Breaking News

Eron o'z fuqarolarining umra ziyoratiga borishini to'xtatib qo'ydi


Eronliklar Saudiya Arabistoni elchixonasi oldida norozilik namoyishi o'tkazmoqda, Tehron, Eron, 11-aprel, 2015-yil.
Eronliklar Saudiya Arabistoni elchixonasi oldida norozilik namoyishi o'tkazmoqda, Tehron, Eron, 11-aprel, 2015-yil.

O'tgan oy Jidda aeroportida eronlik ikki ziyoratchi kamsitishga uchragani haqida xabarlar chiqqach, rasmiy Tehron bundan buyon eronliklar Saudiya Arabistoniga umra ziyoratiga bormasligini ma'lum qildi. Bu qaror Iroq, Yaman, Suriya va Livanda mazhablararo ziddiyatlar kuchayayotgan bir paytda e'lon qilindi.

Eron Madaniyat vaziri Ali Jannatiyning aytishicha, Riyod eronlik ziyoratchilarni tahqirlagan chegarachilarni jazoga tortmaguncha, Tehron o'z fuqarolarining kichik haj amalini amalga oshirishiga ruxsat bermaydi.

Saudiya Arabistoni hodisa yuzasidan rasman izoh bergani yo'q. Ammo Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohianning aytishicha, Riyod eronlik ikki o'smirni tahqirlagan odamlarni topib jazolashga so'z bergan.

11-aprel kuni Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasi oldida eronliklar namoyish o'tkazgan.

Shuningdek, Eron ommaviy axborot vositalari xabariga ko'ra, eronliklarni ziyoratga olib kelayotgan yana bir samolyot Saudiya Arabistoni aeroportiga qo'nishiga ruxsat berilmagan. Riyodlik rasmiylarning aytishicha, samolyot qo'nish uchun kerakli ruxsatnomaga ega bo'lmagan.

Eronlik tahlilchi va sobiq diplomat Mehrdod Xonsariyga ko'ra, Tehron o'z fuqarolarining Saudiya Arabistonida kamsitilganidan g'azabda, ammo hukumat haj safarini uzoq muddat to'xtatib turishdan manfaatdor emas.

"Odamlarni hajga jo'natish Eron hukumati uchun katta daromad manbai. Ayni paytda Saudiya Arabistoni bilan bu masalada doim kelishmovchilik bor. Eron ko'proq odam jo'natishni xohlaydi, saudiylar esa bu raqamni ozaytirish ilinjida. Agar ular o'z fuqarolarini jo'natishni to'xtatsa, bu bilan ular saudiylar xohlagan narsani qilayotgan bo'ladi", - deydi u.

Ziyoratchilar masalasi ikki mamlakat o'rtasidagi kattaroq siyosiy ixtilofning bir qismi, xolos, deydi Xonsariy. Tomonlar Suriya va Yamandagi urushlarda raqib tomonlarni qo'llab-quvvatlashi aytiladi.

Hech bir tomon ixtilofning yanada avj olishini istamaydi va ular muammolarga diplomatik yechim topishni xohlamoqda, deydi kuzatuvchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG