Breaking News

NASA yangi fazogirlar guruhi uchun tanlov e'lon qildi


Dunyoda ko'pchilik uchun fazogir bo'lish ushalmas orzu. AQSh fazo agentligi, NASA, ana shu orzuni ro'yobga chiqaradigan dastur e'lon qildi. Fazogirlarni tayyorlash kursiga qabul boshlangach, ko'pi bilan 14 ta odam olinadigan tanlovga 18300 kishi hujjat topshirdi. Har bir odamning tanlanish imkoniyati 0,08 foizga teng. Bu esa Garvard universitetiga kirishdan 65 marotaba qiyinroq degani.

Astronavt bo'lish shartlari qanaqa?

Bu ariza to'ldirish bilan boshlanadi. AQSh fazo agentligi o'tgan yil oxirida tanlov e'lon qilgach, 18 mingdan ortiq talabgor chiqdi. Qabul ha'yati boshqaruvchisi En Romer tanlovdan o'tish oson emasligini aytadi.

"Juda qiyin. Jiddiy o'rganib chiqamiz. Avvalo, har bir arizani tekshiramiz. Asosiy talablarga javob berish-bermasligini aniqlash uchun. Hozirgi fazogirlarimizni ham taklif qilamiz. Ular ham ko'rib chiqishadi", - deydi Romer.

Arizachilar AQSh fuqarosi bo'lishi hamda muhandislik, biologiya, kompyuter fanlari yoki matematika sohasida bakalavr darajasiga ega bo'lishi kerak. Shuningdek, aloqador sohada kamida uch yillik ish yoki kamida 1000 soat uchuvchilik tajribasiga ega bo'lishi lozim. Jismonan sog'lom bo'lish bilan birga, kuchli xarakter ham talab qilinadi.

"Yetakchilik, jamoa bo'lib ishlay olish hamda jamoaga ergasha olish kabi qobiliyatlar muhim. Yaxshi aloqa qila olish ham kerak. Boshqa kasblarda ham kerakli malakalar bular", - deydi Romer.

120 tacha nomzod dastlabki suhbat uchun Xyustondagi Jonson Fazo markaziga chaqiriladi. Ularning yarmi ikkinchi bosqichga o'tadi. Shundan so'ng tanlab olingan nomzodlar ikki yillik treningni muvaffaqiyatli tamomlashi kerak.

"Bu yerda ular fazoga uchishga oid hamma narsani oz-ozdan o'rganishadi. Tizimlarni o'rganish, rus tili darslari, fazoda yurish mashqlari kabi. Ikki yil orasida shularni o'rganib, so'ng maxsus fazo missiyalariga oid tayyorgarlikka o'tishadi", - deydi NASA vakili.

Astronavtlarning bo'lajak jamoasi ayni paytda qurilayotgan yangi uchta fazo kemasida kosmosga chiqishi mumkin. Hammasi rejadagidek amalga oshsa, NASA 2030-yilga borib Marsga odam jo'natmoqchi.

Fazogir bo'lish istagidagi odamlarga Romer shunday maslahat beradi:

"Yoshlarga doim beradigan maslahatimiz shuki, avvalo, o'zingiz yoqtiradigan, qiziqadigan bir sohani tanlang. Chunki nimani yaxshi ko'rsangiz, shuni yaxshi qilasiz. So'ng fazogirlikni tanlasangiz, nur ustiga nur bo'ladi. Bu juda yaxshi kasb", - deydi Romer.

1959-yil dastlabki yetti fazogir harbiylardan olingan. Shu paytgacha faqat 338 odam NASA fazogiri sifatida mustaqil tanlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG