Breaking News

Iroq va Suriya sunniylari siyosiy jarayonlarda faol bo'lmoqchi


Suriya va Iroqda azaldan yashagan va so’nggi paytlarda “Islomiy davlat” ekstremistik to’dasi tomonidan quvilgan qabilalar ona-yeriga qaytishga umid qilmoqda.

“Arab qabilalarining qo’lidan ko’p narsa kelmaydi hozircha, chunki Daish hayotning barcha jabhalarini nazorat qilmoqda. Ammo ular bu to’da haydalganidan keyin tinchlik o’rnatishda katta rol o’ynashga qodir”, - deydi suriyalik faol Qusay Huvaydiy.

Kurd va arab qurolli kuchlari AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiylari yordamida jihodchilarni Iroqda Falluja va Mosuldan, Suriyada esa Raqqadan haydab chiqarishga harakat qilmoqda.

Qabila yetakchilari mahalliy rahbarlar bilan uchrashib, reja tuzmoqda. Aholi ekstremistlar zulmiga chidolmay, boshqa hududlarga qochishga majbur bo’lgan.

Sadoqat yoki ta’qib?

“Islomiy davlat” kuchga kirganidan buyon Iroq va Suriyadagi ko’p arab qabilalari rahbarlari tazyiqlardan cho’chib, to’daga sadoqat bildirdi. Bunday qilishdan bosh tortganlar ta’qibga uchradi. Masalan, 2014-yilda jihodchilar Suriyaning ko'p sonli al-Shaytat qabilasining 700 vakilini o’ldirgani haqida ma’lumotlar bor.

Qabilalarni nazorat qilish va o’zaro urushlarning oldini olish maqsadida Daish qabilalar bilan aloqalar uchun mas'ul maxsus kengash tuzgan.

“Islomiy davlat” qabilalar orasidagi mojarolarga yo’l qo’ymaslikda muvaffaqiyatga erishdi”, - deydi Iroqning Kirkuk shahridagi xavfsizlik idorasi boshlig’i Hello Najot.

Shu yil boshida Iroqdagi qabilalar orasida nizo yuzaga keldi.

“Ular nima sababdan Jbur qabilasi vakili chegara punktlarida Ubayd qabilasi vakilini hibsga oladi, deb janjal ko'targan va bir-birini ota boshlagan. Shunda “Islomiy davlat” rahbarlari qabilalar vakillarini vazifalaridan ozod etib, chegara punktlariga xorijlik jangarilarni tayinladi”, - deya misol keltiradi Najot.

“Islomiy davlat”dan keyin

So’nggi ikki yil ichida AQSh va hamkorlari Iroq va Suriyada sunniy qabilalarning minglab vakillarini qurol bilan ta’minladi va harbiy tayyorgarlikdan o’tkazdi, ammo ularni yagona kuchga birlashtira olmadi.

Biroq “Islomiy davlat” mag’lubiyatga uchraganidan keyin barpo etiladigan armiya, xavfsizlik xizmati va davlat idoralari tarkibiga turli qabilalar vakillari kirishi uchun ular hozirdan ekstremistlarga qarshi faol kurashishi kerak, deydi ekspertlar.

Al-Hadidiy qabilasi vakili Ahmad Mahmud o’tgan oyda Iroqning Nineve viloyatida boshqa 25 qabila rahbarlari bilan uchrashib, ularning Musulni ozod etishdagi rolini muhokama qildi.

“Biz Kurdiston viloyati Prezidenti Masud Barzaniydan Musul shahrining ozod etilishida qatnashadigan qabilaviy mobilizatsion qo’shin tuzishni so’raymiz”, - dedi Mahmud.

Ma’lumki, Iroq va Suriyada turli mazhablar va etnik guruhlar o’rtasidagi muvozanatni saqlab qolish katta ahamiyatga ega. Tahlilchilar fikricha, Bag’dodda, asosan, shialardan tarkib topgan hukumat sunniy qabilalar bilan do’stona aloqalar o’rnatmasa bo’lmaydi. Chunki qabilalar o’zi yashab, nazorat qiladigan hudud ishlariga chetdan kelgan kuchlarning aralashishiga yo’l qo’ymaydi va politsiya, xavfsizlik organlari va boshqa idoralarga o’z odamlarini qo’yishni afzal ko’radi, deydi mutaxasislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG