Breaking News

Umri qochqinlikda o'tgan falastinlik pasportli bo'ldi


Umrini qochqinlikda o'tkazgan falastinlik qissasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, bugun jahonda qochqinlar soni 45 milliondan oshgan. Falastinlik Avad Alsirya ham ana shulardan biri. Butun umrini qochqinlar lagerlarida o’tkazgan otaxon yaqinda pasportli bo’ldi.

Avad Alsirya bu damlarni 50 yildan oshiq kutdi. 4-iyul Amerika Mustaqillik kunida u Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida ikki o’g’li va yana 80 muhojir qatorida fuqarolik uchun qasamyod keltirdi.

“Tug’ilgan kunim endi ikkita bo’ldi. Biri Iroqda tug’ilganim bo’lsa, ikkinchisi 4-iyul, fuqarolikka kirganim”, - deydi Alsirya.

Iroqda falastinlik qochqinlar lagerida dunyoga kelgan suhbatdoshimiz hech qachon biror mamlakat fuqarosi bo’lmagan.

“Imtihondan o’tganimdan keyin yig’lab yubordim. Bu orzuga yetish uchun 58 yil kutdim. Kutish va yana kutish”, - deydi Alsirya.

Oila Iroq poytaxti Bag’dodda yashagan davrda Avad Alsriyaning o’z do’koni bor edi. 2003-yilda AQSh Iroqqa bostirib kirdi, mazhablararo zo’ravonlik avj oldi.

“Har kuni uydan chiqishim bilan jasadlarga ko’zim tushardi. Ishga ketayotganda ko’chada jasadlar. Qanday hayot bu?”

Alsiryaning biznes hamkori otib o’ldirilgan. Uning xotini ham otishmada yaralangach, oila Bag’dodni tark etdi.

“Do’konni yopdim. Menga hech narsa kerak emas edi. Bor pulimdan, biznesimdan ayrildim. Istagim faqat oilamni, farzandlarimni qutqarish edi. Chunki bir kun kelib ulardan ham ayrilgan bo’lardim”, - deydi u.

Ular Suriya chegarasiga yaqin bir joydagi cho’lda, qochqinlar lagerida 3,5 yil hayot kechirdi. Hayotimiz suv taqchilligi, jazirama issiq, izg’irin va vaqti-vaqti bilan ro’y beradigan yong’inlardan iborat edi.

Davlat departamentining qochqinlarni ko’chirish dasturi orqali ular olti yil ilgari Amerikaga keldi. Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida joylashdi.

“Ishonasizmi, AQShga kelganimizning birinchi kunidayoq mana shu yer mening vatanim ekanini his etdim”, - deydi otaxon.

U Virjiniyadagi oziq-ovqat do’konida ishlaydi. Iroqda shu sohada ish yuritgani qo’l keldi. O’g’illaridan biri kollej talabasi. Otasi qatorida u ham yarim stavka ishlaydi.

“Ishim juda yoqadi o’zimga. Amerika menga fuqarolik berdi, men ham uning rivojiga hissa qo’shaman. Olti yildan beri ta’tilga chiqqanim yo’q”, - deydi Alsirya.

“Mana o’z uyimdaman, shodman. Iroqda bunday emas. Uyingiz tashqarisida tursangiz, birov sizni o’ldirib ketishi mumkin”.

Qasamyod marosimidan bir necha kun o’tib, ota va o’g’illar o’z hayotlarida birinchi marta pasportga ariza topshirishdi.

"Alloh menga uzoq umr bergan bo’lsa, shu zamin gullab-yashnashi uchun xizmat qilaman. Chunki Amerikada orzuimga erishdim”, - deydi suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG