Breaking News

Obama Indoneziya bilan aloqalarni kuchaytirmoqchi


People pay respects at a makeshift memorial honoring the victims of Wednesday's shooting rampage, Dec. 5, 2015, in San Bernardino, Calif.
People pay respects at a makeshift memorial honoring the victims of Wednesday's shooting rampage, Dec. 5, 2015, in San Bernardino, Calif.

AQSh rahbari Indoneziyada yangi saylangan prezident Joko Vidodoni erkin va halol saylovlar bilan tabriklab, ikki davlat munosabatlarini yaxshilash yo’lida harakat qilaman, dedi. Indoneziya uchun Barak Obamaning Osiyoga urg’u beruvchi siyosatida muhim rol ajratilgan.

9-iyulda o’tgan saylovlarda Vidodo general Prabovo Subiantoni olti foiz farq bilan ortda qoldirdi. Barak Obamaning aytishicha, saylov natijasi Indoneziyaning demokratiyaga sodiq ekanini namoyish etdi.

Avstraliya Milliy universitetida Indoneziya bo’yicha ekspert Piter Makkolining aytishicha, Prabovo Subianto mag’lubiyatini tan olmadi va sudga shikoyat qilgan, biroq Obamaning bayonotidan Qo’shma Shtatlar saylov natijalarini tan olganini ko’rsa bo’ladi.

"Saylov yuz foiz halol bo’lmagan. Bunga shubha yo’q. Har ikki tomon o’yin o’ynadi, ba’zida qonundan chetga chiqdi. Biroq jahon andozalariga ko’ra saylov kutilmaganda yaxshi o’tdi. Uni tashkillashtirgan mutasaddilar uyushib ishladi, ovozlarni hisobga olish tartibli bo’ldi, byulleten qutilari yaxshi himoyalandi. Mamlakatning ayrim joylarida saylov qanday o’tgani xususida e’tirozlar bor, albatta, biroq eng yaxshi kuzatuvchilarga ko’ra jarayon xatodan xoli bo’lmaydi. Bu esa natijaga qattiq ta’sir qilmaydi", - deydi Makkoli.

AQSh rahbari Indoneziya bilan yaqin hamkorlikning ahamiyatiga urg’u berib, Joko Vidodo bilan uchrashish, mushtarak maqsadlarni targ’ib qilish, munosabatlarni chuqurlashtirish niyati borligini aytadi.

Ikki rahbar noyabr oyida Birmada bo’ladigan Sharqiy Osiyo sammitida ilk bor uchrashadi. Joko Vidodoning qasamyod marosimi oktabrda o’tkaziladi.

Obama 2010-yil noyabrida Jakartada bo’lganida Indoneziya bilan energetika, xavfsizlik, savdo, sarmoya, demokratiya, fuqarolik jamiyati, ta’lim, iqlim o’zgarishi va atrof-muhit sohalarida keng qamrovli hamkorlik bitimini imzolagan edi.

Tahlilchi Makkolining aytishicha, ayrim masalalarda tomonlarning fikri bir joydan chiqmasa-da, umuman olganda, ikki tomonlama munosabatlar ijobiy rivojlanmoqda.

"Indoneziya hukumatining xorijiy sarmoyalarni nazorat qilishi AQShga yoqmaydi. Biroq bu ko’p mamlakatlar o’rtasida savdo va sarmoya masalalarida odatiy hol. Ayni damda aloqalar mustahkam va sog’lom. Yangi prezident saylanishi bilan siyosat birmuncha o’zgarar balki. Ammo salbiy tomonga o’zgarishiga hech qanday sabab ko’rganim yo’q", - deydi Makkoli.

Oq uy tashqi siyosatda Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga alohida o’rin ajrata boshlaganidan beri Obama prezidentlik muddati yakunlangan Susilo Bambang Yudxoyono bilan do’stona aloqada bo’ldi.

Avstraliya Milliy universitetidan yana bir ekspert Greg Filining aytishicha, Indoneziya strategik joylashuvi tufayli AQShning bu yangi siyosati uchun muhim.

"Bu orollardan iborat bo’lgan dunyodagi eng yirik mamlakatdir. Hind va Tinch okeanlari o’rtasidagi aksariyat muhim dengiz yo’llari, xoh savdo bo’lsin, xoh harbiy, Indoneziya orqali o’tadi. Bu Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasida ko’plarga so’zini o’tkaza oladigan davlat. AQShning mintaqadagi diplomatiyasi uchun Indoneziya uning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashi lozim, bu esa mintaqadagi boshqa davlatlarni ham Amerika bilan hamkorlik qilishga undaydi", - deydi Fili.

AQShning 2013-yilgi inson huquqlari bo’yicha hisobotida Indoneziya tanqid qilinadi. Xususan, hujjatda xavfsizlik kuchlari tomonidan amalga oshirilgan qotilliklarning ochiq va ishonarli tergov qilinmagani, mamlakatda ozchilikdagi ijtimoiy va diniy qatlamlarning yetarlicha himoya etilmagani tilga olinadi.

Tahlilchi Fili yangi saylangan prezident inson huquqlari ahvolini yaxshilay olishiga ishonadi.

"Jokovi turli fikrlarga quloq soladigan inson. Saylovchilarning musulmon bo’lmagan qismi ko’pchilik bo’lib unga ovoz bergan. Bu ovozlarning 13 foizi. Demak, ozchilikdagi diniy guruhlarning unga ishonchi bor", - deydi Fili.

Tahlilchiga ko’ra, Jokovi poytaxt Jakarta gubernatori va Yava shahri hokimi bo’lganida iqtisod bilan puxta shug’ullangan. Bu arbob yutuqqa erishish uchun iqtisodiy o’sish muhimligini tushunadi va shu sabab AQSh bilan savdo va sarmoya imkoniyatlarini oshirishga intiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG