Breaking News

Kolumbiya okrugi AQShning 51-shtatiga aylanmoqchi 


AQSh poytaxti Vashington joylashgan hudud Kolumbiya okrugi deb ataladi. Kelayotgan noyabrda bu federal territoriya 51-shtatga aylanishi mumkin. Masala referendumda ovozga qo’yiladi. Okrug Kongressda o’zining to’laqonli vakiliga ega bo’lmoqchi.

Vashington ahli “Kongressda vakilimiz yo’q, lekin soliq to’laymiz” deya nolib keladi.

“18 yoshga to’lib, ovoz bera boshlaganimda sezdimki, ovozim ahamiyatsiz ekan.Farzandlarim 18 yoshga kirganda to’laqonli fuqaro sifatida ovoz bera olsin va ularning ovozi o’tsin”, - deydi Josh Berch.

U qo’shnilari bilan bir harakat tuzdi. Maqsad Kolumbiya okrugi aholisi manfaatlari uchun kurashish.

Hukumat joylashgan 25 kvadrat kilometrlik federal hududni, konstitutsiyaga ko’ra, Kongress nazorat qiladi.

Bugun bu okrugda qariyb 700 ming odam yashaydi, soliq to’laydi, lekin 1961-yilgacha hatto prezidentga ham ovoz bera olmagan. Hozir ham Vashingtonning Kongressdagi vakillari ovoz bera olmaydi. Senat va Vakillar palatasining muhokamalarida qatnashishi mumkin xolos.

Shunday vakillardan biri senator Pol Strauss poytaxt aholisiga to’liq huquqlar berilishi kerak, deydi.

“Okrug aholisi qurolli kuchlarda xizmat qiladi, federal soliqlarni to’laydi. Lekin nega endi 50 shtatda yashovchi fuqarolar bilan huquqlari teng emas?”, - deb so'raydi u.

Tashabbus tarafdorlariga ko’ra, Kolumbiya okrugi Vermont va Vayoming shtatlaridan ham ko’proq aholiga ega. Kongressda ularning Nyu-York va Kaliforniya kabi yirik shtatlar bilan vakolati bir xil.

Lekin yangi shtat bo’lish harakatiga qarshilar ham oz emas. Rojer Pilon konstitutsiya bo’yicha ekspert. Uning tahlilicha, okrugni shtatga aylantirish bosh qomusga zid.

“Muammo shundaki, cheklangan vakolatlar tamoyiliga binoan federal hukumat yangi shtat yaratish vakolatiga ega emas”, - deydi u.

Respublikachilar ham referendumni yoqlamaydi, chunki Kolumbiya okrugi saylovlarda doimo demokratlarga ovoz bergan. Agar shtatga aylansa, Kongressda demokratlar ko’payadi deyavering.

Bahslar noyabrgacha davom etadi. Kolumbiya okrugi maxsus komissiya tuzib, referendumni o’tkazishga tayyorgarlik ko’rmoqda. Rejaga ko’ra, Oq uy va Kapitoliy joylashgan hududlar federal maqomini yo’qotmaydi, lekin qolgan qismlari Yangi Kolumbiya nomli 51-shtatga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG