Breaking News

Qochqinlar inqirozidan uyushgan jinoiy guruhlar foyda ko'rmoqda


Suriyalik qochqinlar Gretsiya-Makedoniya chegarasini kesib o'tmoqda. 8-sentabr 2015-yil
Suriyalik qochqinlar Gretsiya-Makedoniya chegarasini kesib o'tmoqda. 8-sentabr 2015-yil

Ijtimoiy tarmoqlarni terrorchilik faoliyati uchun kuzatib boradigan Yevropa huquq-tartibot organlari bundan buyon odam savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoyatchilarni ham ovlaydi.

Bundaylar o’z xizmatlarini reklama qilib, yangi mijozlar topish uchun internetdan keng foydalanadi. Ilgari narkotiklar kontrabandasi bilan shug’ullangan to’dalar so’nggi paytlarda odamlarni chegaradan qonunga xilof ravishda olib o’tmoqda. Suriya, Iroq va Afg’onistondan qochqinlar Yevropaga intilar ekan, bunday kontrabandachilar daromad haqida o’ylaydi.

Odam kontrabandasidan tushadigan pul narkotiklar va noqonuniy qurol bozoridagi daromaddan qolishmaydi. Yevropol agentligi ma’lumotiga ko’ra, qariyb 30 ming kishi odam savdosiga jalb etilgan, aksariyati - vositachilar. Agentlik hozirda odam kontrabandasiga oid 1400 ish bilan band.

Liviyada kontrabandachilar bir qayiqda 150 muhojirni olib o’tish uchun 150 ming AQSh dollari talab qiladi. Kattaroq qayiq ko’proq daromad degani. Turkiyada katta kemalar Yevropa sohillariga muhojir yetkazishda har bir safar uchun 4 million dollar sof foyda olishi mumkin.

“Migrantlar xavfli ahvolda, o’lishi ham hech gap emas. Shuning uchun biz tezda chora ko’rmasak bo’lmaydi, - deydi BMTning Narkotiklar va jinoyatlarga qarshi kurash idorasi rahbari Yuriy Fedotov. – Odamga to’la qayiq va kemalar, boshqaruvsiz tankerlar osonlikcha ag’darilishi va cho’kishi mumkin. Bu haqiqiy gumanitar inqiroz. Boz ustiga, uyushgan jinoiy guruhlar katta foyda ko’ryapti”.

Yevropa Mudofaa vazirliklari va razvedka xizmatlari bu illatga qarshi kurashda hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida. Ular uyushgan jinoiy guruhlar va tarmoqlarni aniqlashda ma’lumot almashinuvi samaradorligini oshirmoqchi. Bu biznes qanday yuritiladi, moliyalash qanday kechadi, qaysi joylarda “mijozlar” qayiqlarga o’tkaziladi? Shularni aniqlanishda Yevropa davlatlari nafaqat bir-biri bilan, balki Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yadi.

Noyabr oyida Maltada bo’lib o’tadigan xalqaro anjumanda aynan shu masalalar muhokama qilinadi.

Alan Kurdiy ismli uch yoshli suriyalik bolaning onasi va akasi bilan Yevropa sohiliga yetolmay cho’kib ketishi, Avstriya shossesidagi yuk tashuvchi mashinada esa 71 muhojirning nafasi bo'g'ilib nobud bo’lishi hamkorlik naqadar dolzarb ekanini namoyish qildi.

Murakkab muammo

Jinoiy faoliyat ko’lami keng – Marokashdan Bolqon va Turkiyagacha. Liviyadan Italiyaga, Turkiyadan Gretsiyaga odam tashiydigan guruhlar faol. Yevropa Ittifoqi ichida ham bir mamlakatdan boshqasiga odamlarni qonunga zid ravishda o’tkazadigan italyan, serb, alban, turk to’dalarni aniqlash zarur. Razvedka ma’lumotlari almashinuvi uchun Sitsiliyaning Kataniya hamda Gretsiyaning Pirey shahrida operatsion idoralar ochildi.

Kontrabanda qilinayotgan odamlar konveyerdagi kabi Afrikaning Chad, Mali, Somali, Niger, Eritreya, Nigeriya, Gambiya, Gana va Senegal kabi mamlakatlaridan Liviyaga, u yerdan esa Italiyaga olib o’tiladi. Bu jinoyatga Sitsiliyaning “Koza Nostra" (Cosa Nostra) mafiyasi ham aralashgani aytilmoqda. Ayrim ayollar fohishalikka majburlanadi. O’tgan yili boshqa mamlakatlardan Italiyagacha yetib kelgan bolalarning 5000 nafari g’oyib bo’lgan. Politsiya ularning iziga tusholmayapti. Taxminlarga ko’ra, bolalar jinsiy xizmat ko’rsatishga yoki tekin ish kuchi sifatida turli noqonuniy fabrika va zabodlarda ishlashga majbur bo'lib, zamonaviy qullarga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG