va Respublikachilar partiyalarida tanqid qilayotganlar Demokratik partiya negizini tashkil etmaydi. Partiyaning aksariyat a'zolari uni sevadi, fikrlariga qo'shiladi, Klinton ularning qadriyatlari va qarashlarini ifoda qilayapti deb o'ylashadi", - deydi tahlilchi.

Respublikachi nomzodlar orasida shov-shuvga sabab bo'lgan Donald Trampni mutaxassislar jiddiy qabul qilmayapti.

"Bu sirkning o'zginasi, Las-Vegasday gap. Haqiqiy siyosatdan ko'ra realiti shouga o'xshaydi", - deydi Styuart Rottenberg.

Bu tomoshami, yoqmi, Trampning noqonuniy immigratsiyaga doir gaplariga aksariyat amerikaliklar qo'shilmoqda. Uning partiyadosh raqibi Jeb Bush ham shu masalaga jiddiy yondashmoqda. Dushanba kuni Bush AQSh-Meksika chegarasida bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG