Breaking News

Qirg’iziston ahli yangi yilda qo’shnichilik aloqalari rivoj topishini istaydi


Yangi yilni qarshi olar ekanmiz, har birimiz o’tgan yilni sarhisob qilamiz, kelajakka orzu-umidlar bog’laymiz. Yakun topayotgan 12 oy qanday voqea-jarayonlar bilan qirg’izistonliklar yodidan joy oldi? Xo’roz yilidan xalq nimalar kutayapti?

“Amerika Ovozi”mahalliy aholi vakillari, turli soha arboblari bilan suhbatda bo’ldi.

To'xtasinhoji Japarov Toshkent to’qimachilik oliygohini bitirgach, Marg’ilon, keyinroq Shahrisabz shahri korxonalarida faoliyat yuritgan. Ko’p yillar davomida Qirg’izistonning O’sh shahridagi yirik ipak kombinatini boshqargan.

Mustaqillik yillari taniqli jamoat arbobi madrasalar qurish va diniy bilim olishni yo’lga qo’yishda jonbozlik ko’rsatgan. Hozirda O’sh viloyati gubernatorining din ishlari bo’yicha maslahatchisi.

2016-yilning eng muhim voqealari qatorida u Qirg’iziston - O’zbekiston munosabatlarining jonlana boshlanishini aytadi. Arbob yirik qirg’iz delegatsiyasining Andijonga safari hamda o’zbekistonlik birodarlarning O’shga tashrifini tashkil qilishda faol ishtirok etgan.

“Qadimdan O’rta Osiyo xalqlari birlik-ahillikda yashab kelgan. Tariximiz, dinimiz, madaniyatimiz, bozorimiz, mozorimiz bir. Yon qo’shni - jon qo’shni, deb bejiz aytilmaydi. Barcha sohalarda tig’iz hamkorlik aloqalari rivoj topishidan hamma umidvor”, - deydi Toxtasinhoji.

Uningcha, yaqinda bo’lib o’tgan mamlakat Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha referendum ham o’lka hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, jami 26 ta o’zgartirish taklif etilgan edi.

“Albatta, har-bir saylovchining o’z fikr-irodasi bor. Biz dinimiz-madaniyatimiz uchun mutlaqo yot narsaga qarshi - bir xil jinslar nikohiga, lo’nda qilib aytganda, bachabozlikka qarshi - ovoz berdik. Birgina shu masala uchun qolgan o’zgartirishlarni ham qo’llab-quvvatlasa bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

Ushbu arbob fikricha, tashqi siyosatda mintaqa mamlakatlari Rossiya bilan strategik hamkorlikni mustahkamlashga intilishi muqarrar.

“Millionlab fuqarolarimiz rus diyorida tirikchilik qilayotgani bunga kafil”, - deydi u.

Yaqin Sharqdagi xunrezlikni u islomga qarshi kuchlar va ularning yugurdaklari fitnasi, deb hisoblaydi va tez orada qon to’kishlarga chek qo’yilishini tilaydi.

“Yaratgan Alloh mo'min-musulmonlarga insof-adolat, aql-idrok, o’zaro tushunish, ahillik bersin”, - deydi taniqli muhandis, jamoat arbobi, O’sh viloyati gubernatorining din ishlari bo’yicha maslahatchisi To'xtasinhoji Japarov.

To'liq suhbatni quyida tinglang.

XS
SM
MD
LG