Breaking News

"Breksit"dan so'ng navbat "Neksit"gami?


Buyuk Britaniya aholisi referendumda Yevropa Ittifoqidan chiqishga ovoz bergach, Niderlandiya ham uni tark etishi haqida taxminlar bor. Bu mamlakat fuqarolarini ham britaniyaliklar kabi immigratsiya va suverenitet masalalari tashvishga solmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqi tarafdorlari tashkilotning mamlakat ravnaqi uchun muhim ekanini ta’kidlaydi.

Maastrixt Niderlandiya janubidagi shahar bo’lib, velosiped va barjalar - u yerda asosiy transport vositalari.

Yevropa Ittifoqining paydo bo’lishiga zamin yaratgan bitim 1992-yilda mana shu shaharda imzolangan.

Shundan beri mamlakatlar siyosiy, moliyaviy va iqtisodiy sohalarda ancha yaqinlashdi. Biroq ittifoqqa huquqiy turtki bergan gollandiyaliklar endi uni tark etishi mumkin. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholi bu masalani ovozga qo’yish tarafdori.

“Davlat sifatida o’z chegaralarimiz, o’z sudlarimiz bo’lishi kerak. Qonunlarimizni Yevropa Ittifoqi yoki Bryusselda o’tirgan odamlar emas, o’zimiz qabul qilishimiz zarur”, - deydi Yevropa parlamenti sobiq deputati Lorens Stassen.

Lorens Stassen bir vaqtlar Girt Vilders boshchiligidagi ultra o’ng qanot “Ozodlik” partiyasining a’zosi bo’lgan. Hozir ommaviy so’rovlarda partiya birinchi o’rinda ketmoqda. Vilders Yevropada musulmonlar ko’payayotganidan tashvish bildirib, bunga qarshi tashviqot olib borgan va ayni damda Britaniya kabi Gollandiyaning ham Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasini referendumga qo’yishni talab qilmoqda.

“Breksit” suverenitetimizni qaytarib olishga yordam beradi. Immigratsiyaga doir ko’p xavotirlarimiz bor”, - deydi Stassen.

Barjada daryo bo’ylab pastga yursangiz, Yevropadagi eng yirik port shahri Rotterdamga yetasiz. Har yili bu bandargoh orqali 465 million tonna yuk o’tadi - Shimoliy Yevropadagi ilg’or iqtisodiyotlarni dunyoning boshqa chekkalariga ulaydi.

“So’nggi bir necha o’n yilda Niderlandiya va Yevropada farovonlikka aynan erkin savdo, odamlar va mahsulotlarning erkin harakatlanishi tufayli erishdik”, - deydi Rotterdam porti vakili Syaak Poppe.

Ayrimlar mamlakat ittifoqdan chiqsa, iqtisodiyoti sustlashini bashorat qilmoqda.

“Yevropada 500 million aholi, eng katta savdo zonasi, eng katta bozor bor. Niderlandiya aholisi esa atigi 16 milliondan iborat”, - deydi Poppe.

Yevropa Ittifoqi tarafdorlari Britaniyadagi referendum natijalaridan tushkunlikka tushgan.

“Birlashgan Qirollik Niderlandiyaning eng yirik savdo hamkoridir. Uzun tarixiy aloqalarimiz bor”, - deydi Rotterdamdagi Erasmus universiteti professori Fabian Amtenbrink.

Yevropaning boshqa davlatlarida ham ittifoqqa e’tiroz bildiruvchilar bor.

“Odamlar Bryussel nazoratni kuchaytirayotganidan norozi. Bundan tashqari, Bryusseldagi, Yevropa Ittifoqidagi amaldorlar xalq ko’ngliga qarab ish tutmayapti, siyosat yuritmayapti, degan gap bor”, - deydi professor.

Niderlandiya qonunlariga ko’ra, ittifoqdagi a’zolikka doir referendumni hozircha o’tkazib bo’lmaydi. Biroq kelasi yil mart oyidagi parlament saylovlari natijasida hokimiyatga boshqa kuchlar kelsa, vaziyat tamoman o’zgarib, gollandcha “breksit” yoki “neksit” voqelikka aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG