Breaking News

Bostondagi portlashlardan bir yil o'tib shahar ahli qanday fikrda?


Boston
Boston
Aprel oyining uchinchi dushanbasi Amerikaning Massachussetts shtatida Vatanparvarlik kuni. O’sha kuni Boston shahrida yillik marafon. Bu an’ana tarixi 1897-yilga borib taqaladi. Zamonaviy Olimpiya o’yinlarining birinchisi 1896-yilda o’tgan. Boston marafoni ham o'sha davrdan beri o'tkaziladi.
Amerika hayoti - Boston shahar ahli bilan suhbat - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:52 0:00
Yuklab oling

2013-yilning 15-aprelida Massachussetts shtati poytaxti Boston ahli minglab yuguruvchilarni olqishlab, tinch va osuda shahar mehmonlar bilan ovora edi. To’satdan finish yonida ketma-ket ikki bomba portlaydi. 264 kishi jarohatlanib, uch kishi halok bo’lgan o’sha kuni.

Xurujdan uch kun o’tib, Federal Qidiruv Byurosi ikki shaxsning suratini oshkor etgan: aka-uka, Johar va Tamerlan Tsarnayevlar - chechen muhojirlar. Massachussetts Texnologiya insituti atrofida, Bostonga tutash Kembrij shaharchasida kechgan otishmada Tamerlan Tsarnayev qattiq yaralanadi va kasalxonada jon bergani e’lon qilinadi. Johar Tsarnayev esa shundan beri panjara ortida va ishi hali sudda ko’rilgani yo’q.

Advokatlarining aytishicha, Johar ruhan kasal va unga qo’yilgan 30 ayblov asossiz. Portlashlar va unda ayblangan shaxslar bilan bog’liq jumboqlar hali yechimini topmagan, lekin chet ellik ikki yoshning terrorizmda gumon qilinishi Bostondek global shaharda muhojirlarga munosabatni qanchalik o’zgartirdi?

Boston aholisi qariyb 700 ming, lekin uning atrofidagi shaharchalar va tumanlarni qo’shib hisoblasak, 4,5 million odam bu hududda kun kechiradi. Dunyoga mashhur Garvard universiteti joylashgan Kembrij shahri va Bostonning tarixiy ko’chalarini kezib, jamoatchilik fikrini o’rgandik. Xulosa shuki, o’tgan yilgi fojia bostonliklar uchun o’tmish.

60 ga yaqin oliygohlari, ilg'or bio-texnologiya hamda tibbiy tadqiqot markazlari bilan tanilgan Boston xorijliklarga to’la. Kimdir sayyoh, kimdir talaba, kimdir esa Bostondan panoh topgan muhojir.

Bostondan taqdim etgan ko'rsatuvimiz, bu yerda bilim olayotgan va kun kechirayotgan o’zbekistonliklar haqidagi lavhalarimizni saytimiz yoki YouTubedagi kanalimizda tomosha qilshingiz mumkin.

Hozir esa Boston ahli zamon haqida qanday fikrda ekani bilan tanishsak:

Birinchi suhbatdoshimiz: “Boston juda baynalmilal shahar… Men o’zim til markazida ishlayman. Har kuni o’nlab chet elliklar ingliz tili kurslariga yoziladi, yuzlab talabalarimiz bor. Men o’zim shaxsan arab davlatlaridan kelayotgan yoshlar bilan ishlayman. Lotin Amerikasidan ham studentlar talay”.

“Mafaronlar Bostonda yillik an’ana. Bu yil kayfiyat sal boshqacha, chunki o’tgan yilgi musobaqa haqida o’ylaganda odamlar hamon dahshatga keladi. Munosabat ham shunga yarasha. Vatanparvarlik, tolerantlik targ’ib qilinmoqda. Yugurishga kelganlarni quvvatlaganlar ko’p. E’tibor kuchli. Xavfsizlik choralari ham mustahkam, nazarimda. Men o’zim arab-amerikalikman. Shu kungacha yomonlik ko’rganim yo’q bu yerda. Madaniy shok degan narsa hamma joyda bor. Odam yangi muhitga tushib qolganida yoki tamoman notanish yondashuvga duch kelganida dovdirab qoladi ba’zida. Bunga men fojia sifatida qaramayman. O’rganasiz, chidaysiz, sabr-toqatsiz yashab bo’lmaydi, axir. Bostondagi portlashlar hayotni to’xtatib qo’ygani yo’q. Hamma o’z tirikchiligi bilan ovora. Portlashda ayblanganlar uchun ular chiqqan jamoani ayblashayotganini ko’rmadim. Kimlar yashamaydi bu shaharda. O’tgan yilgi voqealardan odamning eti jimirlaydi, lekin biz ertani o’ylab yashayapmiz. Hammaga tinchlik va farovonlik kerak”.

Boston Shimoliy Amerikada qad ko’targan ilk shaharlardan biri. Unga 1630-yilda Angliyadan kelgan protestantlar, aniqrog’i vatandagi repressiyadan qochib kelgan va “puritan” oqimi sifatida tanilgan insonlar asos solgan. Ko’chalarni aylanar ekansiz, har burchakda tarixdan darak beruvchi imorat va manzarani ko’rasiz. Ular zamonaviy binolar bilan yonma-yon, qanchalik eski bo’lsa, shunchalik qadrli.

Ikkinchi suhbatdoshimiz Boston kollejini bitirgan ekan. Boston kolleji – universitet. Amerikada kollejlar oliy o’quv yurtlari.

“Universitetimda o’qib yurganimda nafaqat Amerikani, balki dunyoni kashf qildim, chunki talabalar har yerdan. Ular bilan tanishib, do’stlashib, dunyoqarashim o’zgargan. O’tgan yilgi portlashlar albatta odamni shokka solgan edi. Mahalliy saylovlar arafasida edik bu shaharda. Men o’zim ma’qul ko’rgan nomzodning kampaniyasida ishlayotgan edim. Xurujlardan boshida dahshatga tushdik, shaharda hayot to’xtab qolgandek tuyuldi. Lekin tekshiruvlar natijasida hammasi astalik bilan oydinlasha boshladi. Odamlar ishga va o’qishga qaytdi... Bu yilgi marafon paytida xavfsizlik choralariga qattiq e’tibor berishganini ko’rdim. Lekin odamlar yopirilib keldi. O’tgan yilgi portlash bizni qo’rqita olmadi”.

Uchinchi suhbatdoshimiz
o’zini Zaviyer Shropshir deb tanishtiradi. U ham oldingi yigit singari “NextDoor” deb yozilgan futbolka kiyib olgan. Keyin bilsak, bu og’aynilar bir kompaniyada ishlar ekan. “NextDoor”, deya tushuntiradi ular, qo’shnilarni bir-biriga tanishtiradigan, mahalla bilan bog’liq yangilik va ma’lumotlarni bir joyda saqlaydigan ijtimoiy tarmoq. Bostondek sanoatlashgan va har bir daqiqa pul deb hisoblanadigan shaharlarda odamlar yillab yonma-yon yashab ham, bir-birini tanimasligi mumkin. “NextDoor” – Amerikada mahalla-kuy degan narsani targ’ib qilayotgan kompaniya, deydi Zaviyer.

“Shu yerda tug’ilganman, shu yerda o’qidim va mana ishlayapman. Faxrlanaman bostonlik ekanim bilan. Bilasizmi, Boston bu kuch degan shiorimiz bor. Hamshaharlarim faqat o’z xavfsizligini emas, hammaning tinchligini o’ylab yashaydi. Bir-birimizni yaqindan bilmasak ham, shahar osuda bo’lsin, hamma to’q va totuv yashasin deymiz. Politsiya, o’t o’chirish xizmati, maishiy xizmatlar – hammasi joyida. Mahalla degan tushunchani yoyib kelamiz. Mahallalar bor, lekin odamlar o’zi bilan ovora bo’lib, atrofidagilarni yaxshiroq bilmasligi mumkin. Bu boshqalarni yomon ko’ramiz degani emas, balki ishdan uyga, uydan ishga qatnab, qo’ni-qo’shni uchun vaqt topa olmaslik tabiiy hol bo’lib qolganini anglatadi. “NextDoor” kompaniyasi orqali odamlar internetda bilib oladi qo’shnisi kim ekanini. Bepul xizmat. Hech qanday ma’lumot pullanmaydi. Biz mahalliy hokimiyatlar bilan ishlaymiz”.

To'rtinchi suhbatdoshimiz - parkda bolasi bilan sayr qilib yurgan ayol. Uning aytishicha, Boston bir qarashda to’q va xotirjam ko’ringani bilan bu yerda ham muammolar ko’p. Qimmat shahar, ish topish oson emas, oila to’q yashashi uchun bir kishining maoshi yetmaydi. Uning o’zi enagalik qilar ekan. Bir necha joyda ishlayman, deydi u.

“O’tgan yilgi voqealar ketidan xavfsizlikka e’tibor oshgan va odamlar avvalgidek beparvo emas. Vatanparvarlik hissi kuchaygan. Boston bunday xurujlarga toqat qilmaydi degan gaplarni ko’p eshitamiz”.

O’tgan yillar ichida Boston ancha o’zgardi, hozir bu yerda oilalarni ko’p uchratasiz, deydi suhbatdoshimiz. Shahar oldingidek asosan so’qqabosh professionallar yaxshi yashaydigan joy emas. Oilalar ko’paygani sari sharoit ham yaxshilanmoqda. Enagalik qilib yurib, shahri haqida ko’p narsa o’rganibdi. Shunga qaramay boy va kambag’al orasidagi farq tobora kattalashib bormoqda.

“Men yashaydigan mahallada, masalan, bu tafovut yaqqol ko’zga tashlanadi. Juda badavlat odamlar bor. Menga o’xshagan odamlar ham bor – bir amallab tirikchilik qilayotgan. Bir tomonda saroylar, ikkinchi tomonda esa yo’qsillar uchun qurilgan maxsus majmualar. Irqiy segregatsiya degan narsa hamon mavjud. Oqlar yaxshiroq yashaydi, qoralar esa quyi qatlam. Lekin Boston juda global. Universitetlar ko’p odamni bu yerga olib keladi, shuningdek, texnologiya va tibbiyot sohasida ham imkoniyatlar keng. Harakat qilgan kam bo’lmaydi”.

Beshinchi suhbatdoshimiz - 1773-yilda qurilgan imoratdan chiqib kelgan kishi. Bu binoda joylashgan xususiy kompaniyada hisobchi bo’lib ishlar ekan. Havodan noliydi.

“Uf, bu yil qish biram cho’zildiki… O’zi Boston juda salqin shahar. Lekin bu yil qish juda og'ir kechdi. Quyoshni sog'indik. Biz hozir turgan joyda deyarli har bir imorat ikki yarim-uch asrlik tarixga ega. Ular muzeylar emas, ishxonalar, do’konlar va restoranlar. Hayotimiz har joydagidek. Maosh yetsa, xursandmiz. Umuman olganda, bostonliklar hech narsadan nolimasligi kerak. Sharoit dunyoning ko’plab qismlariga qaraganda juda yaxshi. O’tgan yilgi portlashdan keyin shaharni yopib qo’yishdi. Naqadar ahmoqlik. 3-4 kun ishga borolmadik, chunki bomba qo’yganlarni qidirishdi. Hisobchiman. Ishdan qolib ketdik. Soliqni hisob-kitob qiladigan payt edi. Men shaxsan hokimiyat va organlar qanday ish tutganidan norozi bo’ldim. Chunki ular odamlarni vahimaga solishdi. Ko’chaga chiqma, mashinada yurma deb. O’zingiz bir tasavvur qiling. 2001-yilning 11-sentabridagi terror xurujlari paytida ham Nyu-Yorkda bunchalik voydod deyishmagan edi. Axir o’shanda 3000 ga yaqin odam o’lgan. Bolalar qancha edi ular orasida. Biz esa qo’lbola bombalarni deb shahrimizni qulflab qo’ydik. To’g’ri, uch odam o’ldi bu yerda ham, qo’l-oyoqlaridan ayrilganlar bo’ldi. Lekin bunchalik vahimaga hojat yo’q edi, nazarimda. Lekin Bostondagi portlashni 11-sentabr voqealariga qiyoslashsa, asabimga tegadi. Unchalik emas-da axir.”

Bostonni Boston qilib turgan chiroyli ko’chalar va manzara emas, deydi bu amerikalik. Shaharning ko’rki - bu yerda va uning atrofidagi xilma-xil universitet va kollejlarda bilim olayotgan yoshlar. Ta’lim – ulkan sanoat. Ish o’rinlari yaratuvchi va yiliga milliardlab dollar daromad olib keluvchi soha.

“Yoshlar Bostonni oldinga yetaklaydi. Dunyoqarash keng bu yerda. Izlanishdan tinmaydi. Texnologik kashfiyotlar qilishda shahrimizdagi ilm maskanlari yetakchi. Biz kattalar esa yoshlardan orqada qolib ketmaslikka harakat qilamiz. Shu jihatdan Boston juda ajoyib shahar”,- deydi bu amerikalik.
Boston, Massachussetts: sayohat & suhbatlar - Bostonians talk to VOA Uzbek
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:48 0:00
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG