Breaking News

Qunduzni Tolibondan qaytarib olish amaliyoti boshlandi


Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (chapda) jurnalistlarga Qunduzdagi vaziyat haqida ma'lumot bermoqda, Kobul, 29-sentabr, 2015-yil.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (chapda) jurnalistlarga Qunduzdagi vaziyat haqida ma'lumot bermoqda, Kobul, 29-sentabr, 2015-yil.

Tolibon Afg'oniston shimolidagi Qunduz shahrini egallab olishidan bir kun o'tib, mamlakat xavfsizlik kuchlari shaharni qaytarib olish amaliyotini boshlagan. Afg'oniston Mudofaa vazirligi bayonotiga ko'ra, politsiya idorasi va shahar qamoqxonasi hukumat nazoratiga o'tgan. AQSh harbiy samolyotlari hududdagi isyonchi manzillariga havodan zarba bergan.

Tolibon 2001-yil hokimiyatdan ag'darilgandan beri ilk bor yirik shaharni qo'lga kiritishi. Isyonchilar Qunduzga o'z bayroqlarini tikib, 500 mahbusni markaziy qamoqxonadan ozod qilgan.

Tolibon so'zlovchisining bugun xabar qilishicha, guruh Tohar viloyatidagi ikki tumanni ham qo'lga kiritgan.

Afg'oniston armiyasi ayni paytda shaharni o'rab olgani aytilmoqda.

"Bugun favqulodda xavfsizlik yig'inini o'tkazdik. Qunduz viloyatidagi vaziyat nazoratimiz ostida. Shahardagi ahvolni o'zgartirishga tayyorlanyapmiz. Ertagacha Qunduzda vaziyat o'zgarishiga guvoh bo'lasiz", - dedi Afg'onoston harbiy bosh shtabi rahbari o'rinbosari general Murod Ali Murod.

Dushanba kuni yuz bergan hujumda afg'on xavfsizlik kuchlaridan o'nlab odam o'lgan va yaralangan. Boshqalar shaharni tashlab qochgan.

Prezident Ashraf G'anining hokimiyatga kelishiga bir yil to'lishiga bir kun kun qolganda yirik shaharning Tolibon qo'liga o'tishi hukumat uchun jiddiy zarba bo'ldi.

Prezident G'anining aytishicha, hukumat kuchlari allaqachon shahardagi bir necha binoni qo'lga kiritgan. Havo zarbalari ham qarshi tomonda og'ir yo'qotishlarga sabab bo'lmoqda, deydi Afg'oniston rahbari. U, shuningdelk, Tolibonni Qunduzdagi tinch aholi vakillaridan himoya vositasi sifatida foydalanayotganlikda aybladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG