Breaking News

AQSh Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytiradi


Prezident Barak Obama, Oq uy oldida, 20-mart, 2014
Prezident Barak Obama, Oq uy oldida, 20-mart, 2014
AQSh rahbari Barak Obama Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytiradi va Ukrainaga yordamni oshiradi.

Bu hafta boshida joriy etilgan cheklovlarga qo'shimcha ravishda yangi sanksiyalar qo'yiladi. Kreml va unga aloqador shaxslar va bizneslarning hisob raqamlari va mulklari muzlatiladi, Amerikaga safar qilishi man etiladi va umuman bu davlat bilan aloqasi taqiqlanadi.

Ukraina hukumatiga har tomonlama ko'mak ko'rsatishni ko'zda tutuvchi qonun loyihasi Kongressda muhokama qilinmoqda va har ikki partiya uni ma'qullashi kutilmoqda.

"Ukraina mustaqil va suveren davlat. Uning hududiy yaxlitligini buzib, uning bir qismini xalqaro qonunlarga zid ravishda o'ziniki qilib olish global tizimga raxna solish bilan barobar",- deydi Obama.

Obamaning aytishicha, Yevropadagi ittifoqdosh davlatlar ham Rossiyaga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish harakatida.

Kelasi hafta Katta Yettilik Gollandiyada uchrashib, Rossiya xatti-harakatlarini muhokama qiladi. Seshanba kuni Gaagada o'tadigan bu majlisda Kremldan hech kim ishtirok etmaydi. Amerika va Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyani yakkalash va u bilan munosabatlarni cheklash taraddudida.

Katta Sakkizlik iyun oyida Rossiyaning Sochi shahrida yig'ilishi kutilayotgan edi. Ko'plab davlatlar, xususan, Amerika va uning ittifoqchilari qatnashmaslikka qaror qilgan.

Gaagadagi sammitda Rossiyani Katta Sakkizlikdan chiqarib yuborishga ahd qilinishi mumkin.

Moskva nazarida bu xato bo'ladi. Qrimning Rossiyaga kirishi qonuniy va xalq irodasiga asoslangan o'zgarish bo'ldi, deydi prezident Vladimir Putin.

Uning fikricha, G'arbning g'azabi asossiz va xalqaro qonunlarni buzdi, degan ayblov o'rinsiz.

Rossiya Amerika sanksiyalariga javoban Vashingtondagi to'qqiz arbobga cheklov qo'ygan. Xususan, Kremlning ashaddiy tanqidchilaridan bo'lgan respublikachi senator Jon Makkeyn, demokrat senator Robert Menendez, Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner va boshqalar. Shuningdek, Senatda demokratlar sardori Garri Rid va bu palata a'zolaridan Meri Landryu, Den Kouts. Prezident Obamaning yaqin maslahatchilari Den Fayffer, Ben Rouds va Kerolin Atkins.

Senator Makkeyn Rossiya sanksiyasiga tushganidan faxrlanishini aytmoqda.

"Qrimni o'z ichiga olgan Ukraina erkinligi va mustaqilligini quvvatlashda davom etaman", - deydi u.

AQSh Moliya vazirligi e'lon qilgan ro'yxatga Rossiyaning yana 20 rasmiysining ismi qo'shilgan.

Jumladan, Aleksey Gromov, Putin ma'muriyati rahbarining birinchi muovini; Sergey Ivanov, prezident devoni rahbari va Sergey Narishkin, Duma spikeri.

Shuningdek, yirik biznesmenlar Arkadiy va Boris Rotenberg; Rossiya temiryo'li rahbari Vladimir Yakunin va tadbirkor Gennadiy Timchenko, "Volga Group" prezidenti.

Muxolifatchi blogger Aleksey Navalniy nazarida AQSh qo'ra ro'yxatiga Rossiya milliarderlari, G'arbda biznes qiladigan Alisher Usmonov va Roman Abramovichni ham qo'shish kerak. Usmonov shu hafta AQShning "Apple" va "Facebook" kompaniyalaridagi hissalarini sotib yubordi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG