Breaking News

Iroq va Turkiyadagi ziddiyatlar IShIDga qarshi kurashni susaytirmoqda


Istanbulda portlash, 12-may, 2016
Istanbulda portlash, 12-may, 2016

Iroq va Turkiyadagi siyosiy tanazzul "Islomiy davlat"ga qarshi urushga halaqit bermoqda, deydi AQSh rasmiylari. Ba'zi tahlilchilar Oq uy bu mamlakatlardagi siyosiy jarayonlarga aralashishi kerak, degan fikrda.

Iroqda hukumatning siyosiy islohotlarni amalga oshira olmayotganidan hamda korrupsiya ko'lamidan g'azablangan xalq parlament binosiga bostirib kirib, ayrim deputatlarning qochishiga sabab bo'ldi.

BMT maxsus vakili Yan Kubishning Xavfsizlik Kengashidagi brifingda aytishicha, bu kabi siyosiy tanazzul Iroq dushmanlari, xususan "Islomiy davlat" manfaatlariga xizmat qiladi. Uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlash uchun xalq oldida mas'ul, obro'li hukumat bo'lishi lozim, deydi ayrim kuzatuvchilar.

Vashingtondagi "Atlantika Kengashi" tahlil markazi xodimi Nussaybah Yunusga ko'ra, aholining talab va ehtiyojlariga javob beruvchi hukumat bor mamlakatlarda terror harakati yoki isyonchilar bo'lmaydi.

Iroqdagi hozirgi vaziyat "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning qo'lini bog'lab qo'ymoqda.

“Namoyishchilar ko'tarayotgan muammolar hal etilmas ekan, Iroqda aholining radikallashishiga olib kelayotgan masalalar bilan shug'ullana olmaymiz. Iroq hukumatida korrupsiya kuchli, amaldorlar layoqatsiz, aholining hatto eng asosiy ehtiyojlari qondirilmadi", - deydi tahlilchi Yunus.

Turkiyada esa Bosh vazir Ahmat Dovuto'g'lining kutilmagan iste'fosi AQShni muhim bir ittifoqchidan ayirdi.

“Dovuto'g'li bilan bordi-keldimiz bor edi. U Turkiya tashqi siyosatining so'nggi bir necha yillardagi me'mori edi. Endi esa masala chigallashdi", - deydi Karnegi jamg'armasidan Perri Kammak.

Biroq unga ko'ra, Qo'shma Shtatlarning Turkiya ichki siyosatiga so'zi o'tmaydi. Davlat departamenti Anqara, ichki ziddiyatlarga qaramay, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda xalqaro koalitsiyaning eng yaqin hamkori bo'lib qolishiga umid qilmoqda.

“Turkiya chegaradagi hududlarida bu tahdidga o'zi guvoh bo'lib turibdi”, - deydi departament matbuot xizmatidan Elizabet Trudo.

Eng muhimi, deydi tahlilchilar, Qo'shma Shtatlarning bu mamlakatlardagi yordami ichki siyosatiga aralashish deya ko'rilmasligi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG