Breaking News

Ayrim faollar Gulnora Karimova bilan muloqot tarafdori, boshqalar bu o’yin deydi


O’zbekistonda prezidentning qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar xalqaro miqyosdagi moliyaviy firibgarliklarda ayblanib tergov qilinayotgan bir paytda, huquq himoyachilarining bir qismi Gulnora Karimova bilan muloqot olib borishni taklif etmoqda.
Ayrim faollar Gulnora Karimova bilan muloqot tarafdori
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:36 0:00

Ularga ko’ra, prezidentning qizi Milliy xafsizlik xizmati rahbarlari faoliyatini fosh qilmoqda va u bilan muloqot mamlakatda demokratik o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin.

Bu fikrga qo’shilmayotgan faollar esa Karimova atrofidagi o’yinga tortilmang, deya ogohlantiradi.

Demokratik o’zgarishlar umidida bir guruh faollar va Gulnora Karimova o’rtasida muloqot bo’layotgani haqidagi xabarlar ortidan, muxolifatdagi “Birdamlik” harakati rahbari Bahodir Choriyev “Uznews.net” nashridagi intervyusida Karimovani muxolifat safiga jalb etish taklifi bilan chiqdi.

Talonchilikka asoslangan ulkan biznes imperiyasi qulab, jinoiy javobgarlikka tortilishi ehtimoli bilan yuzlashayotgan Gulnora Karimova so’nggi payt avoritar hukumatdagi ziddiyatlar, xususan Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini fosh qilish bilan huquq himoyachilari diqqatiga tushdi.

Taniqli huquq himoyachisi, “O’t yuraklar” tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyeva Karimova bilan muloqot o’rnatgan faollardan biri. Tojiboyeva buni mamlakatda demokratik o’zgarishlar boshlash uchun imkoniyat sifatida ko’radi.

“Men buni tasavvur qila olaman, faqat buning uchun Gulnora Karimova otasi boshqarayotgan rejimni jinoiy diktatura ekanligini oshkora tan olishi kerak. Shuningdek o’zining kirdikorlarini ham tan olib, xalqdan kechirim so’rashi, o’marilgan pullarni xalqqa qaytarish uchun harakat boshlaganini ko’rsatishi kerak. Shunda ertaga Mo’tabar Tojiboyeva ham, boshqalar ham u bilan bir safda turib kurashishi mumkindir. Lekin avval u demokratiya, adolatli jamiyat uchun ekanligini ko’rsatishi kerak”, - deydi Tojiboyeva.

“O’zbekiston-Germaniya” forumi rahbari, huquq himoyachisi Umida Niyozova Gulnora Karimova bilan demokatik jarayon, inson huquqlari haqida muloqotga kirishishni sharmandalik deb hisoblaydi.

“Men Gulnora Karimovani kelajakda biror bir siyosiy pozitsiyaga chiqarish rejasini o’zbek xalqini haqoratlash bilan teng, deb o’ylayman. 30 millionli O’zbekiston aholisi ichidan jinoiy ishlarga qo’l urmagan munosib nomzodlar chiqishiga ishonaman. Biz hali mutlaqo aqldan ozganimiz yo’q, o’zbek xalqi hukumat rahbarligiga Gulnora, uning otasi va jinoyatchilar to’dasiga aloqasi bo’lmagan, boshqa munosib odamlar kelishiga haqli”, - deydi Umida Niyozova.

Muloqot tarafdorlariga ko’ra, Gulnora Karimova hukumatdagi ayrim rahbarlar faoliyatini fosh qilish bilan rejimga kuchli zarba berdi.

“Tan olish kerak, Gulnora Karimova rejimga qarshi juda kuchli zarba berdi. 20 yildan buyon rejimga qarshi kurashib kelayotgan kuchimizni tarozining bir tomoniga, ikkinchisiga Gulnora qisqa muddatda qilgan ishlari qo’yilsa, tan olish kerak, Gulnorani rejimga bergan zarbasi biz qilgan ishlarni bosib ketadi”, - deydi Tojiboyeva.

Umida Niyozovaga ko’ra, hozirgacha Gulnora Karimova tvitlari orqali jamoatchilikka oshkor etgan ma’lumotlar hech kimga yangilik emas.

“U qandaydir ismlarni aytadi, kim qancha pul o’g’irlagan, kimdir kimnidir urganini yozadi. Lekin biz bu narsalarni hammasini bilamiz, qiynoq borligini ham, ularning hammasi o’g’ri ekanligini ham. Lekin negadir hozirgacha u biron marta so’z erkinligi lozimligi haqida, siyosiy faoliyatni erkinlashtirish lozimligi haqida hech narsa demadi”, - deydi Niyozova.

Gulnora Karimova “Birdamlik” safiga chaqirilayotgan bo’lsa-da, tashkilotning O’zbekistondagi faollari ayricha pozitsiyaga ega. Harakatning O’zbekistondagi rahbari Malohat Eshonqulovaning shaxsiy xulosalariga ko’ra Gulnora ayrim faollarni o’z nog’orasiga o’ynatmoqda.

“Uning chetga chiqishi imkonsiz bo’lib qoldi, shuning uchun ham Gulnoraga nisbatan qo’shtirnoq ichidagi bosim kerak. Uni jabrdiyda sifatida ko’rsatib, qaysidir mamlakatga siyosiy qochqin sifatida chiqarib yuborish kerak. U hozir xorijda erkin yashashi mumkin bo’lgan yagona yo’l shu. Chet elga chiqqach, qandaydir laqma muxolifatni topib, ular bilan birlashib, o’sha muxolifatni yetakchisi sifatida mamlakatga kelib, otasini o’rnini egallashga harakat qiladi. Bu mening shaxsiy xulosam. Hozir u qaysidir jurnalistlarni, huquq faollarini o’z nog’orasiga o’ynatayapti, ular Gulnoraning o’yiniga ishonib qolishaypti. Undan muxolifat yasaymiz, degan xom xayol bo’lishi mumkin. Lekin bir-ikki marta Gulnora Yevropa havosini sipqordi degani, u demokrat bo’lib qoldi degani emas. Men hamkasblarimizni, faollarning fikrlarini hurmat qilaman, ularning ishonchi oqlanishini istayman, lekin afsuski bu yo’q narsa”, - deydi Eshonqulova.

O’zbekiston prezidentining to’ng’ich qizi Gulnora Karimova bilan bog’liq mojarolar yaqin bir yildirki jamoatchilik diqqatida qolmoqda. So’nggi yillarda asosan Yevropada faoliyat yuritgan Karimova moliyaviy qallobliklar bo’yicha surishtiruvlar boshlanishi, hisob raqamlari muzlatilishi ortidan BMTdagi elchilik maqomidan ajrab O’zbekistonga qaytdi.

O’zbekistonda unga tegishli biznes imperiya musodarasi boshlanar ekan, Gulnora Karimova ijtimoiy tarmoqlarda Milliy xafsizlik xizmati rahbariyatini fosh qilishga o’tdi, inson huquqlari va mamlakatdagi qiynoqlar haqida gapira boshladi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG