Breaking News

Obama: Matbuot nomzodlarni qattiqroq savolga tutsin


Prezident Obama Syrakuz Universitida jurnalistlar uchun Toner mukofotini topshirish marosimida so'zlamoqda.
Prezident Obama Syrakuz Universitida jurnalistlar uchun Toner mukofotini topshirish marosimida so'zlamoqda.

Prezident Barak Obama jurnalistlarni chuqurroq izlanib, talabchanroq bo’lishga undamoqda. Amerikada matbuot, so’z erkinligi bor ekanida sizning xizmatingiz beqiyos, dedi u.

Jahon yetakchilari Obamani Amerika siyosatida bugungi ahvol yuzasidan bot-bot savolga tutadi. Prezident saylovlari paytida yangrayotgan ziddiyatli, bema’ni va ahmoqona da’vatlar demokratiyani, jamiyatni yemirayapti, deydi Obama.

“Rasmiylar aql, fakt va tahlil bilan ish ko’rishni unutsa, haqiqatga asoslanishni lozim topmasa, bo’lg’usi avlodlar uchun qarorlar qabul qilishga yaramay qolamiz”, - dedi u.

Natijada asossiz bayonot, yolg’on gaplar gapirilaveradi, ularni savolga tutmaydi hech kim.

Prezident ommaviy axborot vositalari bugun moliyaviy jihatdan tang vaziyatda ekanini, xodimlar sonini qisqartirishga majbur ekanini tan oldi. Lekin shunday bo’lsa-da, jurnalistlar ishini davom ettirsin, deya undadi u, jamiyat faqat e’tibor-tortar jihatlar emas, balki mazmun va faktlarni ko’ra olishiga yordam bersin, dedi prezident.

“Elektorat adolatli, xolis ovoz berishi sizga bog’liq”, - deydi Obama.

Oq uy rahbari shu tariqa respublikachilardan prezidentlikka da’vogar Donald Trampga ishora qilmoqda. Biznesmen, milliarder matbuot, televideniyeni egallab olgan.

Obama Vashingtonda siyosatni yoritayotgan jurnalistlarni mukofotlash marosimida so’zladi. “Nyu-York Tayms” gazetasining tajribali ayol muxbiri Robin Toner sharafiga nomlangan bu sovrin joriy yilda puxta jurnalistik tekshiruvlari bilan tanilgan "ProPublica" nodavlat tashkiloti xodimi Alek Makgillisga berildi. Makgillis saylovlarni moliyalash, lobbichilik kabi mavzularni yoritib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG