Breaking News

Liviya hukumati mamlakatni birlashtira olmayapti


Poytaxt Tripolida odamlar bankdan pul olish uchun navbatda turibdi. 25-may 2016-yil.
Poytaxt Tripolida odamlar bankdan pul olish uchun navbatda turibdi. 25-may 2016-yil.

Liviyada BMT ishtirokida tuzilgan yangi hukumatni qo’llab-quvvatlayotgan himoya otryadlari “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishmoqda. Ammo Milliy birdamlik hukumati (MBH) Liviya sharqini o’z nazoratiga ololmayapti.

Mamlakat g’arbida va poytaxt Tripolida aholi orasida umidsizlik kuchaymoqda. Odamlar MBH vaziyatni o’zgartira olmayotganidan norozi. Oziq-ovqat narxlari osmon baravar, elektr toki muntazam o’chiriladi, maoshlar oylab to’lanmayapti, banklar esa naqd pulga cheklovlar qo’ygan.

BMTga ko’ra, Liviyada yashovchi 6,3 million odamdan 1,3 millioni gumanitar yordamga muhtoj.

BMTning Liviyadagi maxsus elchisi Martin Kobler
BMTning Liviyadagi maxsus elchisi Martin Kobler

BMTning Liviyadagi maxsus elchisi Martin Kobler parchalangan mamlakatda samarali ishlaydigan hukumatning ahamiyatiga urg’u berar ekan, hukumat tezda choralar ko’rmasa bo’lmaydi, deydi.

BMT Xavfsizlik kengashida chiqish qilgan rasmiy so’nggi haftalarda “Islomiy davlat”ning Liviyadagi shohobchalariga qarshi kurashda jiddiy progressga erishildi, deydi.

Biroq Liviya siyosiy shartnomasini imzolagan taraflar o’z majburiyatlarini bajarmagani sababli hujjatning amal qilishi jiddiy to’siqlarga duch kelmoqda, deydi.

Muammo shundaki, raqib Milliy xaloskorlik hukumatining parlamenti MBHni tan olmagan, vaholanki BMT vositachiligida erishilgan murosada bu ko’zda tutilgan edi.

MBH 2011-yilda Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag’darilganidan keyin boshlangan beqarorlikka chek qo’yishning birinchi chorasi edi. Ammo mamlakatning ko’plab hududlarida bu hukumat qonuniy ekani savol ostiga qo’yilmoqda, ayniqsa, Qaddafiy davrida general bo’lgan, hozirda esa davlat rahbarligini ko’zlayotgan va mamlakat sharqida faol Xalifa Xaftar tomonidan.

Liviyalik siyosatshunos Tariq Megerisiy fikricha, general Xaftarga qarshi tura olsagina yangi hukumat hurmat qozona oladi.

“Liviyaning xalqaro hamjamiyatdagi soxta do’stlari bir to’siq borligini tushunmadi, u ham bo’lsa general Xalifa Xaftar va uning qo’l ostidagi Liviya milliy armiyasi (LMA) nomli jangarilar otryadi”, - deydi u va agar bu general isyoni bosilmasa mamlakat parchalanib ketishi mumkin.

LMA va Milliy xaloskorlik hukumati yangi hukumatga to’siqlar qo’yishda davom etmoqda.

Sharq siyosatchilari Tripolidagi Liviya Markaziy bankining Britaniyada bosib chiqarilgan 738 million dollarning to’g’ri taqsimlanishiga ishonmasligini aytadi. Bu pullarning 100 millionidan ko’pi mamlakatga yetkazildi. Ammo Milliy xaloskorlik hukumati Rossiyadagi bosmaxonada pullarni bosib chiqarib, Liviyaga olib kelgan. Yangi hukumatga sodiq Markaziy bank Rossiyada chiqarilgan pullarni muomalaga kiritish jiddiy siyosiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda. AQSh diplomatlari ham Rossiyada bosib chiqarilgan pullar milliy valyutaga ishonchni yo’qqa chiqarishidan xavotirda.

MBHga ishonchni kuchaytirish maqsadida Yevropa Komissiyasi Liviyaga 6,6 million dollarga teng yordam puli ajratajagini ma’lum qildi. “Bu mablag’ turli xizmatlarning tiklanishi, siyosiy vaziyat barqarorlashishi va bizneslarning qayta oyoqqa turishiga olib keladi”, - deyiladi Komissiya bayonotida.

BMT vakili Martin Kobler esa ikki hukumat o’rtasidagi urushga chek qo’yish va umumiy dushmanga qarshi birlashishga da’vat etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG