Breaking News

Xitoy: "Islomiy davlat" Shinjondan ekstremist yollamoqda


Xitoy hukumati “Islomiy davlat” terror guruhi safida uning fuqarolari ham borligini bildirmoqda. Ushbu bayonot Pekinning Shinjon-Uyg’ur viloyatida islomiy ekstremizm haqidagi xavotirlarini aks ettiradi.

Xitoy: "Islomiy davlat" safida Shinjondan ekstremistlar bor/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00

Tanqidchilar nazarida esa odamlarni ekstremistik ishlarga undayotgan hukumatning o’zi, uning repressiv siyosati.

Xitoy Kompartiyasining Shinjondagi rahbari Jang Chunshian muxtoriyatdan qancha odam “Islomiy davlat”ga qo’shilgani haqida ma’lumot bermadi. Lekin, deydi u, bu global ekstremistik harakatlarning Shinjonga ham ta’siri borligini ko’rsatadi.

Jang Chunshian Pekinda parlamentning yillik majlisi doirasida jurnalistlar bilan muloqot qildi. Yaqin Sharqda jihodchilar safida jang qilganlarning ayrimlari Xitoyga qaytib kelgan, deydi u.

“Yaqinda jangdan qaytgan mana shu odamlarga aloqador bir ishni fosh etdik. Ammo mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun bundan ortiq ma’lumot bera olmaymiz”, - deydi rasmiy.

Tahlilchilar fikricha, Xitoydan Iroq va Suriyaga jo’nab ketganlar ko’p emas. O’tgan yili Xitoy matbuoti bu ikki davlatda jang qilayotgan va treningdan o’tayotganlar 300 ga yaqin deya xabar bergan edi.

Ularning aksariyati Sharqiy Turkiston islomiy harakati a’zolari ekani aytiladi. Bu guruhni Xitoy ham, Qo’shma Shtatlar ham terrorchi tashkilot deya tamg’alagan. Pekin da’vosicha guruhning maqsadi Shinjonda alohida bir davlat tuzishdir, lekin ko’plab kuzatuvchilar Sharqiy Turkiston bugungi kunda ancha zaiflashgani, a’zolari soni ikki mingdan oshmasligini aytadi.

Xorijdagi uyg’ur tashkilotlar va inson huquqlari faollariga ko’ra, Xitoy yarim asrdan oshiq vaqt mobaynida Shinjonda uyg’ur xalqini ezib kelmoqda, tub aholini radikal ishlarga boshlayotgan asosiy faktor shu.

Jahon uyg’urlari yetakchisi Robiya Qodirning aytishicha, rasmiy bayonotlarga ishonch yo’q. Kommunistik partiyaning 2010-yilda Shinjonga tayinlangan kotibi Jang Chunjian regionda ahvolni yaxshilay olgani, keskinlikni kamaytira olgani yo’q, deydi u.

2009-yilgi etnik to’qnashuvlar ketidan musulmonlar uchun yangi qoidalar joriy etildi. Uzun soqol qo’yish, hijob va niqob kiyish, ro’za tutish taqiqlandi.

Pekin uyg’urlarni diniy e’tiqodi uchun tazyiqqa olayotgani haqidagi ayblovlar bot-bot yangraydi. Parlament majlisida rasmiylar shunga urg’u berdiki, diniy ekstremizm tahdidi ko’plab boshqa davlatlar uchun ham katta muammo.

So’nggi ikki yilda Shinjonda hukumatga qarshi isyon va hujumlar oqibatida yuzlab odam halok bo’lgan. Xurujlar poytaxt Pekin hamda janubdagi Yunan provinsiyasida ham ro’y bergan.

Hukumat o’tgan yildan beri muxtoriyatda terrorizmga qarshi uzoq muddatli amaliyotlar olib bormoqda. Yuzlab uyg’urlar ekstremizmda ayblanib, sudga tortildi, qamoqqa tashlandi va o’lim jazosiga mahkum etildi.

Bo’lajak hujumlar haqida ma’lumot berganlarga katta mukofot puli taklif etilar ekan, jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik qilayapmiz, deydi rasmiylar.

Shinjon Kompartiyasi rahbari o’rinbosari Shuhrat Zokir ana shu sa’y-harakatlar natijasida joriy yilda hujumlar ancha kamayadi, deya ishonch bildirmoqda. Ogohlik eng zarur shart, deydi u.

Shinjonda ahvol qanchalik og’ir ekanini ko’rsatish uchun parlament yig’inida ayrim raqamlar yangradi.

“2013-yilda mahalliy hukumat xizmatchilaridan 230 nafari halok bo’ldi. Xitoyning boshqa hududlari bilan qiyoslaganda, Shinjonda o’ldirilgan politsiyachilar soni besh baravar ko’p”, - deydi Kompartiya kotibi Jang Chunshian.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG