Breaking News

Prezident Obama: Iroq xavfsizligi avvalo Iroq ahli qo'lida


Barak Obama Oq uyda Iroq borasida bayonot bermoqda. 13-iyun, 2014-yil.
Barak Obama Oq uyda Iroq borasida bayonot bermoqda. 13-iyun, 2014-yil.

Iroqda qurolli kuchlar jangarilar bosimiga tezda taslim bo’layotgani haqidagi xabarlar Amerika uchun zarba.

Iroqda jangarilar Bag’dodga yaqinlashar ekan, Qo’shma Shtatlar yordam va’da qilmoqda. Jangarilar katta hududlarni egallab olayotgani xabar qilinadi.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Iroq xavfsizligi avvalo Iroq ahli, hukumatining qo'lida. "Bu mamlakat hukumati bilan muzokara qilayapmiz va vaziyat haqida to'liq ma'lumot to'playapmiz", - deydi Oq uy rahbari.

"Biror qaror qabul qilish uchun bir necha kun vaqt kerak. Rasmiy Bag'dod aniq reja bilan chiqqan taqdirdagina Amerika suyab yuborishga tayyor", - deydi Obama.

"Qo'shma Shtatlar bu mamlakat xavfsizligi, armiya malakasini oshirish uchun ulkan moliya ajratgan, bu yo'lda qon kechgan. Bugungi xavf oldida armiya o'zi uchun, vatan uchun turib bermayotgani g'oyat xavotirli", - deydi AQSh prezidenti.

Kecha Diyala viloyatining Jalavla va Saadiya shaharlari qurollangan guruhlar – Islomiy Iroq davlati va Levantning qo’liga o’tgan. Shimoldagi viloyatlarning ko’pida hozir shular hukmron va poytaxt sari shiddat bilan harakatlanmoqda.

“Iroq Amerika va xalqaro hamjamiyatdan ko’proq madadga muhtoj ekanini ko’rib turibmiz”, - deydi Obama. Vashington har qanday variantlarni ko’rib chiqmoqda, deydi u.

Bu orada, minglab odamlar Iroq shimolidan bosh olib ketayapti. “Mosulda hukumatning gapi o’tmay qoldi, shu sababli uyimizni tark etdik”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan iroqlik.

Iroq xavfsizlik kuchlari jangarilarga bas kelishga urinayapti. Biroq askarlar qurolini tashlab qochgan yoki asir tushgan holatlar haqida xabarlar bor.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy parlamentda majlis o’tkazib favqulodda holat e’lon qilmoqchi. Lekin ko’pchilik sunniy va kurd deputatlar shia rahbar Malikiy siyosatidan norozi bo’lib sessiyani boykot qilgani bois tugal qaror qabul qilinmagan.

Iroq oxirgi olti yilda eng qonli davrlarni boshdan kechirmoqda. BMTning hisob-kitobiga ko’ra, bir yilda 4,500 odam nobud bo’lgan.

Iroqda qurolli kuchlar jangarilar bosimiga tezda taslim bo’layotgani haqidagi xabarlar Amerika uchun zarba. Qo’shma Shtatlar 2003-yildan beri Iroq armiyasini mashqdan o’tkazish, malakasini oshirish uchun 25 milliard dollar sarflagan.

Amerikaning oxirgi askari Iroqdan ikki yarim yil oldin qaytdi. Mamlakat ahli xorijdagi harbiy mojaroga aralashib qattiq charchagan va Obama taklifi bahs va qarshilik bilan yuzlashishi aniq.

Takliflardan biri dronlar ekani ma’lum. Amerika Pokiston, Afg’oniston, Yaman va Somalida jangarilarga qarshi aynan uchuvchisiz samolyotlarni qo’llab keladi.

Hozirning o’zida AQSh dronlari Iroqda razvedka ma’lumoti to’plashga yordam berayapti. Biroq amerikalik tahlilchi Stiven Zuns nazarida dronlar alohida odamlarni nishonga olishda samarali, lekin Iroqda katta jangari guruhlar haqida gap ketayapti. Bu jangarilar butun boshli shaharlarni egallab olgan.
Mosulliklar qo'shni Kurdiston muxtoriyatiga qochayapti.
Mosulliklar qo'shni Kurdiston muxtoriyatiga qochayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG