Breaking News

Boston marafoni haqida hujjatli film ishlandi


Ayollar orasida 2017-yil Boston marafoni g'olibi keniyalik Edna Kiplagat, Boston, 17-aprel, 2017-yil
Ayollar orasida 2017-yil Boston marafoni g'olibi keniyalik Edna Kiplagat, Boston, 17-aprel, 2017-yil

2013-yil 15-aprelida Boston shahridagi an’anaviy marafon paytida 12 soniya ichida ikkita bomba portlab, uch kishi o’ldi, 264 odam jarohat oldi, shulardan 14 tasining tana a’zolarini amputatsiya qilishga to’g’ri keldi.

Gollivud o’sha voqea haqida “Vatanparvarlar kuni” deb nomlangan film ishladi. Jon Danxem esa “Boston” nomli hujjatli film yaratdi. Taniqli aktyor Matt Deymon matnni kadr ortida o’qiydi. Film xuruj haqida hikoya qilsa-da, undan asosiy maqsad boshqa edi.

2013-yilgi Boston marafonida sodir etilgan qonli voqeaga qaramay, keyingi tadbirga 36 000 ishtirokchi to’plandi. Ularning shijoatini ko’rgan odam shahar yaqindagina bunday musibatni boshidan o’tkazganiga ishonmasdi. Marafon tarixi haqida ko’p yillardan buyon hujjatli film olish rejasida yurgan kinochi va marafonchi Jon Danxem portlashlardan larzaga keldi.

“Qonli voqea yuragimga qattiq botdi, o’zimga kelolmay yurdim. Shaharga 2014-yil yanvarida kelgach, Boylston ko’chasini har kuni boshidan oxirigacha kezardim, xayolimdan ko’p narsalarni o’tkazardim", - deydi ijodkor.

Danxem ishlagan “Boston” filmida 2013-yilda hukm surgan qo’rquv va azob keng yoritilmaydi. Muallif Boston marafonini eng boshidan xayriya va birdamlikka chorlovchi, kuch bag’ishlovchi omil sifatida tasvirladi.

Danxem bu filmda marafonning yillar davomida nufuzga qanday erishganini ko’rsatib berdi. Ishtirokchilar saralab olinadigan bo’ldi, o’rtacha tezlik oshdi. Poygachilar butun dunyodan keladi. Keniyalik Uilson Chebet ulardan biri.

“Bolaligimda maktabga yugurib borardim. 3,7 kilometrlik masofani bosib o’tardim. Tushlikka uyga qaytib kelib, tushlikdan so’ng yana maktabga chopardim. Oxirgi darsdan keyin yana uyga chop-chop”, - deydi u.

Hujjatli filmda Boston poygasining jiddiy xayriya tadbiriga aylanish tarixi ham ochib berilgan. Bu marafonda 1946-yilda g’alaba qozongan gretsiyalik olimpiyachi Stilianos Kiriakides xayriyani boshlab bergan.

"Kiriakides Boston marafoni chempioni sifatida mablag’ to’plab, urushdan keyingi Gretsiyaga yordam uchun o’z hissasini qo’shdi”, - deydi Danxem.

17-aprel kuni 121-Boston marafoni o’tkazildi. Boston sport uyushmasi vakiliga ko’ra, tayyorgarliklar ko’ngildagiday o’tdi.

"Xurujdan keyingi yillarda jamoamizda birdamlik hissi kuchaydi. Nafaqat xurujda jarohat olganlar, balki jamoamizning boshqa a’zolari ham, butun dunyodan odamlar bizni qo’llab-quvvatladi. Insonligimiz bilan, shahrimiz bilan, yugurish sporti bilan faxrlanish hissi kuchaydi. Xuruj bizga qattiq zarba bo’ldi, biroq oyoqqa tez turib olib, yanada kuchliroq bo’ldik”, - deydi T.K. Skenderian.

1897-yilda boshlangan marafon tashkilotchilari Yozgi Olimpiya o’yinlaridan ruhlangan edi. Danxemning filmi poyga tarixi haqida.

“Hayotimizdagi ko’p narsalarni nazorat qila olmaymiz, biroq ko’chaga chiqib, yugurishni, marafonda yugurish kabi maqsadga erishishni uddalasa bo’ladi. Bu inson hayotini ijobiy tomonga o’zgartirish kuchiga ega bir voqeadir”, - deydi hujjatli film muallifi.

Bu yilgi Boston marafoni dushanba kuni o’tdi. Erkaklar orasida ham, ayollar orasida ham oltin medalni keniyalik sportchilar qo’lga kiritdi. O’tgan yili oltin medallarni efiopiyaliklar qozongan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG