Breaking News

Bag'dodda portlashlar, o'nlab odam o'lgan


Bag'dodning shialar yashovchi Tolibiya tumani portlashlardan larzaga keldi.
Bag'dodning shialar yashovchi Tolibiya tumani portlashlardan larzaga keldi.

"Islomiy davlat" guruhi kecha Bag'dodda kamida 36 odamni hayotdan olib ketgan xurujlarni amalga oshirganini da'vo qilayapti. Hujumlar shaharning asosan shialar yashovchi mahallasida sodir etilgan.

Bag'dodda avvaliga iroqlik askarlar va shia jangchilar nishonga olinib, politsiya yetib kelganidan keyin yana bir portlash yuz bergan.

Shaharning boshqa yerida politsiya nazorat punktiga mashina kelib urilgani, yetti ofitser halok bo'lgani ma'lum.

Iroq poytaxti hamon hukumat nazoratida, lekin rasmiylar deyarli har kuni sodir etilayotgan hujumlarni to'xtatishga ojizlik qilayapti.

Yangi Bosh vazir Haydar al-Abadiy joriy hafta qilgan chiqishida Bag'dod bexatar ekanini, terrorchilar qo'li shaharga yetmasligini ta'kidlagan edi.

Kurd harbiylari esa mana ikki oydirki Suriyaning Kobani shahrini "Islomiy davlat"dan himoya qilib jang qilayapti. Bunda ularga Qo'shma Shtatlar boshliq xalqaro koalitsiya yordam berayapti.

Shaharning Turkiya bilan chegaradosh qismidan "Amerika Ovozi" muxbiri Skott Bobbning xabar berishicha, shu hafta jangarilar kurd pozitsiyalariga hujum qilgan. Koalitsiya ularni havodan o'qqa tutib chekinishga majbur qilgan. Bugun, juma kuni shahar nisbatan tinch, deya xabar beradi muxbirimiz.

Britaniyada asoslangan, Suriyadagi ahvolni kuzatayotgan huquq tashkilotining bildirishicha, sentabr o'rtalarida Turkiya bilan chegarada "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyot boshidan beri 660 dan ziyod jangari yo'q qilingan. Har ikki tomonda talofatlar undan-da katta bo'lishi mumkin, deydi huquq faollari, chunki aniq raqamlarni bilish qiyin.

Amerika joriy hafta Kobanida jangarilarga qarshi havo hujumlariga zo'r bergan. Qo'shma Shtatlar Suriyadagi kurd siyosiy partiyasi bilan bevosita muzokara boshlaganini ham tan olayapti. Partiya AQSh va Turkiya tomonidan terrorchi tashkilot deya tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqadordir.

Kurdiston ishchilar partiyasi mustaqil Kurdiston uchun kurashayotib, Turkiyaning o'zida qator xurujlar sodir etgan. AQSh Davlat departamenti Suriyadagi kurd partiyasi va Kurdiston ishchilar partiyasi o'rtasidagi rishtalardan boxabar ekanini, guruhni hamon terrorchi tashkilot deya bilishini aytmoqda.

Bu orada, Kurdiston ischilar partiyasi vakili "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Kobani uchun olishuv paytida koalitsiyaga yordam berayapmiz, jangarilar manzillarini aniqlashda ko'maklashayapmiz, degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG