Breaking News

Putin qozoq xalqini haqorat qildi, deydi faollar


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev Ostonada o'tgan uchrashuvda, 29-may, 2014-yil.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev Ostonada o'tgan uchrashuvda, 29-may, 2014-yil.

Ukraina mojarosi Rossiya va Qozog'iston aloqalarini buzdi desak xato bo'lmaydi. Rossiya rahbari Vladimir Putinninig Qozog`iston davlatchiligi haqida bildirgan fikrlari ziddiyat uyg'otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda qozoqlar Vladimir Putinga qarshi kampaniya olib bormoqda.

Rossiya-Qozog'iston munosabatlari, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:57 0:00
Yuklab oling

Rossiyaning mintaqadagi eng yaqin hamkori Qozog'iston Vladimir Putinning bahsli bayonotiga qadar ham Vladimir Jrinovskiy, Eduard Limonov kabi siyosatchilardan "yoqimsiz gaplar" eshitib kelayotgan edi.

Kreml atrofidagi doiralar Qozog'istonning shimoliy hududlari avval Rossiyaga qarashli bo'lgan, mamlakatda rus tili va ruslar kamsitilmoqda deya iddaolar qilayotgan edi.

Biroq hozirgacha gaplar qozoq jamiyatida jiddiy aks-sado bermagan edi. Ammo prezident Putinning yaqinda qozoqlar hech qachon o'z davlatchiligiga ega bo'lmagan degan mazmunda bildirgan fikrlari qozoqlarning sabr kosasini to'ldirgan ko'rinadi.

Vladimir Putin “Seliger-2014” forumida yoshlar bilan o’tkazgan uchrashuvida Qozog'istondagi millatchilik haqida tushgan savolga javob berar ekan, Nursulton Nazarboyevni avval hech qachon davlatchilik bo'lmagan hududda davlat barpo etgan donishmand yetakchi sifatida ta'rifladi. Bu gapni haqorat sifatida qabul qilgan minglab qozoqlar Putinga Qozog'iston tarixiga oid darsliklar jo'nata boshladi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda munozaralar qizidi.

Qozoq muxolifati faoli, Ukrainada yashayotgan Aydos Sodiqovning Vladimir Putinga yo'llagan videomurojaati ham ancha ovoza bo‘ldi.

“Putin “Seliger”da Qozog'istonda hech qachon davlat bo'lmagan deb aytdi, bu ko'plab qozoqlarning, shu jumladan, mening ham oriyatimga tegdi. Bu bilan Putin butun qozoq xalqini haqorat qildi. Shuning uchun ham men Putinga videomurojaat bilan chiqdim. Unda Putin adashayotganini, maktab partasiga o'tirib tarixni o'qishi lozimligini aytdim”, - deydi Sodiqov.

Ukrainada yashayotgan qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqov
Ukrainada yashayotgan qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqov

Qozog'iston Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo boj ittifoqi a'zosi, shunindek, Ukraina ixtilofida ham Moskvani qo'llab kelayotgan ittifoqchi. Ammo Kreml va Ostona o'rtasidagi ziddiyatlarning asosi aynan Ukraina masalasiga, boj ittifoqining Minskdagi sammitiga kelib taqaladi.

“Putin bu bayonoti bilan Nazarboyevga tasanno o'qish niyatida emas edi. Bu bepisandlik Ukraina prezidenti ishtirok etgan sammitda Nazarboyevni vositachilik qilishga urinish bilan bog’liq. Bu sammitda Putin Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilishi boj ittifoqi a'zolariga katta iqtisodiy zarar yetkazishini aytdi. Nazarboyev esa bundan Qozog'iston iqtisodi yutqazmaydi degan fikrni bildirdi. Putin, albatta, bu qarshilikni kechira olmas edi va biroz o'tib “Seliger” da o'z munosabatini bildirdi”, - deya mulohaza yuritadi qozoq muxolifati vakili.

Qozog'istonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo boj ittifoqiga qo'shilishi ham qozoq jamoatchiligida qizg'in munozaralarga sabab bo'lgan edi. Aksilyevrosiyochilar sifatida shakllangan bir guruh muxolif qozoqlar ittifoqqa kirish bilan Qozog'iston o'z mustaqilligini qo'ldan boy beradi deb hisoblaydi. Rossiyaning Ukrainadagi amaliyotlari esa bu xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

“Yaqinda Rossiya harbiylari Qozog'iston bilan chegarada harbiy mashg'ulotlar o'tkazishdi, bu ham Qozog'istonga qilingan yangi bir ishora. Xullas, Putin uzoq o'ylamasdan Qozog'istonga o'z armiyasini kiritishi yoki Nazarboyev o'rniga boshqa bir odamni olib kelishi mumkin. Kremldagi ayrim siyosiy guruhlar shundoq ham anchadan buyon Qozog'istonning shimoliy viloyatlariga ko'z olaytirib turishibdi", - deydi Sodiqov.

Vladimir Putinning Qozog'iston haqidagi fikrlariga rasmiy Ostona biror munosabat bildirgani yo'q. Qozog'istondagi rus matbuoti esa bu o'lkada avval davlatchilik bo'lmagani haqida prezident Nursulton Nazarboyevning o'zi ham ilgari gapirganiga e'tibor qaratdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG