Breaking News

Huquq tashkilotlari: AQShda qiynoqqa qo'l urganlar jazolansin


Inson huquqlari faollari AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida so'roq paytida mahbuslarni qiynagan rasmiylarni jazolashga chaqirmoqda.

BMTning Inson huquqlari va aksil-terror bo'yicha maxsus vakili Ben Emmersonning aytishicha, AQSh Senatining hisobotida qayd etilgan jinoyatlar javobsiz qolmasligi kerak.

Human Rights Watch direktori Kennet Rot nazarida qiynoqlarga qo'l urgan rasmiylar jazosini olmaguncha amaliyot kelajakda davom etaveradi.

Senat Razvedka qo'mitasi 6000 sahifalik hisobotning bir qismini jamoatchlikka oshkor etib, Markaziy razvedka boshqarmasi terrorchilikda ayblangan va gumon qilingan shaxslarni so'roq paytida qiynagani ayon bo'ldi.

Qo'mita boshqarmani Kongress va Amerika xalqiga bunday usullarning samarasi haqida yolg'on ma'lumot berganlikda ayblaydi. Mahbuslar kaltaklangan, kichik joyda saqlangan, uyqudan ayrilgan, cho'ktirilgan, muzda cho'miltirilgan.

Qo'mita raisasi, Kaliforniyadan saylangan demokrat-senator Dayan Feynshteynning aytishicha, razvedka boshqarmasi o'z harakatlari bilan Amerika qadriyatlariga dog' tushirdi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, bunday qo'pol xatolar takrorlanmasligi kerak.

Vashingtonda ayrim rasmiylar hisobotni oshkor etmaslik kerak edi, degan fikrda. Ular nazarida bu garovdagi amerikaliklarning hayotini xavf ostiga qo'yishi, ekstremistlar zo'ravonlikka qo'l urishi mumkin.

Obamaga ko'ra, mamlakat xatolarini tan ola bilishi kerak. So'roq qilishning bunday usullari Obama prezidentlikka kelganidan so'ng 2009-yilda to'xtatildi.
Amaliyot undan oldingi rahbar Jorj Bush paytida boshlangan edi, ammo hisobotdan ma'lum bo'lishicha, Bushning qiynoqlardan xabari bo'lmagan.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan xatolar bo'lganini tan oldi, ammo uning nazarida bu kabi so'roq usullari yordamida olingan ma'lumot terrorchilarni qo'lga tushirishga, xurujlarning oldini olishga, inson hayotini saqlab qolishga yordam berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG