Breaking News

AQSh kompaniyalari Kuba mahsuloti bilan raqobatga tayyormi?


Qo’shma Shtatlar yarim asrlik embargoni tugatib, yaqin orada Kuba bilan savdo-sotiqni qayta boshlamoqchi. Bu degani, dunyoga mashhur Kuba sigaralari AQSh bozoriga kirib keladi. AQSh kompaniyalari raqobatga tayyormi? “Amerika Ovozi” Florida shtatidagi tamaki zavodida bo’ldi.

Murakkab eski uskunalar va epchil qo’llar baleti… Tampa shahrining tarixiy mahallasida joylashgan J. C. Newman zavodidamiz.

130 kishi kuniga 60 ming sigara ishlab chiqaradi. Qancha tamaki solishni mashinalar o’lchaydi va quritilgan barg ichiga qadoqlanadi.

Agar Kuba sigaralari ekspertlar bashorat qilayotganidek AQSh bozorining 70 foizini egallasa, bu kabi korxonalar zarar ko’rishi tayin.

Ammo eski texnologiya va dehqonchilikning yangi usullarini o’zlashtirgan J. C. Newman kompaniyasi xavotirga o’rin yo’q, deydi.

“Biz 83 davlatga mahsulotimizni eksport qilamiz. Shimoliy Amerikadan tashqarida Kuba sigalari bilan anchadan buyon raqobatdamiz”, - deydi kompaniya vitse-prezidenti Shanda Li.

Newman - Tampadagi so’nggi yirik sigara zavodi. Tabanero nomli kichik kompaniya ham bor, kuniga 500 sigarani qo’lda qadoqlaydi. Amerikadan tashqarida ham o’z mijozlariga ega. Bu mijozlar Kuba sigaralari bilan tanish.

Tabanero narx va sifatdan doim yutadi, deydi kompaniya vakili Jim Kollins.

“Bir dona Kuba sigarasi 25 dollar! Bizning do’konga kelsangiz, 9-10 dollarga zo’r sigara olasiz”, - deydi u.

Sanoat ekspertlari Kuba mahsulotlari sifatini e’tirof etsa-da, AQSh bozorining katta qismini egallab olishiga ishonmaydi.

"Kuba sigara kompaniyalari AQSh bozorida o’z ulushiga ega bo’lishni istaydi, albatta", - deydi Deyvid Savona. "Kuba mahsulotlari uchun 50 yildan beri yopiq turgan eng yirik bozor bu. Lekin ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish uchun vaqt kerak”.

Tampa shahrining Ibor Siti mahallasi bir paytlar dunyoning sigara poytaxti deb atalardi. Sanoatchi Visente Martinez-Ibor 1800-yillar oxirida bu yerda bir qancha bizneslar boshlagan, immigrantlarni ishga olgan. Yuzlab zavod va fabrikalar bugunga kelib yopilib ketdi.

Buning sababi, deydi tarixchi Tom Ufer, iqtisodiy muammolar, jumladan, arzon ishchi kuchiga asoslangan raqobatdir.

“Dominikan Respublikasi, Gonduras yoki Nikaraguaga ko’chib, o’sha yerda sigara ishlab chiqarish arzonroq bo'lgan”, - deydi Ufer.

Arzon ishchi kuchi bir masala. J. C. Newman zavodi Kuba bilan raqobatdan qo’rqmaydi. Uning asosiy tashvishi - yuqori soliqlar va biznes ustidan nazorat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG