Breaking News

Kerri: "Islomiy davlat" kurash usulini o'zgartirmoqda


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada hududlaridan va moliyaviy manbalaridan ayrilayotganiga qaramay, hanuz jiddiy tahdid, dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri. Uning aytishicha, terrorchi guruh mag'lub etish qiyin bo'lgan yangi xavf turiga aylanib bormoqda.

Xalqaro koalitsiya vakillari bilan Vashingtonda o'tgan uchrashuvda terrorchi to'daga qarshi kurashning yangi bosqichi muhokama qilindi.

"Koalitsiyamiz va hamkorlarimiz Iroqda IShID nazoratidagi hududlarning 50 foizini qaytarib oldi. Suriyada esa 20 foizini", - dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Uning aytishicha, dunyo Iroq va Suriyaning bu terrorchilardan tezroq tozalanishini kutmoqda. Shu maqsadga erishilgan kun IShIDga qarshi kurashda burilish nuqtasi bo'ladi, dedi AQSh rasmiysi.

Guruhning moliyaviy imkoniyatlari ham ancha qisqargan. Nazorat ostidagi hududlarning toraygani, oyliklarning o'z vaqtida berilmayotgani ko'plab jangarilarni jang maydonlarini tashlab ketishga majbur qilmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Muqim bir hududga ega bo'lmasdan turib, deydi Kerri, "Islomiy davlat" o'zini "xalifalik" deb ortiq maqtana olmaydi.

Ammo yomon xabar shuki, guruh mintaqadagi barcha hududlarini boy bergan taqdirda ham, bu kurash tugadi, degani emas. Kerrining aytishicha, jangari to'da faoliyat shaklini o'zgartirib, terror xurujlarini davom ettirish imkoniyatiga ega.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Antoni Kordesmenning aytishicha, "Islomiy davlat" guruhi hozir terror xurujlarini amalga oshirishga undashda "Al-Qoida"dan ham o'tib ketdi.

"Biz uni o'rab olishimiz, cheklashimiz, ayrim jabhalarda mag'lub etishimiz mumkin, lekin mutlaqo yo'qota olmaymiz", - deydi u.

Endi nima bo'ladi?

Kerriga ko'ra, "Islomiy davlat" ayni paytda "xalifalik" qoldiqlarini global qotillar tarmog'iga aylantirish ustida ishlayapti. Ularning maqsadi imkon qadar ko'p joyda imkon qadar ko'proq odamni o'ldirish, deydi rasmiy.

To'da jangarilariga to'lanadigan maosh uchun pulni noqonuniy neft savdosi hamda boshqaruvidagi hududlardan olingan soliq va talon-taroj qilingan mol-mulklardan olardi. Hozir bu imkoniyatlar ancha cheklangani bois guruh kam mablag' talab qiladigan terror xurujlarini amalga oshirishga urinmoqda, deydi kuzatuvchilar. Ijtimoiy tarmoqlar orqali izdoshlarini qo'poruvchilik harakatlari va ommaviy qotilliklarga undash ana shunday yo'llardan biri.

AQShda yig'ilgan xalqaro koalitsiya vakillari ham "Islomiy davlat"ning kurash strategiyasi o'zgarib borayotganiga e'tibor qaratdi. Terrorchilar kutilmagan va tezkor hujumlarga zo'r bermoqda. Chunki, odatda, ular xurujlardan omon qolishni kutmaydi va shu bois hujumdan so'ng qochish rejasini tuzmaydi. Chunk bu ko'p vaqt va mablag' talab qiladigan jarayon.

To'da ayni paytda global ta'sir doirasini kengaytirish uchun ko'proq tillarni o'rganmoqda hamda turli davlat va mintaqalardagi shaxslar bilan aloqa o'rnatishga urinmoqda, deydi AQSh rasmiylari.

"Zaif hududlarni qidirishyapti. Shundan ular unumli foydalanishga urinadi", - deydi Kerri.

Guruhni qanday to'xtatish mumkin?

Hukumat rasmiylari va mutaxassislarning aytishicha, terror guruhini yengishda uning propagandasi yo'lini to'sish hamda razvedka ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega.

Kerrining aytishicha, "Islomiy davlat" ishlarini hech bir din, mantiq, tarix yoki huquqiy asoslarga ko'ra oqlab bo'lmaydi. Ehtimoliy terror xurujlarining oldini olish uchun davlatlar o'rtasida ma'lumot almashishni yaxshilash hamda bu yo'ldagi ko'plab byurokratik to'siqlarni yo'q qilish zarur, dedi AQSh davlat kotibi.

Vashington terrorga qarshi kurashda ma'lumot almashish bo'yicha 55 davlat bilan kelishuvga ega. Kamida 50 davlat Interpolga xorijlik terrorchilar va jangarilar haqida ma'lumot berib turadi. Ehtimoliy xurujlardan ogohlantiruvchi axborot oldindan berilsa ham, ba'zan ular boshqa ma'lumotlar orasida yo'qolib qoladi, deydi Kordesmen. Chunki har kuni yuz minglab shunday xabarlar olinadi, deydi u.

Ayni paytda davlatlar xalqaro aloqalarni muvofiqlashtirish va ishonchli xabarlarni boshqa ma'lumotlar orasidan ajratib olishning eng yaxshi usullarini tatbiq etish ustida muzokara olib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG