Breaking News

Kiberxavfsizlik NATO uchun asosiy masalalardan biri


NATOning iste’foga chiqayotgan oliy qo’mondoni Jeyms Stavridis nazarida kiberxavfsizlik yaqin yillarda birinchi darajali muammoga aylanadi. “Amerika Ovozi” admiral bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
Kiberxavfsizlik NATO uchun asosiy masalalardan biri/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00
Yuklab oling

Bugungi kunda korporatsiyalar va hukumatlar xakerlar hujumiga uchragani haqida ko’p eshitamiz. Jinoyatda gumon qilinganlar muntazam ravishda qo’lga olinadi, kompyuterlari musodara qilinadi.

“Jamiyatlar kiber-texnologiyasiz taraqqiy etishini tasavvur etish qiyin, ammo xavfdan o’zimizni himoya qilishga kelganda tayyorgarlik juda sust”, - deydi admiral Jeyms Stavridis.

Yetarli ko’nikma bilan har kim bunday jinoyatga qo’l urishi mumkin.

Shimoliy alyansning kiberxavfsizlik bilan shug’ullanuvchi markazi Estoniyada joylashgan. Lekin tashkilot a’zolari orasida bu boradagi hamkorlik keng emas.

Admiral so’zlariga ko’ra, bu nozik sohada davlatlar qanday strategiya qo’llayotganini odatda bir-biri bilan bo’lishmaydi. Ammo tahdid hamma uchun bir ekan, bu to’siqlarni chetga surish kerak, deydi u.

Kiberxuruj oqibati shunchaki qulayliksiz yaratishdan tortib, moliya va aviatsiya sohalariga jiddiy ziyon yetkazishgacha borishi mumkin. Razvedka ma’lumotlari va korporativ sirlar o’g’irlangan hollar bo’lgan. Shuningdek, elektrostansiyalarni ishdan chiqarish mumkin.

Bir misol, o’tgan hafta xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi xakerlar bir paytning o’zida bir necha davlatda bankomatlardan 45 million dollar pulni yechib olgan.

Komputer ilmi bo’yicha professor Kevin Jounsning aytishicha, internet har kimni terrorchiga aylantirishi mumkin.

“Terrorizmning bu turi nisbatan oson chunki portlovchi moslamani ko’chada ko’tarib yurish shart emas. Kishi o’z uyidan turib jinoyatni amalga oshiradi”, - deydi olim.

Ko’pgina davlatlar bugun kiberhujumlardan o’zini himoya qilish uchun katta pul sarflamoqda. Xitoy, Isroil va AQShni esa ko’pincha bunday jinoyat ortida turganlikda ayblashadi.

NATO qo’mondoni Jeyms Stavridisning aytishicha, alyans hozircha bunday masalalar bilan shug’ullanmaydi. Uzoq muddatda shunday bir tizim yaratish kerakki, jinoyatchi hujumga o’tishdan oldin ming bora o’ylansin, deydi u.

Kiberxuruj oqibatlari ayanchli bo’lishi haqida ogohlantirish ba’zida ish beradi.

“Deylik, muayyan bir davlatning qimmatli qog’ozlar bozorini nishonga olsangiz, javob hujumi kuchli bo’lishini bilish sizni bu niyatdan qaytarishi mumkin”, - deydi professor Kevin Jouns.

Biroq dunyoning qaysidir chekkasidagi alamzada bir fuqaro oqibatlar haqida o’ylab o’tirarmikan? Masalaning ana shunday murakkab jihatlari bor va shu bois uni yangicha tahdidlar sirasiga qo’shganmiz, deydi admiral Stavridis.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG