Breaking News

2011 – namoyish va inqiloblar yili


Suriyada namoyishchilar prezident Bashar al-Assad iste'fosini talab qilmoqda. 2-dekabr 2011-yil.
Suriyada namoyishchilar prezident Bashar al-Assad iste'fosini talab qilmoqda. 2-dekabr 2011-yil.

Bu yil norozilik namoyishlari va inqiloblar yili bo’ldi. “Arab bahori” nomi ostida tanilgan qo’zg’olonlar natijasida uzoq yillik diktaturalar barham topdi. Lekin ijobiy o’zgarishlar bo’ldi deyishga hali erta. 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari himoyasi kuni.

Bundan qariyb bir yil oldin Tunis va Misrda xalq qo’zgalib, hokimiyat o’zgardi. Tunisda yangi parlament saylandi, Misrda erkin va ochiq saylovlar bo’lib o’tdi.

Lekin erkinlik uchun kurash – har tomonlama og’ir jarayon. Suriyada qon to’kilib, minglab odamlarning yostig’i quridi. Bahraynda namoyishlar hamon davom etmoqda. Hukmdorlar norozi ommaning talablarini ko’rib chiqishni va’da qildi.

Xalqaro Amnistiya inson huquqlari xalqaro tashkiloti mutaxassisi Said Bumeduo Bahrayn rahbarlariga ishonch yo’q deydi:

”Mahalliy yoki xalqaro tashkilotlar bu hukumatga tinimsiz murojaat va nasihat qilib kelmoqda. Ular pinagini buzmaydi. Biror va’dasini bajarmaydi”.

”Arab bahori” dunyo bo’ylab odamlarga umid baxsh etdi. Hatto erkinlik o’lkasi Amerikada ham.

Amerikadagi norozilik namoyishlari:

Jessika Mazur xususiy sektor va ularni quvvatlagan siyosatchilarga qarshi namoyishlarida ishtirok etmoqda.

“Hukumatdan o’zgarishlarni talab qilishni men Yaqin Sharq namoyishchilaridan o’rgandim”, - deydi Jessika.

Odamlar ish joylarini yaratish, boylarning siyosatga ta’sirini kamaytirishni talab qilmoqda.

”2011-yilni global demokratik inqiloblar yili deyish mumkin. Dunyo bo’ylab odamlar hokimiyatga qarshi chiqmoqda”, - deydi Vashingtonda joylashgan “Think Progress” nodavlat tashkiloti xodimi Zaid Jeloniy.

“Agar ko’chalarga chiqmasak, noroziligimizni ko’rsatmasak, ahvol o’zgarmas ekan degan fikrga keladi xalq. Faqat saylovda qatnashib emas, balki namoyishlar uyushtirish orqali rahbarlarning e’tiborini jiddiy muammolarga qaratish mumkin, degan tushuncha shakllandi”.

Faollar chiqishlarni davom ettirish niyatida. Politsiya palatkalarni buzib, namoyishchilarni haydasa ham, hibsga olsa ham, orqaga qaytish yo’q, deydi ular.

Misrdagi inqilob tasvirlari:

Suriyada hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG