Breaking News

Obama Eron bilan erishilgan bitimni himoya qilmoqda


President Barack Obama speaks in the East Room of the White House in Washington, July 13, 2015.
President Barack Obama speaks in the East Room of the White House in Washington, July 13, 2015.

AQSh Prezidenti Barak Obama bugun Oq uyda Eron yadro dasturiga oid imzolangan bitimga munosabatini bildiradi.

Kongressdagi ayrim demokrat qonunchilar, aksariyat respublikachilar hamda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu nazarida shartnoma Eronni atom quroli yaratish yo'lidan qaytara olmaydi.

Obamaning "Nyu-York Tayms" gazetasiga aytishicha, so'nggi 10 yilda ilk bor Eron atom dasturini nazorat qilish imkoniyati paydo bo'ldi.

"Bu esa yadro quroli yaratilmasligini kafolatlaydi. Bu AQSh, Isroil hamda mintaqadagi ittifoqchilar milliy xavfsizligi uchun ahamiyatli bo'lib, regionda yadroviy qurollar poygasi ehtimolining oldini oladi", deydi Obama.

Unga ko'ra, AQSh prezidenti kim bo'lishidan qat'i nazar Eronga qarshi kuch ishlatishi yoki yangi iqtisodiy sanksiyalar kiritishi mumkin, albatta, biroq bitim Eron yadro dasturi haqida xabardor bo'lish imkoniyatini beradi va uning shartlari bajarilmasa, Tehronni jazolash uchun xalqaro hamjamiyat oldida qonuniy asos bo'ladi.

"Sanksiyalardan xoli Eron terrorizmga homiylik qilmasligi uchun Isroil va Fors ko'rfazidagi ittifoqchi davlatlar Erondan chiqayotgan pul oqimiga ko'z-quloq bo'lishi kerak", - deydi Obama.

AQSh rahbari kecha Eron bilan erishilgan kelishuvni Saudiya Arabistoni qiroli Solmon va Birlashgan Arab Amirliklarining valiahd shahzodasi Muhammad al Nahyon bilan muhokama qildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, bitimga muvofiq Eron mukammal sentrifugalari sonini uchdan ikkiga qisqartiradi, uran ma'lum darajadan ko'pga boyitilmaydi.

Tehron BMT qurol embargosining bekor qilinishini istagan edi, biroq taqiqni besh yilga qoldirishga kelishildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG