Breaking News

Migrantlar va halokatli sayohat


Muhojirlar va dengiz osha xavfli sayohat/Migrant smugglers
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Shimoliy Afrikadan dengiz orqali Yevropaga o’tayotib nobud bo’layotgan odamlar soni oshib borayapti. Yevropa hukumatlari buning oldini olish uchun odamlarni tashiyotgan vositachilarni jazolamoqchi. Lekin mutaxassislarning aytishicha, bunaqangi jinoiy tarmoq tarvaqaylab ketgan va uning dumidan tutish qiyin.

Migrantlar to’la kemalar Shimoliy Afrikadan Yevropa sari yo’l olmoqda. Ular manzilga sog’-omon yetib borishini hech kim kafolatlay olmaydi. Oxirgi yillarda o’n minglab migrantlar yo cho’kib o’lgan, yo ochlik va suvsizlikdan jon bergan.

Lekin kemadan oldin qilinadigan ishlar borki, ularni butun boshli jinoiy tarmoq boshqaradi.

Andrea Di Nikola Italiyadagi Trento universitetida kriminologiyadan dars beradi. Afrika va Yaqin Sharqa borib, jinoiy tarmoqqa aloqador odamlar bilan suhbatlashdi. U Milandagi vokzalda, migrantlar tranzit nuqtasida “Amerika Ovozi” bilan gaplashdi:

“Shafqatsiz turizm agentligiga o’xshaydi. Katta-katta tarmoqlar haqida gap ketayapti. Bir-biri bilan sherik. Liviyadagi tarmoqni yopsak, ular Tunis, Jazoir va Turkiyadan ishini davom ettiraveradi”.

Yevropa odam savdosi bilan band bu guruhlarga qarshi kampaniya boshlagan. Tahlilchi Rikardo Fabiani fikricha, bu juda qiyin ish, lekin ijoji bor:

“Jinoiy to’dalar a’zolarini dronlar yordamida o’qqa tutisa bo’ladi, masalan. Bundan tashqari, Liviyada Yevropa davlatlarining razvedka idoralari ishlab turibdi. Dronlar uchun zarur maxfiy ma’lumotni shu idoralar yetkazib turishi mumkin”.

Lekin jinoyatchilar katta pul qilayotgan ulkan tizimning bir qismi, xolos, deydi Andrea Di Nikola:

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, bu 10 milliard dollarlik biznes. Italiyadagi bir pokistonlik 700 muhojirni olib o’tayotgan bo’lgan, har biridan 7 ming yevro olgan”.

Milandagi vokzalda Muhammad ismli yigit bilan ko’rishdik. U Suriyadagi urushdan qochib, kemada Yevroga yetib kelgan tog’asini qidirayapti. Topish qiyin bo’layapti, deydi u:

“U Yarmuk qochqinlar shaharchasi yaqinida yashayotgan edi. Damashqqa yaqin. U yerdagi ahvolni bilasiz, qo’rqinchli. Liviyadagi qarindoshlarim aytdishdi – tog’am kemaga o’tirib Yevropaga jo’nabdi”.

Jinoiy ekani rost, biroq bu guruhlar suriyaliklarni, olovli nuqtalardagi boshqa odamlarni qutqarib qolayotgani ham haqiqat. Shu sababli Yevropa o’zining migratsiya siyosatini isloh qilishi kerak, deydi Di Nikola:

“Yevropaning eshiklariga qulf solib qo’ysangiz, jinoiy guruhlar ham o’z xizmatlari narxini oshiradi. Ularning o’zi buni aytib turibdi. Shunday ekan, qonunlarni ko’rib chiqish, tergovlar o’tkazish muhim, ammo muammoning oldini oluvchi choralar ko’rish ham kerak. Masalan, muhojirlarga sharoit yarating”.

Yevropa odam savdogarlarini javobgarlikka tortish niyatida qat’iy. Lekin noqonuniy yo’llar orqali suzib jon berayotgan muhojirlar soni oshar ekan, Yevropa urushdan qochayotgan odamlar uchun bexatar yo’llarni ochgani ma’quldir?

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG