Breaking News

Bayden Erdog'an bilan Assad va "Islomiy davlat" haqida gaplashdi


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (chapda) va Turkiya Prezidenti Rajab oyib Erdog'an, Istanbul, 22-noyabr, 2014-yil
AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (chapda) va Turkiya Prezidenti Rajab oyib Erdog'an, Istanbul, 22-noyabr, 2014-yil

AQSh Vitse-prezidenti Jo Baydenning uch mamlakat bo'ylab safari bugun Turkiyada yakunlanadi. Kecha Bayden Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashib, qo'shni Suriya va Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash xususida gaplashgan.

Qo'shma Shtatlar Turkiyadan faolroq harakatlar va xalqaro koalitsiyaga qo'shilishini kutmoqda. Ikki arbob Suriya Prezidenti Bashar Assad xususida ham gaplashgan.

"Suhbat chog'ida "Islomiy davlat"ga qarshi choralar, Suriya muxolifatini kuchaytirish, mamlakatda siyosiy o'zgarishlarga turtki berish, Assaddan qutulish haqida gaplashdik", - deydi Bayden.

Shu kungacha Erdog'an Qo'shma Shtatlardan avval Assadga qarshi kurashda yordam berishni so'rab kelgan. Erdog'an Bayden bilan uchrashuvni foydali deb Turkiya AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilishi haqida so'zladi.

Baydenning aytishicha, AQSh 1,6 million suriyalik qochqinga boshpana bergan Turkiya uchun qo'shimcha 135 million dollar ajratadi.

Bugun ma'lum bo'lishicha, Pentagon Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash uchun sunniy qabilaviy kuchlarni qurollantirishni rejalamoqda. Bunga 18 million dollardan oshiqroq pul sarflash ko'zda tutilgan. Bu pulga 5000 ta avtomat, 50 ta granatomyot, 12 mingta granata va 50 ta minomyot xarid qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG