Breaking News

"Islomiy davlat"ga pul uchun qo'shilib, pushaymon bo'lgan afg'onlar


“Islomiy davlat” guruhida qo’mondon bo’lgan va so’ngra qochib ketgan ikki afg’on “Amerika Ovozi” ga bergan intervyusida (VIDEO) terror tashkilotiga ularni mafkura emas, pul yetaklaganini aytadi.

Tahlilchilar deydiki, “Islomiy davlat” safiga Suriya va Iroqda qo’shilayotganlar va Afg’onistonda unga intilayotganlar orasida tafovut bor. “Islomiy davlat”ning bir mintaqadagi faoliyati boshqasidagidan farq qiladi.

Ikki afg'on bir paytlar Tolibon harakatida xizmat qilgan. Suriyadagi “Islomiy davlat” bilan aloqasi yo’qligini ta’kidlaydi va butun dunyoda xalifalik tuzish rejasini ham ma’qullamasligini aytadi.

“Men tog’li mintaqadanman. U yerda qashshoqlik hukmron. Biz zo’rg’a kun ko’rardik. Qurol yordamida non topardik. Ish yo’q. “Islomiy davlat” esa bizga oyiga 10 ming pokiston rupiyasidan (100 dollar) to’lay boshladi”, - deya hikoya qiladi Arabiston ismli qo’mondon.

U va Zaytun ismli safdoshining gaplarini tekshirishning iloji bo’lmadi. “Amerika Ovozi” muxbiri ikkovlon bilan Afg’oniston razvedka xizmatiga tegishli bunkerda suhbatlashdi. Afg’oniston rasmiylari va qabilalar yetakchilari “Amerika Ovozi”ga bu insonlar “Islomiy davlat” saflarida xizmat qilganini tasdiqladi.

Bu insonlar kim?

Arabistonning yoshi 50 da. Maktabda o’qimagan. Oilasi, to’qqizta farzandi bor. Pulga muhtoj bo’lganini, shu sababdan jangarilar taklifini qabul qilganini aytadi.

40 yashar Zaytun ham savodsiz. Sakkizta bolasi bor. “Islomiy davlat”ga qo’shilishdan oldin tog’larda 15 oy yashagan.

Ammo jangarilar bilan 10 oy ishlaganidan keyin ikkala qo’mondon boshqa chidolmasligini tushunib, mahalliy qabilalar yetakchilari yordamida Afg’oniston hukumati bilan muzokara qilgan va xavfsizligini ta’minlashni so’ragan.

“Ularga qo’shilganimizda, shariat o’rnatamiz, deb aytishgan edi. Ammo keyinchalik ularning odamlar kallasini kesganini, og’irliklar sodir etganini, odamlarga bomba taqib, o’zini portlatishga jo’natganini ko’rdik. Bunga chidolmadik. Yaqinlarimiz oldiga, vatanimizga qaytishga qaror qildik”, - deydi Zaytun.

“Ular bizga afg’on milliy armiyasi a’zolarini, qabila yetakchilari va mamlakatda ta’sir va obro’ga ega shaxslarni o’ldirishni buyurdi”, - deydi u.

Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, Afg’onistonda 2000-3000 shunday jangari bor.

Jangarilikka majburlanayotganlar ko'p

So’nggi oylarda Afg’oniston, xususan Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat" harakatlari jadallashdi. Jangarilar chegara punktlariga hujum qiladi. Qonunni buzgan holda odamlar, pul va kontrabandani chegaradan olib o’tadi. Va hatto xorijliklar uchun harbiy mashqlar o’tkazishi haqida ma’lumotlar bor.

Zaytun "Islomiy davlat" asosan Pokistondan kelgan yangi a’zolar uchun treninglar tashkil qilganini aytadi. Ayrim hollarda guruh mahalliy aholini ham saflariga qo’shilishga majbur qiladi.

“"Islomiy davlat" kimda-kim ularga qo’shilmasa, o'sha kishini josus, deydi, shuning uchun odamlar yoki ularga qo’shilish yoki boshqa joyga ko’chib ketishga majbur”, - deydi Arabiston.

“Biz ularning qabila yetakchilariga munosabatiga qarshilik bildirdik. Oqsoqollar va qariyalarga zarar yetkazib qanday naf topasizlar, dedik. Ular esa bu sening ishing emas, deb aytdi. Obro’li odamlarni tinch qo’ymoqchi emas edi”.

"Islomiy davlat"​ga qarshi kurash

Tahlilchilarga ko’ra, Afg’onistondagi “Islomiy davlat” a’zolari Suriya va Iroqdagi guruhdoshlari bilan aloqaga bo’lmasligi mumkin. Ikki sobiq qo’mondon ham buni ta’kidlar ekan, hech qachon suriyalik va iroqliklarni uchratmaganini aytadi.

“Yo’q, ularni o’z ko’zim bilan ko’rmaganman. Balki boshqalar ko’rgandir”, - deydi Zaytun.

“Rend” korporatsiyasidan ekspert Rebekka Zimmerman fikricha bu holat "Islomiy davlat" Afg’onistonda qanday ishlashi haqida yangi ma’lumot beradi.

"Guruh Afg’onistonda chuqur o’rnashganicha yo’q. Bu odamlar kim, ular nima sababdan va nima uchun kurashayotganini tushunishga harakat qilyapmiz”, - deydi u.

“Bu jangarilar "Islomiy davlat"ning boshqa a’zolaridan farqli o’laroq xalifalikka asos solish kabi radikal g’oyaga ergashmagan ko’rinadi. Ular mafkurasi unchalik radikal emas. Ular uchun mahallasi, vatanidagi ahvol muhimroq”.

Arabiston Afg’onistonda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga shay.

“Bundan buyon biz vatanimizni himoya qilmoqchimiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG