Breaking News

Qozog’iston politsiyasi ozchilikdagi elatlar bilan ishlashni G’arbdan o’rganadi


"Sayram tumanida aholining 60-70 foizini o’zbeklar tashkil qiladi. Aytishlaricha, tuman bo’yicha yuzta politsiyachi bo’lsa, 10-15 nafari o’zbek".
"Sayram tumanida aholining 60-70 foizini o’zbeklar tashkil qiladi. Aytishlaricha, tuman bo’yicha yuzta politsiyachi bo’lsa, 10-15 nafari o’zbek".
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qozog’istonda millatlararo ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan yangi loyihani boshladi.

Uning doirasida g’arb mutaxassislari mahalliy politsiyaga elatlar bilan ishlashni o’rgatadi, o’z tajribasi bilan bo’lishadi. Qozog’iston Ichki ishlar vazirligi loyihaga etnik jihatdan boy Almati va janubiy viloyatlarni jalb qilgan.

Loyihada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti milliy ozchilik qo’mitasi komissari Knut Vollobek va Qozog’iston rasmiylari ishtirok etgan.


Janubda o’zbeklar yirik jamoani tashkil qiladi. Faollar deydiki, Qozog’istonda ham millatchilik kayfiyati yo’q emas, jumladan, o’zbeklar yashaydigan hududlarda ham bilinadi. Qozoqlar va o’zbeklar o’rtasida ziddiyat esa avval bir necha bor kuzatilgan.

Chimkentda o’zbek va qozoq tillarida chiqayotgan “Turkiston tongi” gazetasi Bosh muharriri o’rinbosari Botir Norboyevning aytishicha, loyiha mamlakat uchun dolzarb, milliy ziddiyatlarning oldini olishda politsiyaning o’rni juda muhim.

“Agar Qirg’izistonda avvalroq shunday tashabbus amalga oshirilganda, ehtimol, qirg’inlar kuzatilmasdi. Juda zarur, dolzarb proyekt. Politsiya bu masalaga alohida e’tibor berib, turli millat vakillarini jalb eib, ularga baynalmilal tarbiya beradigan bo’lsa, konfliktlarning oldi olinardi. Ochig’ini aytish kerak, xalqimizning saviyasi u qadar yuqori emas. Haliyam urug’chilik, millatchilik kuchli. Bu tuyg’ular ziddiyatni keltirib chiqaradi, arzimagan to’qnashuv urushga aylanib ketishi mumkin. Tepaga boshqacha, odamlarga boshqacha yetib boradi. Shuning uchun ham bu kabi loyihalar juda dolzarb”, - deydi Norboyev.

Qirg’izistonda etnik qirg’inda huquq-tartibot idoralarining tarafkashligi ham rol o’ynagan. Bu militsiya, asosan, etnik qirg’izlardan tashkil topgani bilan izohlandi.

Norboyevning aytishicha, Qozog’iston janubidagi vaziyat, xususan, huquq-tartibot organlarining etnik tarkibi bo’yicha aniq raqamlarni aytish qiyin. Biroq o’zbeklar yashaydigan hududlarda politsiya safida o’zbeklar bor.

“Sayram tumanida aholining 60-70 foizini o’zbeklar tashkil qiladi. Buni ularning o’zlari ham e’tirof etadi. Men avvalroq so’ragan edim politsiya tarkibi haqida. Aytishlaricha, tuman bo’yicha yuzta politsiyachi bo’lsa, 10-15 nafari o’zbek. Bundan tashqari, turklar va ruslar bor. Nazarboyevning bu boradagi siyosati juda yaxshi, millatlararo munosabatlarni muvofiqlashtirib turadi. Biror ziddiyat bo’ladigan bo’lsa, darhol bartaraf qiladi. Men Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan bu loyihani amalga oshirayotganidan xursandman, chunki bu millatlararo munosabat barqarorlashishiga xizmat qiladi”, - degan fikrda Norboyev.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O’sh qirg’inidan so’ng millatlararo ishonchni tiklashda xalqaro politsiya xizmatidan foydalanish taklifi bilan chiqqan edi. Biroq taklif siyosatchilarning keskin noroziligiga sabab bo’lgan.

Qirg’iziston huquq-tartibot xizmati, adliya tizimida o’zbeklarni tahqirlash, ezish hamon keng tarqalgani bot-bot tilga olinadi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG