Breaking News

Markaziy Osiyoda Xitoy ta'siri oshib bormoqda


Markaziy Osiyoda Xitoy ta’siri tez sur’atlar bilan oshib bormoqda. Mintaqaning biror mamlakatida ichki mojaro boshlangudek bo’lsa, Xitoy ham siyosiy, ham iqtisodiy ma’noda katta zarar ko’rishi shubhasiz.

Bu Bryusselda joylashgan va Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro guruhning (International Crisis Group) 27-fevral kuni chiqarilgan hisoboti xulosalaridan.
Markaziy Osiyoda Xitoy nufuzi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:47 0:00
Yuklab oling

“Xitoyning Markaziy Osiyo muammosi” deb nomlangan hujjatda Pekinning region bilan aloqalari tahlil qilinadi. Xitoy qudrati tobora oshar ekan, Markaziy Osiyodagi ta’siri Rossiya va AQShnikidan ham oshib ketishi muqarrar, deyiladi unda.

Tashkilot nazarida mintaqaning besh davlati ichki muammolar ummonida. O'zaro yakdillik, birdamlik yo'q. Tolibon safida jang qilayotgan jihodchilar 2014-yilda xalqaro qo’shinlar Afg’onistinni tark etganidan so’ng e’tiborni Markaziy Osiyoga qaratishi mumkin.

“Xitoy Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlab, iqtisodiy taraqqiyot va barqarorlikni ta’minlashda yordam bermoqda. Bu taktika aslida Pekin pozitsiyasini ham mustahkamlashi shubhasiz, xususan Shinjon-Uyg’ur muxtor viloyatida. Pirovardida Pekin mintaqani ham, o’zini ham NATO qo’shinlari Afg’onistondan chiqib ketishining salbiy oqibatlaridan asramoqchi. Iqtisodiy taraqqiyot har bir mamlakatdagi ichki norozilikni kamaytiradi degan umid bor”, - deydi guruhning Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Didra Taynan.

Muammo shundaki, yildan yilga Markaziy Osiyoning kattagina qismida beqarorlik kuchayib borayapti. Afg’oniston vaziyatni og’irlashtirayotgan faktorlardan. Biroq aksariyat davlatlardagi asosiy muammo – mas'uliyatsiz boshqaruv va korrupsiya, deydi u.

Xitoy Markaziy Osiyoga milliardlab dollar sarmoya kiritgan va kiritishda davom etmoqda. Besh davlat bilan savdo hajmi 1992-yilda 527 million dollarni tahskil etgan bo'lsa, 2010-yilda 30 milliard dollarga yetdi. Xitoy uchun bu yer ulkan tabiiy resurslar va energiya zaxiralari manbai hamda arzon tovarlar uchun katta bozor.

Ammo gap shundaki, Rossiya ham a’zo bo’lgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti faoliyatini samarali deb bo’lmaydi. Ham Pekin, ham Moskva Markaziy Osiyo yakka hokimlarining qattiqqo’l siyosatini ehtiyotkorlik bilan kuzatadi. Chunki aynan ichki siyosiy repressiya, millatchilik va iqtisodiy qiyinchiliklar jiddiy muammolar tug’dirishini Rossiya va Xitoy yaxshi tushunadi.

“Xitoyning mintaqadagi ta’siri oshar ekan, unga nisbatan shubha va ishonchsizlik ham har doimgidan kuchli, - deydi Stefani Klayn-Albrandt, Bo’hronlarni o’rganish guruhining Xitoy bo’icha maslahatchisi.

"Agar Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasidan Markaziy Osiyoda faqat doir bir doira, elita foyda ko’raversa, oddiy aholiga uning ijobiy ta’siri bo’lmasa, mintaqaviy beqarorlik kuchayadi”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG