Breaking News

2015-yil IMAX va 3D formatdagi filmlar davri bo’ldi


IMAX 3D - Gollivudning bugungi filmlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00

IMAX 3D - Gollivudning bugungi filmlari

Chiroqlar yonsin! Kamera! Motor! Bu so’zlarning mahsulini tomoshabin katta ekranda maza qilib ko’radi. 2015-yil ayniqsa IMAX va 3D formatdagi filmlarning davri bo’ldi.

Katta byudjetli sarguzasht va fantastika filmlarining deyarli hammasi mana shu, keng ko’rinishda ekranga chiqdi. Chiptalar bahosi odam boshiga naq 15 dollar bo’lsa ham oilalar jon deb kinoga tushmoqda. Maxsus effektlar arziydi-da.

Ajablanmasa ham bo’ladi: “Samoviy janglar” filmining navbatdagi qismi ikkinchi haftadayoq jahon bo’ylab rekord o’rnatdi. Bir milliard dollarlik chiptalar sotib ulgurildi. Xitoy bozoriga film endi, 9-yanvar kuni chiqishi kerak. Bu esa daromad yana ham oshadi degani.

Smitson teatrlari direktori Zart Berchning aytishicha, filmni IMAX formatida tomosha qilish uchun odamlar sal ko’proq pul to’lashga tayyor. Tassurotlar shunga arziydi.

“Samoviy janglar” mualliflari nihoyatda olamshumul, qiziqarli, bir necha avlodga birday qiziq bir ish qilishdi. IMAX esa bu mahsulotni keragiday, chaqnatib ko’rsatib beradi”, - deydi Berch.

Nafaqat “Samoviy janglar”. Sal oldin “Universal” kinokompaniyasi dinozavrlar haqida “Yura dunyosi” filmini tomoshabinga havola qildi. IMAX va 3D shaklidagi kinoni ko’raman deb odamlar yopirilib keldi. Birinchi haftadayoq film 525 million dollar ishladi.

Kinostudiya mahsulot haqiqatda daromadli bo’lishini bilsa, IMAX va 3D formatga pul tikadi. “Qasoskorlar” filmi bunga yorqin misol. Film ixlosmandlari har xil voqealarga boy, maxsus effektli sarguzasht kinolarni televizorda emas, katta ekranda ko’rishni afzal biladi. “Qasoskorlar” jahon bo’ylab bir yarim milliard dollar foyda qildi.

“Ochlik o’yinlari” filmining oxirgi qismi ham aynan IMAX va 3D da ishlandi va yilning eng daromadbop filmlari deb topildi.

“Pixar” kompaniyasining “Mehribon dinozavr” va “Ichki dunyo” multfilmlari yangi formatda ekranga chiqib, ajoyib ssenariysi va rang-barangligi bilan oilalarni xursand qildi.

Lekin hamma IMAX mahsulotning ham omadi chopavermaydi. Rejissyor Ron Xovardning “Dengiz tubida” filmi bir namuna. 1820-yilda bahaybat kitning hamlasidan suvga g’arq bo’lgan Amerika kemasi haqidagi bu kartinani kinotanqidchilar jonsiz bir surat deya qoraladi. Maxsus effektlar fonida voqea-hikoya unut bo’lishiga bir misol bu.

Bu kamchilikka qaramay, IMAX va 3D formatlari tobora yaxshiroq mahsulot bilan tomoshabinni o’ziga tortishda davom etaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG