Breaking News

Mirziyoyev Farg'onada adashganlar sonini tilga oldi


Prezident Shavkat Mirziyoyev (chapda) Andijon shahrida, 3-iyun, 2017-yil
Prezident Shavkat Mirziyoyev (chapda) Andijon shahrida, 3-iyun, 2017-yil

Mahalliy matbuot xabariga ko'ra, O'zbekistonning Farg'ona viloyatida 2400 nafar adashgan dindorlar to'g'ri yo'lga qaytarilgan, viloyatdagi ikki mingga yaqin dindor hamon diniy ekstremistik guruhlarga aloqador ko'rilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg'onaga safari davomida keltirilgan mazkur raqamlar o'tgan yarim yillikni nazarda tutadi. Bu Mirziyoyevning adashgan dindorlarni to'g'ri yo'lga qaytarish borasida boshlagan siyosatining dastlabki natijalari sifatida qayd qilinmoqda.

Mirziyoyev ikki kunlik safari yakunida mahalliy kengash deputatlari va faollar bilan uchrashdi. O'z chiqishida u asosiy diqqatni diniy ekstremizmga qarshi kurash, adashganlarni jamiyatga qaytarish mavzusiga qaratdi. Bu safargi nutq aniq raqamlar bilan ajralib turdi.

"Joriy yilning o'tgan olti oyi mobaynida viloyatda davlat, jamoat, diniy tashkilot vakillari, ziyolilar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan turli diniy oqimlarga adashib kirib qolgan va bugungi kunda bundan astoydil pushaymon bo'lgan shaxslarning har biri bilan alohida, individual ish olib borildi. Buning natijasida 2400 dan oshiq shaxslarni diniy ekstremistik oqimlar safidan qaytarishga erishildi. Bu biz uchun ham, ularning oilalari uchun ham katta muvaffaqiyatdir. Shu bilan birga, bu sohadagi ishlarni yo'lga qo'yish uchun ayrim muammolar mavjud. Bugungi kunda viloyatda turli ekstremistik oqimlar tarafdori bo'lgan shaxslarning soni 1185 tani tashkil etib, ularning 124 tasi ayollardir”, - dedi prezident.

Mirziyoyev diniy radikalizmga qarshi kurashda so'nggi yillarda hukumat yo'l qo'ygan xatolikni ham alohida ta'kidladi. Uning fikricha, bu adashgan dindorlarning qarindoshlari jamiyatdan chetlatilishida ko'ringan.

“Yana bir muhim masala, ochiq aytishim kerak, biz so'nggi yillarda to'g'ri yo'ldan adashib, turli diniy oqimlarga tasodifan kirib qolgan shaxslar va ularning oila a'zolarini jamiyatdan begonalashib, o'zini chetga olishiga yo'l qo'yib berdik va bu katta xatolik bo'ldi”, - dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev nazarda tutayotgan, tuzalish yo'liga kirgan dindorlarning kimligi, qamoqdagi mahbuslarmi yoki ochiqda yurgan namozxonlarmi, aniq emas.

Diniy ekstremistik guruhlar tarafdorlari kimligi ham noma'lum. Prezidentning ta'kidlashicha, bu odamlarning har biri bilan alohida ishlangan.

Sharhlovchilarga ko'ra, Mirziyoyev ko'proq diniy mahbuslarni nazarda tutayotgan bo'lishi ehtimol, qamoqxonadagi dindorlarning bir qismi ozodlikka chiqarilishini kutish mumkin.

O'zbekistonning 90 foizdan oshiq aholisi musulmon, aksariyati an'anaviy bo'lgan hanafiylik mazhabiga mansub. Mamlakatda musulmonlar qaysi diniy oqimga mansubligiga ko'ra ro'yxatga olinmagan. O'zbekiston musulmonlar idorasida ham qaysi diniy oqimlarning noqonuniyligi, qaysi biri ekstremistik, radikal ekanligiga oid ro'yxat yoki tartib mavjud emas.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda faoliyatda bo'lgan diniy oqimlar keyinchalik birin-ketin taqiqlandi, ularning noqonuniyligi e'lon qilinishi ortidan a'zolariga nisbatan tazyiqlar boshlandi. Ayni paytda qamoqdagi dindorlarning aksariyat qismini ham noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanganlar tashkil etadi.

Mirziyoyev olg'a surayotgan diniy siyosat Karimov davridagidan kam farq qilishi, e'tiqod erkinligiga emas, “adashganlar”ga imkoniyat berishga qaratilayotgani aytilmoqda.

Muhojirlikdagi diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutovga ko'ra, adashganlarni to'g'ri yo'lga solish ularni mazhabga, rasmiy idora nazoratiga qaytarisni nazarda tutadi.

“Masalan, salafiylar biror mazhabni tan olmaydi, ularning dinni tushunishi ham davlat imomlarinikidan boshqacha. Endi imom keladi, boyagi adashganning oldiga va sening yo'ling xato, mazhabga qaytishing kerak deydi. Farqi nimada desa, namozda bunaqa o'qiysan, deydi. Ularning namoz o'qishida ham hanafiylikka nisbatan farqli tomonlar bor. Agar u tavba qildim, mazhabga qaytdim desa, bu adashgan odamning to'g'ri yo'lga qaytgani bo'ladi. Agar u odam yo'q, men o'z tushunchamda qolaman desa, demak u ashaddiy, tuzalmas bo'lib ro'yxatga kiradi”, - deydi Abutov.

Qamoqdagi dindorlarni tavba qildirish tajribasi Karimov davrida ham qo'llangan. O'sha paytda ham diniy idora vakillari qamoqxonalarda bo'lib, targ'ibot va tushuntirish ishlarini o'tkazishgan, prezident nomiga tavba xatlari yozishni tavsiya qilishgan; diniy mahbuslarning ozodlikka chiqishi shu tavba maktublariga ham bog'liq qolayotgan edi.

“Davlat konstitutsiyasida ko'rsatilgan haq-huquqni berishi kerak, xolos, ya'ni biz dindor bo'lamizmi, bo'lmaymizmi, bunga aralashmasin. Shundan kelib chiqsak, turmalardagi dindorlar, vahobiymi, “Hizbut Tahrir”mi, “nurchi”mi, “akromiy”mi, salafiymi, hammasi ozod qilinishi kerak. Ekstremistlar sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi zarur”, - degan fikrda Abutov.

Mirziyoyevning Farg'ona viloyatiga safari diniy vaziyat borasida, jumladan, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash bo'yicha aniq raqamlarga tayanilgan ilk bayonot sifatida qayd qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG